Breaking News

BMT: O'zbekistonda islohotlar qanday ketmoqda?


BMTning O'zbekistondagi bosh vakili Helena Freyzer "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Nyu-York, 23-sentabr, 2019
BMTning O'zbekistondagi bosh vakili Helena Freyzer "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Nyu-York, 23-sentabr, 2019

Birlashgan Millatlar Tashkiloti O'zbekistonda "transformal o'zgarishlarni" kuzatmoqda, deydi Toshkentdagi bosh vakil, Helena Freyzer (Helena Fraser), Nyu-Yorkda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. Diplomat bilan Bosh Assambleyaning yillik sessiyasi arafasida, global iqlim haqidagi sammitlar ketidan gaplashdik.

O'zbekistonda islohotlar jarayoni, BMT nazarida, qanday kechmoqda? Tashkilotning roli nimadan iborat? Hukumat va xal q unga nima uchun ishonishi va tayanish kerak?


BMT bosh qarorgohi, Nyu-York, 23-sentabr, 2019

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizni Nyu-Yorkda ko'rib turganimizdan xursandmiz.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Men ham juda xursandman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Chiqdingiz. O'zbekiston delegatsiyasi bilan... Nimasi bilan ahamiyatli bu yig'in?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Shvetsiyalik yosh faol Greta Tunbergning so'zlari bilan esda qoldi, nazarimda. Prezidentlar, bosh vazirlar, tashqi ishlar vazirlariga qarab, "Bizning avlodimizni shunday kunlarga olib keldingiz... Xatolaringizni tan olib, endi biz bilan ishlashingiz kerak. Agar bizni quvvatlamasangiz, bilingki, yosh avlod sizni aslo kechirmaydi", - dedi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Keksa avlodni sayyoradagi bugungi iqlim sharoiti uchun aybladi, demak?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Muammolarga qarshi vaqtida chora ko'rmagani uchun... BMT Bosh kotibi [Antonio Gutterish] dediki, bu sammit gap sotish uchun tashkil qilinmadi. Bu sammit harakat va amaliy ishlar qilish uchun o'tkazildi. Davlatingiz yirik yoki buyuk ekani uchun chaqirilmadingiz. Davlatingiz iqlim ravnaqi uchun nima qilmoqda? Nima qilishga bel bog'lagansiz? Bir necha davlatning rahbarlari so'z olib, 2050-yilgacha uglerod chiqindisi miqdorini nolga tushirishni va'da qildi.

Yana ko'plab e'lon va bayonotlarni eshitdik. Kanadaning Montreal shahri meri ulkan va'dalar berdi. Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg ham katta nutq so'zladi. Butun dunyodan vakillar keldi, lekin eng yodda qolgani shu shved faoli.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston Oliy Majlisidan vakillar kelgan.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Ha.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hukumatdan ham vakillar bor.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Ha.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz ular bilan ham gaplashayapmiz. Lekin bizga sizning ular haqidagi fikringiz qiziq. Ular bu yerga kelishdi. Bu katta, global sammitda qatnashishdi. Montreal va Nyu-York iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi qanday kurashayotgani haqida eshitishdi. Vatanga qaytgach bu arboblar nima qila oladi?

O'zbekistonda tokni ayab ishlatishni yo'lga qo'yish kerak. Afsuski, bu masala endi dolzarblashmoqda.


Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Gap faqat bu tadbirda emas. Biz, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi, Oliy Majlis va O'zbekiston hukumati bilan bu masalalar yuzasidan yaqindan ishlayapmiz. O'zbekiston o'z zimmasiga qator majburiyatlarni olgan va yaqinda bu borada e'lon qildi. Hisobot beriladi. Zaharli gazlar chiqindisini 10 foizga kamaytirmoqchi. Parij konvensiyasi va Montreal protokoli bo'yicha ishlayapti.

Yangilanuvchi energiya sohasini rivojlantirish borasida ham harakatlar jadallashgan. Birga ishlayapmiz. O'zbekistonda tokni ayab ishlatishni yo'lga qo'yish kerak. Afsuski, bu masala endi dolzarblashmoqda. Oldin uy-joy qurilganida bunga e'tibor berilmagan. BMT Taraqqiyot dasturi O'zbekistonda uglerod gazlari chiqindisini kamaytirish bo'yicha hukumat bilan hamkor.

Islohotlar: BMTning O'zbekistondagi bosh vakili bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:21:57 0:00

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati rasmiylari ekologiya va iqlim haqida gapirganida masalani ko'proq mintaqaviy ko'lamda ko'radi va ularning yechimi ham regional sa'y-harakatlar talab qiladi deya fikrlaydi. Sizningcha, Ozbekistonda ekologik ogohlik hozir qay darajada? Qishloq xo'jaligi, ichimlik suvi bilan bog'liq masalalar yuzasidan, masalan. Hozirgina xorazmlik yosh faol bilan gaplashdik. Uningcha, suv, yer va havo zaharlangan.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Agar bu faol yetti ming odam ichidan tanlangani va aynan ekologik faolligi uchun ko'zga tushganini hisobga olsak, O'zbekistonda vaziyat u qadar yomon emas. Bu shundan dalolatki, O'zbekistonda yosh avlod tabiat va atrof-muhit bilan bog'liq muammolarga befarq emas. Ekologiya bo'yicha davlat qo'mitasi rahbari aytgan edi menga: "Biz bog'chadan boshlab bu haqda bilim berishimiz kerak. Suvni ayab ishlatishni o'rgatish lozim. Uni isrof qilish hamisha achinarli".

Hukumat bu muammoga qarshi kurash yo'lida sarmoya qilmoqchi. Qilinadigan ishlar talay. Mahalliy faollar bor va ular odamlarni ogoh qilish bilan band. Albatta mintaqaviy yondashuv ham zarur. Har bir muammoga qarshi mahalliy, ya'ni pastdan ham, shu bilan birga umummamlakat va regional miqyosda, ya'ni tepadan ham chora ko'rish lozim.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Har tarafdan.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Har tarafdan... O'zbekistondan delegatsiya kelgani ayni muddao va arzigulik taassurotlar bilan qaytmoqda. Katta davlatlar nima qilayotgani, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarni bartaraf etish uchun qanday choralar ko'rayotgani bilan tanishishdan O'zbekiston ham manfaatdor. Yangi ma'lumotlar, bilim insonni harakatga chorlaydi. Qo'shnilar bilan ham hamkorlik qilish uchun sabablar ko'p.

Orol dengizi, O'zbekiston
Orol dengizi, O'zbekiston

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizning yetakchiligingizda BMT O'zbekistondagi faoliyatini kengaytirgan. Oxirgi marta gaplashganimizda BMTning 10 agentligi ishlayapti, degan edingiz. Ular qurib borayotgan Orol dengizi bilan bog'liq muammolar ustida bosh qotirmoqda, degandingiz.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Xuddi shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Orol bo'yida progress bormi?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Orol dengizining qurishi - fojia. BMT uni tiklay olmaydi. Dengiz qaytmaydi. Lekin biz u yerdagi aholiga yordam bera olamiz. Ularning hayotini yaxshilay olamiz. Innovatsion, texnologik jihatdan yangiliklar olib kela olamiz. Hukumat bilan hamkorlikda BMT guruhi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tahlil qilib chiqdi. To'rt million odam hayotini o'rgandik, ularning dardini tingladik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ma'lumot to'plandi.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Ha. Zarur choralar ko'rish va to'g'ri siyosat olib borish uchun bu ma'lumotlar judayam zarur. Bunday izlanishlar oldin olib borilmagan.

Tabiiyki, odamlarga ish kerak. Sog'liqni saqlash, ichimlikm suvi, ilm olish imkoniyati, dori-darmon. Endi mana hukumatga bu xizmatlarni ko'rsatish, sharoitni yaxshilash uchun yordamlashamiz. Tuz ko'pligi bois ekinzorlarning sifati pasayib ketgan. Buni tuzatish kerak. Ilg'or texnoligiyaga ehtiyoj katta. Boshqa davlatlarning tajribasidan o'rganish kerak. Yangi sohalarga asos solish zarur. Odamlarning ko'nikma va malakalarini oshirishimiz lozim. Ya'ni, Orol dengizi endi yo'q lekin hayot davom etishi kerak. Maqsad - insonlar hayotini osonlashtirish.

UNICEF va UNFPA ona va bola salomatligi bo'yicha loyihalar olib bormoqda. Bu xalq bilan yaqindan ishlashni taqozo etadi. O'tgan olti yilda ancha yutuqlarga erishildi. Sog'liqni saqlash bobida sharoit yaxshilandi, deya olamiz.

Hozir Orolbo'yi aholisiga xizmat ko'rsatish tizimlari mavjud. Xalqaro jamg'arma ham tuzildi. O'tgan yildan beri mablag' yig'ilmoqda. Fuqaro jamiyati bosh qo'shgan, mahalliy tashkilotlar jonbozlik ko'rsatmoqda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilishimizcha, 8 million dollar yig'ilgan bu fondda hozirgacha.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Shunday. O'zbekiston hukumati, Norvegiya va Yevropa Ittifoqi o'z hissasini qo'shgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu mablag' Orolbo'yi hududlari ravnaqi uchun sarflanishi kerak, to'g'rimi?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: BMTdan hukumatlar orqali mahalliy tizimlarga boradi. Jarayon BMT iznida. Hukumatda Orolbo'yi maqsadlari uchun allaqachon ajratilgan millionlab dollar bor. Bu fond ularga emas. Bu pul vaziyatni yaxshilash uchun alohida ishlatiladi. Globa tajribaga tayangan holda va davomiy ijobiy o'zgarishlar qilish uchun. Albatta, hukumatning ham roli bor. Fondda pul ko'payishi uchun targ'ibot ishlari olib borish kerak. Donorlarga murojaat qilib, muammolarni tushuntirish kerak, yechim yo'llari haqida ma'lumot berish kerak.

BMT nazarida O'zbekistondagi bugungi jarayonlar transformatsion o'zgarishlardir, ijobiy tomonga. Qilinishi kerak bo'lgan ishlar hali juda ko'p. Hukumat qattiq ishlayapti. Prioritetlar belgilangan.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumatini hamkor deb bilasiz. Prezident Mirziyoyev va uning ma'muriyati tashlayotgan qadamlarni olqishlab kelayapsiz. O'tgan yili gaplashganimizda, qilinadigan ishlar ko'p, kuzatayapmiz, degan edingiz. O'zbekiston uzoq davr qattiq tanqid qilingan, xususan inson huquqlari bobida. Vaziyat ko'p jihatdan juda og'ir va dunyoda bu borada eng orqada turganlardan biri, deyilar edi. Hozirga kelib qanchalik yaxshilandi? Islohotlar jarayonini qanday tahlil qilayapsiz? O'tgan yilgi sentabrda suhbatlashganimizda, umidga to'la edingiz. Hozir-chi?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: BMT nazarida O'zbekistondagi bugungi jarayonlar transformatsion o'zgarishlardir, ijobiy tomonga. Qilinishi kerak bo'lgan ishlar hali juda ko'p. Hukumat qattiq ishlayapti. Prioritetlar belgilangan. Huquq bobida misli ko'rilmagan o'zgarishlarga guvohmiz. Ayni damda BMTning sudyalar va advokatlar bo'yicha maxsus vakili O'zbekistonda. U adliya tizimini o'rganmoqda, sudya va yuristlar bilan muloqotda. Bir necha yil oldin buni tasavvur qilolmas edik. Hisobotini kelasi yil beradi. Lekin bu juda muhim qadam.

Xalqning qonun ustuvorligi va adliyaga ishonchi pastligini bilamiz. Ko'plab qadamlar tashlanishi lozim. Sud mustaqilligi tomon ijobiy qadamlar tashlana boshlanadi. Bu ishlar davom etishi kerak va maxsus vakilimiz tashrifi ayni muddao. O'tgan 2-3 yilda jiddiy qarorlar qilindi va bu qarorlarni amalga oshirish kerak. Ularning ustiga yangidan-yangi dasturlar ma'qullanar ekan, barchasini tatbiq etish nihoyatda qiyin lekin eplash kerak.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. Germaniya, 21-yanvar, 2019.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. Germaniya, 21-yanvar, 2019.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nimalar birinchi o'rinda bo'lishi kerak? Bilamiz, sizdan maslahat so'rab turishadi. Prezident Mirziyoyev har jabhada natijaga erishish uchun harakat qilayotganini aytyapti. Lekin har tomonlama eplash mumkinmi? Hukumatning asosiy e'tibori nimada bo'lsin?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Jahon banki va BMT o'tgan yili bu borada tahlilnoma tayyorladi. Islohotlar samara berishi uchun nimalarga diqqat qaratish kerakligini o'rgandi. Taraqqiyot davomiy bo'lishi lozim. O'zbekistonda biz shuni istaymiz.

Birinchisi, qonun ustuvorligini ta'minlash. Boshqaruvni yaxshilash, davlat xizmatini to'g'ri yo'lga qo'yish. Tizimni takomillashtirish.

Infrastruktura, ekologiya, salomatlik, ta'lim... BMT dunyo bo'ylab belgilab chiqqan vazifalar bilan hamohang. Uch jihatni yodda tutish kerak. Birinchisi, qonun ustuvorligini ta'minlash. Boshqaruvni yaxshilash, davlat xizmatini to'g'ri yo'lga qo'yish. Tizimni takomillashtirish.

Ikkinchisi, inson kapitalini yaxshilash. Bu borada sarmoya qilish. Ijtimoiy himoya va ta'limdagi muammolarni hal etish. Uzoq muddatni ko'zlab harakat qilish. Ish o'rinlari yaratish, aholining salohiyatini oshirish.

Uchinchisi, ekologiya muhofazasi. Atrof-muhit himoyasi kelajak uchun juda muhim. Fuqarolar uchun qanchalik imkoniyatlar yaratilgani, iqtisodiyot qanchalik kuchaygani, albatta, islohotlar natijasini aks ettiradi. O'zbekistonda ham shunga qarab baho berishadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozir O'zbekistonda BMTning nechta agentligi ishlaydi?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: 12.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": 12?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Ha.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": BMT qochqinlar agentligi qaytyaptimi?

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: 12 agentligimiz O'zbekistonda doimiy ishlasa, qolganlari turli dasturlar doirasida faoliyat olib boradi. Qochqinlar agentligi shular orasida. Uzoq paytdan beri O'zbekistonda yurgan 12 qochqin taqdiri bilan shug'ullanmoqda. O'zbekiston hukumati bu agentligimiz bilan muloqotda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Pasportsiz yurganlar bor.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Shunday. Ularning muammolariga e'tibor qaratishayapti. Sovet davridan qolgan masalalar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vaqtingizni ayamay biz bilan uzoq muloqot qilayotgangiz uchun rahmat, Freyzer xonim. BMTga ishonmaydiganlar, uning faoliyatini qog'ozbozlik sifatida ko'rib, undan samarali qadamlar kutmay qo'yganlar ko'p. Biz BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasini yoritamiz, deya e'lon qilganimda, muxlislarimizning ayrimlari ensasi qotganini aytishdi. Ya'ni, ular nazarida, bu yig'inlar insonlar hayotiga biror o'zgarish olib kelmaydi, bu majlislarning ijobiy ta'siri yo'q. O'zbekiston va Markaziy Osiyo bo'ylab, mana shunday qarash keng tarqalgan. BMT, xuddi hukumatlar kabi, va'daboz va lo'ttiboz, deyishadi. Insoniyatning q'oynini puch yong'oqqa to'ldirishadi, deyishadi. Bu xalqaro mexanizmga umid bilan qarashmaydi.

BMT bosh qarorgohidan turib, bu odamlarga nima degan bo'lardingiz? Mana shu binoda hozir tashkilot a'zolari 74-marta yillik sessiyani o'tkazmoqda. 1952-yildan beri shu imorat BMT uyi. 193 davlat a'zo tashkilot bu. O'zbekiston 1992-yildan beri a'zo. Bir tomondan BMT faoliyati tarixiy jarayon, o'ziga xos evolyutsiya. Lekin ko'plab o'zbekistonliklar, markaziy osiyoliklar, "xo'sh, bizga nima", deyishi mumkin.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Mana shunday umidsizlikni eshitganimda, odamlar ishonch bildirmaganida, farzandlarim haqida o'ylayman. Ular sog'lom, sababi BMT dunyo bo'ylab, a'zo mamlakatlarning sog'liqni saqlash vazirliklari bilan yaqindan ishlab, tibbiy xizmat va salomatlikni ta'minlash uchun jonbozlik ko'rsatib kelmoqda. Bugun bolalar o'limi, onalar o'limi kamaygan. Bu borada ulkan yutuqlarga erishdik.

BMT insoniyatni barcha balolardan qutqara olmas, lekin uning hayoti yaxshilanishi, inson qadri, yashash uchun imkoniyatlari kengayishi uchun xizmat qiladi. Tinchlik, adolat, farovonlik sari qadam tashlashi uchun xizmatda.


Millionlab insonlarning hayoti asrab qolindi. BMT va uning organlarisiz buni eplolmas edik. Kasalliklar, epidemiyalar chegara tanlamaydi. Shunday paytda BMT ish beradi. Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi bobida ham shunday. Ekologiya himoyasida ham shu. BMT yetakchilik qilib, davlatlarni siyosatni inson manfaatlariga moslab belgilashga undab kelayotgani hammamiz uchun ijobiy samara emasmi?

BMT insoniyatni barcha balolardan qutqara olmas, lekin uning hayoti yaxshilanishi, inson qadri, yashash uchun imkoniyatlari kengayishi uchun xizmat qiladi. Tinchlik, adolat, farovonlik sari qadam tashlashi uchun xizmatda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat suhbat uchun. Aytgancha, davlat mukofoti (Do'stlik ordeni) muborak bo'lsin!

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Sizgayam rahmat. Orden berilishi, albatta, kutilmagan voqea bo'ldi. Bu BMT faoliyatiga baho, uning xizmatlari tan olinishidir. Hukumat tashkilotimizga ishonishi, tayanishi juda muhim. Bizga ishonmaydiganlar, umidsizlik bilan qaraydiganlar bor, lekin faoliyatimiz o'ta ahamiyatli ekani aniq. Bu tan olinayotganidan xursandmiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Rahmat sizga, omad.

Helena Freyzer, BMT O'zbekiston: Chuqur minnatdorchilik bildiraman.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG