O’zbekiston va Germaniya prezidentlari ishtirokida Toshkentda o’tgan brifingda Frank-Volter Shtayenmayer Germaniya tomoni O’zbekistondagi o’zgarishlarni hurmat bilan kuzatib borayotganini ta’kidlar ekan, o’zbek hukumatini bu islohotlarni davom ettirish yo’lida qat’iylikka chaqirdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat islohotlar yo’lidan orqaga qaytmasligi, islohotlardan o’zga chora yo’qligini ta’kidlagan.
Germaniya O’zbekistondagi islohotlarni qo’llab-quvvatlash uchun 120 million yevro miqdorida mablag’ ajratishga va’da bergan.
Toshkentdagi muzokaralarda Germaniyaning “Volkswagen” kompaniyasi bilan avtomobil ishlab chiqarishga doir hamkorlik shartnomasi imzolangan.
27-may kuni Toshkentga kelgan Germaniya prezidenti rasmiylar bilan muzokaradan tashqari fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashdi.
Huquq himoyachilari qatnashgan bu muloqotda Germaniya prezidenti bilan mamlakatdagi inson huquqlariga oid muammolar haqida gaplashilgan; Shtayenmayer bu muammolar yechimida huquq himoyachilariga yordam ko’rsatishga va’da bergan.
Uchrashuv ishtirokchilaridan biri, huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko’ra, suhbat davomida Prezident Mirziyoyev islohotlari siyosiy sohani chetlab o’tayotganiga, diniy mahbuslar hamon qamoqda qolayotganiga diqqat qaratilgan.
“Germaniya prezidenti bilan o’tgan uchrashuvda fuqarolik jamiyati vakillaridan olti kishi qatnashdi, ulardan uch nafari huquq himoyachilari. Muloqot bir soatdan ortiq davom etdi, vaziyat haqida savollar berdi, biz javob berdik. Men islohotlarning asosan iqtisodiy sohaga oid bo’lib qolayotgani haqida gapirdim. Lekin siyosiy sohada biron narsa bo’lmayotgani, masalan, oldingi prezident bilan bo’lgan ahvol haqida hozirgi prezident Mirziyoyev indamayotgani, siyosiy masalada umuman hech narsa bo’lmayotgani, biz buning sabablarini bilishni istashimiz haqida gapirdim. Keyin qamoqdagi diniy faollarni ozod qilish, xalqaro tashkilotlarni ro’yxatdan o’tkazishga yordam ko’rsatishga doir o’z murojaatimni berdim. Germaniya prezidenti bu masalalarni ijobiy hal qilishga harakat qilishga va’da berdi”, - deydi Surat Ikromov.
Prezident Shtayenmayerning O’zbekistonga tashrifi arafasida inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch maxsus bayonot tarqatib, Germaniya prezidentidan islohotlarni tezlashtirish uchun O’zbekiston hukumatiga ta’sir o’tkazishni so’radi.
Tashkilotga ko’ra, Germaniya O’zbekistonga mablag’ kiritayotgan tomonlardan biri ekanligi Shtayenmayerga islohotlarni jadallashtirish talabini qo’yishga asos beradi.
Huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko’ra, Shtayenmayer tashrifi doirasidagi manzara Germaniya O’zbekistonga jiddiy qiziqayotganidan, islohotlarni izchillik bilan kuzatish qaroridan darak beradi.
“Germaniya davlati katta investitsiya kiritmoqchi O’zbekiston iqtisodiga. Ular O’zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor beryapti, chunki shunday harakati sezilyapti. Masalan, shu bir haftaning ichida uchta nemis nashri, televideniyesi mendan intervyu oldi, ular O’zbekistondagi voqealarga katta qiziqish bildirmoqda. Men bundan xursandman, chunki Germaniya boy, rivojlangan davlat. Agar ular katta investitsiyalar kiritsa, bu juda yaxshi biz uchun, bugun mana Xorazmga ketishgan, u yerda ham katta loyihalar bo’yicha muhokama borishi aytilmoqda. Shuning uchun ham umid bor rivojlanish bo’lishiga”, - deydi Surat Ikromov.
Nemis matbuotidagi chiqishlarga ko’ra, Shtayenmayerning O’zbekistonga tashrifidan asosiy maqsad Mirziyoyev yetakchiligidagi yangi hokimiyatni islohotlarni jadallashtirishga undashdir.
O'tgan uch yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor G’arb davlatlariga rasmiy safar uyushtirganiga qaramasdan, Yevropa jamoatchiligi, shu jumladan, ishbilarmon doiralarning O’zbekistonga nisbatan munosabatidan ehtiyotkorlik arimagani ta’kidlanadi.
Prezident Shtayenmayer sal kam 20 yillik tanaffusdan so’ng O’zbekistonga tashrif buyurgan Yevropa davlatining oliy maqomdagi dastlabki rasmiysi ekanligi qayd qilinmoqda.
Germaniyada prezident vakolati cheklangani, asosan ramziy lavozim ekanligi inobatga olinsa, tashrif haqiqatda O’zbekistonni islohotlarga rag’batlantirishga berilgan ishoradek ko’rinadi.
Facebook Forum