Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya safarini Myunxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder va nemis ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar bilan yakunladi.
Berlindagi muzokaralarda tomonlar qiymati sakkiz milliard yevroga yaqin shartnomalarga kelishishgani ma’lum qilndi. Bu Mirziyoyevning rasmiy safarlari davomida imzolangan yirik bitimlardan biri, ammo hozircha tafsilotlari ochiq emas.
Matbuotga ko'ra, Germaniya bizneslarining O’zbekistonga qiziqishi kuchaygan. O’zbekiston 33 millionlik iste’mol bozoriga ega va Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyati, deya ta'kidlandi.
Mirziyoyevning Germaniyaga safaridan asosiy maqsad ham nemis sarmoyasi, texnologiyasini O’zbekistonga jalb etish edi. Bu maqsad qanchalik amalga oshganini hozir xulosalash qiyin. Kansler Angela Merkel bilan muzokaralarda Mirziyoyev iqtisodiy hamkorlikka alohida urg'u bergan.
Mirziyoyev safarining ikkinchi kuni Germaniyaning asosiy iqtisodiy hududlaridan bo’lgan Bavariyada o’tdi. Myunxenda yetakchi nemis kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvda prezident mamlakatdagi "shiddatli iqtisodiy islohotlar", O’zbekiston bozoridadagi imkoniyatlar haqida gapirib, ularni mamlakatga taklif qilgan.
Merkel Mirziyoyev bilan ko'rishganida O’zbekistondagi islohotlarni maqtagan. Kansler Germaniya respublikada inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi harakatlarni quvvatlashga tayyorligi, ijobiy o’zgarishlar davom etadi, degan umidda ekanini aytgan.
Nemis matbuotida chiqqan materiallar O’zbekistondagi turg’unlik davri, Islom Karimov va hozirgi rahbar siyosati haqida bo'lib, ular qiyoslanadi.
Mamlakatdagi yirik nashrlardan biri “Der Tagisspigel” gazetasi “O’zbekistonlik qiyin mehmon” nomli maqola chop etdi. Unda oliy darajadagi mehmon hukmronligi ostida O'zbekiston siyosiy va inson huquqlariga oid muammolardan xoli emas, deya qayd etiladi.
Maqola Karimovdan keyingi O’zbekistonda Mirziyoyev ijobiy o’zgarishlar qilayotgani, ammo boshqaruv avtoritar qolayotgani ta'kidlanadi. Hokimiyat topshirig’i bilan amalga oshirilayotgan o’zgarishlarni shu hokimiyatning buyrug’i bilan yo’qqa chiqarish juda oson, deya tahlil qilinadi bu maqolada.
“Suddeutschezeitung” nashri Mirziyoyev islohotlarini “Markaziy Osiyocha perestroyka” sifatida taqdim qilgan. Gazetaga ko’ra, Karimov davrining sobiq amaldorlaridan bo’lgan Mirziyoyev mamlakatda yumshoq islohotlar qilmoqchi, ammo u siyosiy erkinliksiz o‘zgarishlar bo’lmasligini ham yaxshi bilishi kerak.
“Yangi kurs va qora o’tmish” deb nomlagan maqolada “Frankfurter Allegemeine” gazetasi mamlakatning kechagi va bugungi kunini qiyoslaydi. Yangi rahbariyat nemis sarmoyasi va sayyohlarini jalb etishga qaror qilgan, ammo o’tmishga xos siyosat hamon kuchda, deya sharhlanadi bu nashrda.
Berlindagi o’zbekistonlik jurnalist Galima Buxarbayeva O’zbekiston ichki va tashqi siyosatda ham erkinlikka muhtoj, mamlakatda so’z erkinligi hamon ta'qib ostida, deya yozadi.
O’zbekiston matbuoti tashrifni aloqalardagi yangi bosqich sifatida taqdim etmoqda.
“Cheraga bilmas muxbirlar” tashkilotining Berlindagi ofisi rahbari Kristian Mir “Nemis to’lqini” bilan muloqotda matbuot hali ham hukumat tomonidan jilovlangan, sobiq Bosh vazir Mirziyoyev turg’unlik davridan qolgan boshqaruv uslubidan voz kechishga, oshkoralikka shoshilmayapti, deya ta’kidladi.
Hokimiyatga kelganiga ikki yil o'tib ham Mirziyoyevning rasmiy tashriflari matbuot uchun ochiq emas. Jurnalistlarning savol berishi cheklangan. Prezident ayrim muxbirlar bilan salomlashgani inobatga olinmasa, Germaniya safarida ham mamlakatdagi islohotlar, inson huquqlari, so’z erkinligiga oid vaziyat yuzasidan biror savolga imkoniyat qoldirmadi.
Facebook Forum