Breaking News

O'zbekiston: Vakolat muddati tugayotgan parlamentda jonlanish?


Matbuot vakolat muddati tugab borayotgan O’zbekiston parlamentida uyg’onish kechayotgani haqida xabar bermoqda. Senat raisi Nig’matilla Yo’ldoshevning davlat tili haqidagi chiqishi, ayrim deputatlar ijtimoiy muammolarni ko’tarib chiqayotgani o’zgarishlar yuz berayotganidan darak sifatida taqdim etilmoqda.

Toshkentda O’zbekiston Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisi o’z ishini yakunladi. Matbuot bir yilga yaqin vakolat muddati qolgan parlamentda jonlanish alomati kuzatilayotgani haqida yozmoqda.

O’zbekistonda hokimiyat yangilangan bo'lsa-da, parlament o’zgargani yo'q. Navbatdagi saylovlar kelasi yil o’tishi kerak.

Amaldagi parlament Islom Karimov vafoti ortidan mamlakatda davlat boshqaruvi ziddiyatli amalga oshganini qo'llab-quvvatlagan, Senati raisi konstitutsiyaga muvofiq unga yuklatilgan vaqtinchalik davlat boshqaruvidan ixtiyoriy voz kechgan edi.

Bu qarorini siyosatdagi tajribasizligi, salomatligi ko’tarmasligi bilan izohlagan Nig’matilla Yo’ldoshevning vakolat muddati yakunlanish arafasida ekan, u ancha faollashgan ko’rinadi.

Senatning yalpi majlisi bir qator ijtimoiy muammolar ko’tarilishi bilan nazarga tushdi. Yo’ldoshev davlat tili maqomiga doir ma’ruza bilan chiqqan, qonun talablari bajarilmayotganini tanqid ostiga olgan.

"Sof.uz" internet nashrining xabar berishicha, Senat raisi o’z ma’ruzasida davlat idoralari tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlar, huquqiy hujjatlarning o’zbek tilidagi talqini mavjud emasligini ta’kidlagan, ayrim holatlarda “rus tilidagi matnga qarang” iborasi qo’llanilishini o’zbek tiliga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholagan.

Nig'matilla Yo'ldoshev O’zbekistonda salkam chorak asr davom etib kelayotgan boshqa bir dolzarb muammo - lotin va kirill imlosi masalasiga ham to’xtagan. Lotin imlosida savod chiqargan avlodning yoshi bugun 23 dan oshgani, ilmiy, siyosiy, adabiy va boshqa adabiyotlarning kirill alifbosida qolayotgani bu yoshlarningilm olish imkoniyatini cheklayotgani haqida gapirgan.

O’zbekistonda davlat tilining tobora zaiflashib borayotgan maqomi, kirill va lotin imlosi tanlovi o’rtasidagi mavhumlik yosh avlodni savodsizlikka itarayotgani haqidagi qarashlar jamoatchilikda muhokamaga chiqqan.

Matbuotga ishonilsa, bu muammo birinchi bor hokimiyatning asosiy bo’g’inlaridan biri bo’lgan Oliy Majlis Senatida muhokamaga qo'yilgan. Ammo yalpi majlis yakunlari to'g'risidagi rasmiy axborotda Nig’matilla Yo’ldoshev davlat tili maqomi haqida ma’ruza qilgani yuzasidan biror ma’lumot yo’q.

Matbuot yalpi majlis avvalgi yig’ilishlardan farqli o’tgani, senatorlar, deputatlar o’tkir muammolarga e’tibor qaratayotgani haqida yozmoqda. Xususan, huquq-tartibot idoralari vakillari sodir etayotgan jinoyatchilikka diqqat qaratilgani, maktab, shifoxonalarni qish mavsumiga hozirligi tanqid ostida olingani ta’kidlanadi.

2014-yilda o’tkazilgan saylovlar ortidan shakllangan parlamentda mazkur jonlanish deputatlar vakolat muddatining so’nggi yiliga to’g’ri kelmoqda. Bundan oldin deputatlar islohotlar davrida ham biror bayonot, muhokamalar bilan jamoatchilik diqqatiga tushgani sezilmaydi.

Oliy Majlisdagi ayrim duputatlargina jamoatchilik orasidagi u yoki bu muammolarga o’z vaqtida munosabat bildirgani bilan ko’zga tashlandi. Parlamentda jiddiy munozara ham, fraksiyalar o’rtasida raqobat ham yo’q.

Oliy Majlis Senati, amaldagi raisi Nig’matilla Yo’ldoshev boshchiligida, konstitutsiyadagi ziddiyatga qaramasdan davlat boshqaruvi vaqtinchalik Shavkat Mirziyoyevga topshirilishini to’liq qo’llab-quvvatlagan edi.

Prezidentlik saylovlarida Mirziyoyevga muqobillik qilgan siyosiy partiya liderlari raqobati ham Karimov davrida urfga kirgan “demokratiya o’yini” bilan cheklangan. O’zbekistondagi o’zgarishlarning burilish nuqtasi aynan kelgusi parlament saylovlaridan boshlanadi, degan umidlar ham yo’q emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG