6-dekabr kuni Sankt-Peterburgda kutilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) norasmiy sammiti arafasida e’lon qilingan ijtimoiy so’rovga ko'ra, Shavkat Mirziyoyev rossiyaliklar ishonchini oqlashda davom etmoqda.
O'zbekiston rahbari mazkur sammitda ishtirok etishi tasdiqlangan. MDH prezidentlari bu yig’inda 2019-yil uchun rejalangan hamkorlikni muhokama qilishadi. Mirziyoyevga nisbatan rossiyaliklar ishonchi ortayotgani uning hukumati xalqaro masalalarda Rossiya pozitsiyasini faol qo’llay boshlagani, O’zbekistonda esa rus tili ko’lami yuksalib borayotgani bilan izohlanadi.
MDH prezidentlariga bo’lgan ishonchni aniqlash uchun jamoatchilik fikrini o’rganish Rossiya Markazi tomonidan o’tkazilgan so’rovda Shavkat Mirziyoyev rossiyaliklar ishonchi bo’yicha 6-o’rinda qayd qilingan.
Markazning o’tgan yilgi so’rovida u 9-o’rinni egallagani inobatga olinsa, qolaversa, munosabatlar Islom Karimov davri bilan solishtirilganda, rossiyaliklarning Mirziyoyevga bo'lgan ishonch reytingi ko'tarilayotganini ko’rish mumkin.
Bu ishonch O'zbekiston hukumati xalqaro minbarlarda Moskva pozitsiyasini ochiq qo’llayotgani, Qrim ishg’olini deyarli tan ola boshlagani, Rossiya biznesiga, rus tiligaO’zbekistonda keng yo’l ochib berilayotgani bilan izohlanmoqda.
Bundan qat’i nazar, rus matbuotida O’zbekistonda rus tilini rivojlantirish uchun Moskvani yanada faolroq bo’lish chaqiriqlari yangramoqda. "Regnum" agentligi 3-dekabr kuni e’lon qilingan maqolasida Rossiya parlamenti raisi o’rinbosari Gennadiy Onishenkoni O’zbekistondagi uchrashuvlari haqida xabar beradi.
Maqolaga ko’ra, Onishenko Toshkentdagi rusiyzabon aholi, vatandoshlar bilan uchrashuvlar o’tkazgan, rus tilining O’zbekistonda qo’llanishini yanada kengaytirish masalasi muhokama qilingan.
Jumladan, Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi xalqaro aloqalar jamoatchilik kengashi raisi Abu-Ali Niyozmetov kiril-lotin yozuviga o’tish jarayoni o’zbek tilli maktablarda ta’lim sifatini keskin tushirib yuborgani, bunday sharoitda rus tilli maktablarga ehtiyoj jiddiy kuchaygani, Rossiya O’zbekistonda shunday maktablarni qurish, ko’paytirish uchun mablag’ ajratishi lozimligi haqida gapirgan.
Gennadiy Onishenkoning vatandoshlar bilan o’tgan uchrashuvida G’arb davlatlarining yoshlar ongiga salbiy ta’siri, ingliz tilini egallagan yosh o’zbek mutaxassislarning aksariyati rus tilidan uzoqlashayotgani xavotirli ishora sifatida ta’kidlangan. 3,5 millionga yaqin o’zbekistonlik mehnat muhojirlariga izzat ko’rsatilsa, ular Rossiya manfaatlarini yoyish uchun yumshoq kuch vazifasini o’ta olishi ta’kidlangan.
Mahalliy faollar O’zbekistonda ijtimoiy-siyosiy hayotda Rossiya manfaatlari, rus tili imkoniyatlarini kengaytirish yangi bir to’lqinga chiqqani, bu to’lqin o’zbek tili qadrsizlanayotgani hisobiga bo’layotganini taassuf bilan ta’kidlashadi.
Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekka ko’ra, o’zbek davlatchiligida milliy mafkura shakllanmadi, avvalo hokimiyatning o’zida milliy til istiqboliga ishonch paydo bo’lmadi.
“Davlatchilik, milliy mafkura hammasi qog’ozda qolib ketdi, bu narsa sovet davridan qanday kelgan bo’lsa shundayligicha qog’ozda qoldi. Davlatchilik mafkurasini, umuman, konstitutsiyani har bir bandiga amal qiladigan bo’lsak, shundagi zamonaviy demokratik qadriyatlar mavjud davlatlar qatoriga tirkalishimiz mumkin. Ayni paytdagi o’zgarishlar esa yaxshi emas, ayniqsa til siyosati masalasida, bu boradagi qarama-qarshilik mutlaqo kuchaygan. Rus tilini qo’llanilishi ijtimoiy hayotda mustaqillikdan avval qanday bo’lsa, shu darajaga yetib qolgan. O’zbek maktablarining qadri tushib ketgan, ular rus maktablariga aylantirilmoqda. Adabiyot masalasida ham shu, mustaqillik, milliy ozodlik uchun kurashgan adiblar yana hukumat nazaridan chetda, taqiqlanmoqda”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Rossiya ishtirokining O’zbekistonda kengayib borayotgani jurnalistik surishtiruvlarga ham sabab bo’lgan. Avvalroq Shotlandiyadagi "The Herald" nashri Rossiya biznesi G’arbda ro’yxatdan o’tkazilgan offshor kompaniyalar vositasida O’zbekiston iqtisodiyoti ustidan nazorat o’rnatayotgani haqida maqola chop etgan edi.
Facebook Forum