Germaniya Kansleri Angela Merkel O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan so’z erkinligi yuzasidan muzokara o’tkazishga chaqirilmoqda. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti bayonotida ta’kidlanishicha, Mirziyoyev so’z erkinligini ta’minlashda kosmetik, zaif choralar bilan cheklanib qolmasligi kerak.
Islohotlarga qaramasdan mamlakatda internetdagi tanqidiy nashrlar blokda, mustaqil jurnalistlarga O’zbekistonda ishlashga ruxsat berilmayapti. Jurnalistlarning qamoqdan chiqarilgani prezident obro’sini ko’tarish uchun ishlatilmasligi kerak.
"Chegara bilmas muxbirlar" bayonoti 21-yanvar kuni Berlinda Merkel va Mirziyoyev o’rtasida kutilayotgan muzokaralar arafasida tarqatilmoqda.
Unda so’z erkinligi bo’yicha O’zbekistondagi so’nggi ikki yildagi vaziyatga diqqat qaratilgan, Mirziyoyev yetakchiligida ko’rilgan choralar zaif qadamlar sifatida baholangan.
Tashkilot Angela Merkelni O’zbekistondagi so’z erkinligiga oid vaziyatga ta’sir ko'rsatishga chaqirar ekan, O’zbekiston tomoni Germaniya fuqarolari uchun vizali tartibni bekor qilgan bir paytda, mustaqil jurnalistlarning mamlakatga kirishiga doir taqiq kuchda qolayotganini ta’kidlaydi.
Tashkilotga ko’ra, Germaniya O’zbekiston bilan hamkorlikda faqatgina iqtisodiy sohaga tayanib qolmasligi, o’zining siyosiy nufuzini ishga solishi lozim.
"Chegara bilmas muxbirlar" Mirziyoyev davrida ozodlikka chiqqan jurnalistlar taqdiri, ularning haq-huquqlari tiklanishi zarurligiga, aks holda bu jurnalistlar Mirziyoyev obro’sini ko’tarish uchun qamoqdan chiqarilgandek taassurot uyg’otishiga diqqat qaratadi.
Xalqaro tashkilot O’zbekiston hukumati “Amerika Ovozi” muxbiri Navbahor Imamovaga mamlakatda ishlash uchun ruxsat berganini olqishlaydi, ammo ko’plab boshqa mustaqil nashrlar to’siq ortida qolayotganini qayd etib, mamlakatda internet senzurani bekor qilishga chaqiradi.
Masalan, Germaniyada yashayotgan o’zbekistonlik mustaqil jurnalist Galima Buxarbayevaning mamlakatga kirishiga taqiq qo’yilgan. Hukumat Buxarbayeva muharrirligidagi Centre1.com nashrini ro’yxatga olishni rad etgani misol qilib keltiriladi.
Galima Buxarbayeva Andijon fojiasi ortidan O’zbekistondan chiqib ketishga majbur bo’lgan jurnalistlardan biri. Germaniyada yashab, faoliyatini davom ettirgan.
Buxarbayevaning aytishicha, u muharrirlik qiladigan nashrning O’zbekistonda ro’yxatga olinmasligi sabablari aniq ko’rsatilmagan, bu haqda faqat Germaniyaning O’zbekistondagi elchixonasiga bildirish jo’natilgan xolos.
Jurnalist fikricha, Germaniya so’z erkinligi bo’yicha O’zbekistonga ta’sir o'tkazishi qiyin, Mirziyoyev hamon mustaqil nashrlardan qo’rqish hissidan qutulmagan.
“O’zbekiston hukumati ochiqlikka tayyor emas, ayniqsa so’z erkinligi sohasida so’nggi 30 yil davomida amalda bo’lib kelgan tajribadan voz kechish niyatida emas. O’zbekistonda mustaqil nashrlardan manfaatdorlik yo’q, bunday nashrlardan hamon qo’rqishadi. Bugun Mirziyoyev mamlakat imidjini yaxshilashga harakat qilyapti, buning uchun hatto ayrim jurnalistlar tanlab ham olinmoqda. Ammo 27 yillik turg’unlikdan qutulgan mamlakat rahbari bu bilan navbatdagi xatoga yo’l qo’ymoqda, chunki O’zbekistonda so’z erkinligi to’liq o’rnatilmas ekan, rivojlanish ham bo'lmaydi”, - deydi Buxarbayeva.
Merkel va Mirziyoyev o’rtasidagi muzokaralar Berlinda o’tadi. O’zbekiston tomoni tarqatgan ma’lumotga ko’ra, uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, siyosiy-iqtisodiy hamkorlik muhokama qilinadi.
Facebook Forum