AQSh va O'zbekiston aloqalarida e'tiqod erkinligi hamon muhim omil. Muloqot davom etmoqda, deydi rasmiylar. Vashingtonning Toshkentga savoli ko'p.
Oliy Majlis a'zosi, Qonunchilik palatasida Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov bu hafta Vashingtonda bo'ldi.
Saidov AQShga O'zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Senator va uning Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Alisher Kurmanov, Islom madaniyati markazi rahbari Shoazim Minovarov bilan keldi.
Maqsad nima? Bugungi O'zbekistonda e'tiqod erkinligi bilan bog'liq vaziyatni Saidov AQSh hukumati, nodavlat tashkilotlari va taqvodorlariga qanday tushuntirdi?
O'zbekiston hamon diniy mahbuslar mamlakati, chora ko'rish kerak, degan chaqiriqlarga Saidov nima deydi?
Respublika yaqinda AQShning diniy erkinlik bo'yicha "Alohida xavotirga molik davlatlar" ro'yxatidan chiqdi. Bu tamg'a olingani Toshkent uchun siyosiy yutuq, lekin Vashingtondagi ayrim ekspertlar ta'biricha, mamlakatda vaziyat yaxshilanmasa, yana shu ro'yxatga tushishi kerak.
Akmal Saidov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, O'zbekistonda vijdon va e'tiqod erkinligi bobida hammasi joyida. Respublika AQShning maxsus xatloviga aslo qaytmaydi, chunki islohotlar samara berishiga ishonadi. Vashington rasmiylari, deydi u, aynan shu gaplar aytildi.
Oq uy, Kongress, Davlat departamenti va boshqa yuqori darajadagi idoralarda kechgan uchrashuvlarda diniy tashkilotlarni ro'yxatga olish, nohukumat muassasalar uchun sharoit va erkinlikni kengaytirish singari masalalar ham ko'tarildi. Toshkentdan kelgan delegatsiyaga ko'ra, yaqinda bu borada yangi qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Loyiha hozir muhokamada.
Huquq tashkilotlarining qayd etishicha esa qonun va qarorlar muhim, lekin o'zgarishlar amalda sezilishi va jadal tus olishi kerak.
Suhbatni tomosha qiling:
Facebook Forum