Breaking News

HRW: Germaniya O'zbekistonda islohotlar jadallashishi uchun harakat qilsin


Germaniya prezidenti yaqin kunlarda O'zbekistonga borar ekan, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti Frank-Volter Shtaynmayerga chaqiriq bilan chiqdi.

Shtaynmayer 27-29 may kunlari O'zbekistonda bo'lishi kutilmoqda. Shavkat Mirziyoyev boshchiligida islohotlar boshlandi, ko'plab o'zgarishlar qilindi, lekin tizim hamon avtoritar, deya tasvirlaydi HRW. Inson huquqlari hamon qo'pol ravishda buziladi, qiynoqlar kuzatiladi va xavfsizlik organlari keng va ko'p hollarda tekshirilmaydigan vakolatga ega.

O'zbekiston bugun dunyoga ochila boshlagan, xalqaro hamjamiyat bilan muloqotda va hamkorlik sari qadam tashlamoqda, deya e'tirof etadi HRW. Lekin bu hamkorlik O'zbekistonda yirikroq va konkret natijalarga yetaklashi kerak, deya undamoqda tashkilot.

HRWga ko'ra, O'zbekiston inson huquqlari bilan jiddiy shug'ullanadigan mahalliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazishi, jurnalistlarning erkin faoliyati uchun yo'lni kengroq ochishi; diniy erkinlik, adliya mustaqilligi va sobiq siyosiy mahbuslarning adolat izlashi uchun sharoit yaratishi kerak.

O'zbekistonda uzoq yillar bloklangan saytlar ochila boshladi, jumladan xorijiy axborot manbalari, xususan "Amerika Ovozi." Lekin "Ozodlik" hamon yopiq. HRW nazarida Germaniya prezidenti Toshkentda bu masalani ko'tarishi kerak. Tashkilot Shtaynmayerni internet erkinligi ta'minlanishi yo'lida hissa qo'shishga chorlamoqda.

O'zbekiston Germaniya bilan hamkorlikdan manfaatdor va Berlin buni hisobga olgan holda harakat qilishi kerak, deyiladi HRW bayonotida.

O'zbekiston hukumati islohotlarni amalga oshirishda HRW singari tashkilotlar bilan ishlashga moyilligi va ular muloqotda ekanini eslatib turadi. Huquq bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash uchun chora-tadbirlar ko'rilmoqda, deydi rasmiylar. HRW tahlilicha, bu islohotlar kuchayishi va jiddiyroq tus olishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG