Birlashgan Millatlar Tashkiloti O'zbekistonda 1993-yilda ish boshlagan. Bugungi kunda uning 10 agentligi respublikada faoliyat yuritadi. BMTning O'zbekistondagi vakili Helena Freyzer (Helena Fraser) "Amerika Ovozi" bilan eksklyuziv intervyuda deydiki, mamlakat hozir to'g'ri yo'lda. Uning tahlilicha, islohotlar jarayoni to'xtamaydi. BMT jarayonlarni qator omillar sabab ham quvvatlamoqda, deya tushuntiradi u.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Xayrli tong!
Helena Freyzer, BMT vakili: Sizga ham xayrli tong!
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz bilan muloqot qilishga vaqt topganingiz uchun rahmat. O'zbekiston poytaxtida faolsiz, ko'rib turibmiz. Shu bois ham siz bilan gaplashishni judayam xohladik. Xalqaro jamiyatning yetakchi vakili ekaningiz har joyda ayon - siyosiy doiralarda ham, axborot vositalarida ham. Avvalo, lavozimingizni tushuntirib bersangiz. BMT rasmiylari aynan nima uchun mas'ul ekanliklarini tushunish har doim ham oson emas.
BMT Bosh kotibining bu yerdagi bevosita namoyondasiman.
Helena Freyzer, BMT vakili: Rahmat, Navbahor. Sizni BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasida ko'rib turganimdan bag'oyat mamnunman. Ayni damda ikki lavozimdaman. Biri - BMTning O'zbekistondagi bosh vakili, ya'ni jahon tashkilotining muvofiqlashtiruvchisi. Bu vazifada men BMT Bosh kotibining bu yerdagi bevosita namoyondasiman. Barcha agentliklar, loyihalar va jamg'armalar faoliyati uchun mas'ulman. Ikkinchisi - BMT Taraqqiyot Dasturi vakiliman, ya'ni BMTning O'zbekistondagi eng yirik agentligini boshqaraman. Lekin kelasi 3-4 oyda bu vazifani topshiraman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nima bo'ladi keyin?
Helena Freyzer, BMT vakili: Oxirgi 30-40 yil mobaynida BMT Taraqqiyot Dasturi tashkilotimizning asosiy vakolatxonasi vazifasini bajarar edi. BMTdagi islohotlar natijasi o'laroq shu yilning oxiridan 129 mamlakatda, jumladan O'zbekistonda, bunga chek qo'yiladi.
Biz qattiq ishlashimiz lozim.
Endi men kabi vakillar BMTning asosiy maqsadlari ustida ko'proq ishlay boshlaydi. Katta bir agentlikni alohida boshqarish boshqalar qo'liga o'tadi. 2030-yilgacha erishilishi kerak bo'lgan maqsadlar ustida bosh qotiramiz. 2015-yilda a'zo davlatlar bu maqsadlarga qo'shilgan va ular sari qadam tashlashga kelishib olgan. Ular murakkab, serqirra rejalar to'plami bo'lib, insonlar hayotini yaxshilash, sayyora manfaatlari va farovonlikni ko'zlaydi. 2030-yilgacha bu maqsadlarga yetish uchun davlatlar o'z siyosati va yo'nalishlarini ularga moslashi kerak. Biz qattiq ishlashimiz lozim.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ishingiz serqirra ekani ayon. To'g'ri, siz BMTning bu yerdagi bosh vakili sifatida barcha agentliklar ishini muvofiqlashtirasiz, tashkilot nomidan gapirasiz. Lekin bu ishga aynan sizni nima uchun tanlashadi? Qanday tanlanasiz? Vakil sifatida tayinlanish jarayonini tasvirlab bering.
Helena Freyzer, BMT vakili: Ajoyib savol. Men BMTda 20 yildan oshiq davrdan beri ishlab kelaman. Kasbiy faoliyatimni sobiq sovet hududida boshlaganman, Gruziyada. 1997-yilda, urush domidan chiqishga harakat qilayotgan Gruziyada ishlay boshlaganman. Astalik bilan BMT tizimida o'z o'rnimni topar ekanman, tashkilot koordinatori bo'lish qanchalik qiziq vazifa ekanini tushunib yetdim. BMTdek yirik organning muhim maqsadlari ustida ishlash chuqur mas'uliyat va kuchli bilim-tajriba talab qiladi. Yetakchilik, kommunikatsion ko'nikmalar, diplomatik malaka, taktik bilim, chunki siz Bosh kotibning vakilisiz. Agentliklar uchun bevosita mas'ul emassiz, lekin ularning ishini muvofiqlashtirasiz. Bu muhim va mashaqqatli ish.
Shunday ekan, vakil sifatida tanlanish uchun bir necha bosqichli imtihondan o'tishingiz kerak. Sizni ikki kunlik sinovga taklif qilishadi. O'zingizga o'xshagan nomzodlar bilan bu jarayonni boshdan kechirasiz. Vakil bo'lish talablariga javob bera olishingiz lozim. Saralanib, ijobiy baho olsangiz, sizni potensial vakillar ro'yxatiga qo'shishadi. Bo'sh joy bo'lganida siz unga hujjat topshirasiz. Mos ko'rilsangiz, taklif qilishadi.
O'zbekistonga 25 yil oldin kelgan edim. Sobiq sovet hududida ishlaganim uchun, rus tilini bilganim uchun, O'zbekistondagi imkoniyatlardan xabardor bo'lganim uchun ham meni bu lavozim qiziqtirdi. BMT Bosh kotibi meni tanladi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Tanlandingiz, keldingiz, lekin har bir mamlakatning o'zi muhiti, sharoiti va aytganingizdek, imkoniyatlari bor. BMT maqsadlarini O'zbekistonga moslashtirish, ishingiz samara berishi uchun vazifangizda qanchalik erkin ishlay olasiz? Masalan, siz islohotlar boshlanayotgan davlatga keldingiz. Qaror va ishingiz bu yerdagi muhitga mos bo'lishi kerak, to'g'rimi?
BMT eng yirik xalqaro sherik sifatida birga ishlashga hoziru nozir. Xalqaro majburiyatlarni bajarishda, konvensiya va me'yorlarga mos ravishda qadam tashlashda biz yordam beramiz.
Helena Freyzer, BMT vakili: Ha, men o'tgan yilning iyul oyida kelganimda O'zbekistonda Harakatlar strategiyasi qabul qilinganiga 5-6 oy bo'lgan edi. Bu dastur BMT maqsadlari bilan hamohang. Adliya, boshqaruv, iqtisod, tashqi siyosat, xavfsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy, xususan ekologik, ta'lim va sog'liqni saqlash sohasida islohotlar ko'zlangan.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ulkan maqsadlar.
Helena Freyzer, BMT vakili: Xuddi shunday. Muhimi, bizning maqsadlarimiz ham shu. Shunday ekan, BMT eng yirik xalqaro sherik sifatida birga ishlashga hoziru nozir. Xalqaro majburiyatlarni bajarishda, konvensiya va me'yorlarga mos ravishda qadam tashlashda biz yordam beramiz. Siyosat va xatti-harakatlar normalarga binoan bo'lishini ta'minlashda biz ko'maklashamiz. Vaqtdan to'g'ri foydalanish kerak. Hukumat qattiq ishlayapti, ko'rib turibmiz.
BMT O'zbekistonda ishlay olmay qolgan kunlar bo'lmagan.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizga omadli inson sifatida ham qarash mumkin chunki imkoniyatlar kengayishni boshlagan paytda keldingiz. Uzoq yillar mobaynida BMT O'zbekistonda ishlashga qiynaldi, buni bilamiz. Cheklovlar, hukumat bilan kelishmovchiliklar, noroziliklar. O'zbekiston rasmiylari BMTdan nolir edi, uni samarasizlikda ayblar edi. Hukumat tashkilotni tanqidda ayblar edi. BMT ham hukumatni tanqid qilar edi. Siz ochilish boshlanganda ishga tushdingiz. Ochilish davom etayaptimi?
Helena Freyzer, BMT vakili: BMT 25 yildan beri O'zbekistonda. To'g'ri, siz aytgandek, qiyin davrlar bo'lgan. Biroq ish samara bermagan, demagan bo'lardim. Qizig'i, biz oldindan undagan ochilish boshlanar ekan, hukumat biz tavsiya etgandek qadam tashlab, tavsiyalarimizni hisobga ola boshladi. BMT O'zbekistonda ishlay olmay qolgan kunlar bo'lmagan. Qiyinchilik va ziddiyatlarga qaramay til topisha olganmiz, konstruktiv muloqotga intilganmiz. Yoshlar migratsiyasi, inson huquqlari, qonun ustuvorligi bobida harakat sust bo'lsa-da, umidni boy bermaganmiz.
Qizig'i, biz oldindan undagan ochilish boshlanar ekan, hukumat biz tavsiya etgandek qadam tashlab, tavsiyalarimizni hisobga ola boshladi.
Jahon Savdo Tashkilotiga kirish haqida 10-12 yil oldin bergan tavsiyalarimiz mana bugun qo'l kelmoqda, chunki bu borada harakat boshlandi. UNESCO ham madaniy merosni asrash yo'lida qilgan tavsiyalari yuzasidan hozir O'zbekiston bilan yangicha hamkorlik boshladi. Xiva va Buxoro bo'yicha yangi loyihalar ishga solinmoqda.
Islohotlarga kelsak, ular yangi pallaga kirmoqda, degan bo'lar edim. Men kelganimda endigina rejalanib, astalik bilan amalga oshirilayotgan edi. Fuqaro bilan muloqot, uning manfaatlarini ko'zlagan siyosat haqida gap ketmoqda. Biz aynan shu bois ham bu siyosatni va jarayonlarni quvvatlaymiz. Fuqaro dardi va fikrini inobatga oluvchi siyosat. Nazarimizda, nozik palladan o'tildi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ortga qaytilmaydi deb o'ylaysizmi?
Helena Freyzer, BMT vakili: Orqaga qaytib bo'lmaydigan pallaga kirdi. Mamlakat qay tomon ketayotgani aniqlashdi. O'zbekistonga ish o'rinlari kerak. Ularni yaratish lozim. Imkoniyatlar ochish kerak. Xalq va hukumat orasida o'ziga xos kelishuv shakllana boshladi. Taraqqiyot har ikki tomonga bog'liq. Xaridor ham, iste'molchi ham, ishlab chiqaruvchi ham, o'zgarishlar ortidagi tomon ham fuqaroning o'zidir. Mana shu haqiqat oydinlashdi. Bu juda muhim. Ochilish tashqi siyosatda ham aks etdi. Avvalo qo'shnilar bilan aloqada, qolaversa, Afg'oniston bilan rishtalarda va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda. Belarus rahbari kelib ketdi, Misr rahbari kelib ketdi. Har biri tarixiy tashrif. O'zbekiston oldinga qadam tashlamoqda va fikrimcha, bu yo'ldan qaytmaydi.
O'zbekistonga ish o'rinlari kerak. Ularni yaratish lozim. Imkoniyatlar ochish kerak. Xalq va hukumat orasida o'ziga xos kelishuv shakllana boshladi. Taraqqiyot har ikki tomonga bog'liq.
Xalqaro hamjamiyatda ham shunday qarash keng tarqalgan. Ulkan o'zgarishlar balki ertagacha yuz bermas lekin hozirgi jarayonlar mamlakatni mahsuldorlik, farovonlik, yoshlar uchun imkoniyatlar, huquq va e'zoz, davlat va fuqaro o'rtasidagi ishonch tomon yetaklasa ajabmas.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": BMT uzoq muddatni ko'zlab ishlaydi. 2030-yilgacha erishilishi kerak bo'lgan maqsadlar haqida gapirdingiz. Lekin O'zbekistonda aholi uning muammolari hozir hal etilishini xohlaydi, chunki ular hayoti uchun aynan hozir dolzarb bo'lgan masalalar bor. Hukumat bularni uddalashga qiynalmoqda. Siz qanday yordam bera olasiz mana shunday qiyin paytda?
Helena Freyzer, BMT vakili: Uzoq muddatli strategik maqsadlar va bugun hal etilishi kerak bo'lgan masalalar bilan shug'ullanishda muvozanat topish eng qiyin vazifa. Ayniqsa, O'zbekistondek barcha sohada bir paytda o'zgarish qilishni xohlagan mamlakatda. Ijobiy tarafi, O'zbekiston boshqalarning tajribasiga tayanishi mumkin, chunki ko' plab davlatlar bu jarayondan o'tib bo'lgan, masalan, iqtisodiy tizimini isloh qilishdan. O'zbekiston nafaqat sobiq sovet davlatlaridan balki Koreya va Vyetnamdan ham o'rgansa bo'ladi.
Faqat qisqa muddatni ham ko'zlay olmaysiz, xato bo'ladi, chunki har bir masalaning qisqa va uzoq muddatli jihatlari bor. Shuning uchun ham balans zarur. Atrof-muhit muhofazasini oling, masalan. Orol dengizi fojiasi. 2-3 yil ichida ulkan o'zgarish qilaman deb uzoq muddatda o'zingizga katta zarar keltirishingiz mumkin.
Chuqur izlanib, e'tibor bilan, qunt bilan harakat qilish kerak. BMT boshqa sohalar qatorida sog'liqni saqlashda ham hamkorlik qilmoqda. Bu soha mamlakatda eng kam sarmoya qilingan jabha bo'lib kelgan va orqada qolib ketgan. Texnologiyadan tortib, tibbiy talablargacha. 21-asr me'yorlariga mos kelmaydi. Mamlakatda o'lim hollarining 80 foizi yuqmaydigan kasalliklar bilan bog'liq. Bu juda yuqori ko'rsatkich.
Uzoq muddatli strategik maqsadlar va bugun hal etilishi kerak bo'lgan masalalar bilan shug'ullanishda muvozanat topish eng qiyin vazifa. Ayniqsa, O'zbekistondek barcha sohada bir paytda o'zgarish qilishni xohlagan mamlakatda.
Hukumatga qimmatga tushadi. Odamlarga qimmatga tushadi. Bu borada uzoq muddatni ko'zlaydigan yangi reja ishlab chiqish kerak. Lekin hozirgi vaziyatni ham tuzatish lozim. Kelasi 15 yilni o'ylab harakat qilasizmi yoki oldingizdagi muammoni ham hal etasizmi? Har ikkisini qila olish zarur. Aholiga sog'liq kerak, aynan hozir. Diagnostika tizimi hozir yaxshilanishi kerak. Eng zarur talablar hozir qondirilishi kerak.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Asosiy tibbiy talablar.
Helena Freyzer, BMT vakili: Xuddi shunday. Salomatlik, dori-darmon. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti bu borada ko'maklashadi. Sog'liqni saqlash vazirligi va bu sohada islohotlar bo'lishini ta'minlovchi komissiya bilan hamkorlikda ishlaydi. BMT uzoq muddatni ko'zlashi foyda lekin bugunga ham befarq emas.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizning tizim uzoq muddatga moslangan.
Helena Freyzer, BMT vakili: Buning ustun jihati - biz hamisha shu yerdamiz. Ayrim sohalarda o'zgarishlar sust, boshqalarida tez. Men, BMT vakili sifatida, hukumat rejasini tahlil qilib, uni xalqaro talablarga mos bo'lishini ta'minlab, davlat bilan ishlayman. O'zbekiston zimmasidagi xalqaro majburiyatlarga ko'z yuma olmaydi. Bu degani qaror va harakatdan hukumat va xalq birdek manfaatdor bo'lishi kerak.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": G'arbda, xususan Vashingtonda huquq tashkilotlari va o'xshash doiralarda quloqqa chalinadigan tanqid shuki, BMT O'zbekiston hukumatini shartsiz quvvatlamoqda. Siyosatni ko'r-ko'rona olqishlamoqda, deyishadi. Nega bunday qilayapsiz, deb rahbariyatni savolga tutmayapti, deyishadi. Nima deysiz bunday tanqidga?
Helena Freyzer, BMT vakili: Bu tanqidchilarga oldimizga kelib, biz bilan gaplashing, deyman. Ishimiz bilan tanishing, balki faoliyatimizni tushunmassiz. Bizga ma'qul qadamlarni quvvatlaymiz va olqishlaymiz, axir hukumat bilan hamkormiz. Ijobiy o'zgarishlardan manfaatdormiz. Asosiy ishimiz hukumat bilan dolzard masalalar yuzasidan gaplashish, yechim qidirib, yordam berish. Siyosatni yaqindan ko'ramiz va fikr almashamiz. Ta'lim, sog'liqni saqlash, boshqaruv, inson huquqlari, islohotlar, qiyinchiliklar xususida muloqotlar ba'zida iliq, ba'zida keskin. Lekin birga ishlaymiz. Biz oldinga undaymiz, hamkorlik qilamiz, quvvatlaymiz.
Men bizga ma'qul qadamlarni quvvatlaymiz va olqishlaymiz, axir hukumat bilan hamkormiz. Ijobiy o'zgarishlardan manfaatdormiz.
Davlat o'zi tanlagan yo'ldan borib ijobiy natijalarga erishishini istaymiz. Shu bois olqishlaymiz. Qadamlar xalqaro normalarga mos bo'lsin, deymiz. Konvensiyalar, majburiyatlar va me'yorlarni eslatib turamiz. Lekin men nohukumat tashkilot faoli emasman. Ishim boshqa, rolim boshqa. Fuqaro jamiyatining roli boshqa, lekin ular ham muhim. Ishonch bilan ayta olamanki, biz o'z tamoyillarimizga muvofiq tarzda ishlayapmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Fuqaro jamiyati taraqqiy etishi uchun chetdan nohukumat tashkilotlarni kiriting, deb ham undaysizmi?Jamoatchilik bilan qanday ishlaysiz?
Helena Freyzer, BMT vakili: Fuqaro jamiyati shakllanishi uchun qilinadigan ishlar hali talay. Buni tan olamiz va hukumatni bu borada qattiqroq harakat qilishga undaymiz. Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" va Xalqaro Amnistiya tashkilotlari vakillari kelganida olqishladik, birga tadbirlarda bo'ldik. Adliya vazirligi va boshqa organlar bilan bu haqda gaplashib kelamiz. Bu ham ishimizning bir qismi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mahalliy faollar bilan ishlaysizmi?
... men nohukumat tashkilot faoli emasman. Ishim boshqa, rolim boshqa.
Helena Fraser, UN Uzbekistan: Albatta va bu muhim. BMT agentligi bo'lmish Xalqaro Mehnat Tashkiloti O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashda mahalliy huquq himoyachilari bilan yaqin hamkor. O'zbekstonda fuqaro jamiyati tomon qadam tashlanyapti. Biz bu masalaga e'tibor beramiz va berishda davom etamiz.
Jamoatchilik bilan ishlash nihoyatda muhim. Biz, xususan, yoshlar bilan aloqani kuchaytirayapmiz. Biz bilan hamkorlikka moyil yoshlar talay. Birga tadbirlar o'tkazamiz. Yaqinda BMT Bosh Assambleyasining Yoshlar dialogi bo'yicha vakili kelib ketdi. Biz bilan ishlaydigan yoshlarni bizga hukumat tanlab bermaydi, o'zimiz jalb etamiz. Kuzatamiz, ogohmiz. Kelajakda yoshlar forumi tuzamiz degan umiddaman, chunki BMT maqsadlari, O'zbekiston oldidagi maqsadlarga erishishi uchun yosh avlodning fikri, so'zi va harakati muhim. UNICEF bolalar va o'smirlar bilan ishlaydi. Men o'zim ham shaxsan ilm dargohlariga borib turaman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Oddiy odamlar uchun BMT juda uzoq va yetib bo'lmas tashkilotdek tuyuladi. Unga yaqinlashish oson emas. Siz bugungi BMTni oddiy qilib qanday tushuntirasiz?
Helena Freyzer, BMT vakili: Ajoyib savol. BMT bu global tajriba, umumbashariy manfaat va me'yorlar jamlanmasi. Insoniyat tinchligi, xavfsizligi, huquq va erkinligi, farovonligi uchun xizmat qiladigan tizim. Biz davlatlarga texnik yordam beramiz, maslahat beramiz, quvvatlaymiz, ularni to'g'ri yo'lga undaymiz.
BMT bu global tajriba, umumbashariy manfaat va me'yorlar jamlanmasi. Insoniyat tinchligi, xavfsizligi, huquq va erkinligi, farovonligi uchun xizmat qiladigan tizim.
Aholi bilan ishlaymiz. Suv ta'minoti va taqsimotidan tortib, ekin ekib mahsulot olishgacha... Loyihalarimiz oddiy insonlar hayotini osonlashtirsin, deymiz.
Qoraqalpog'istonda besh agentligimiz ishtirokida qo'shma loyiha bor. Bir million aholiga ega bu avtonomiya Orol dengizidagi fojia sabab qiyin ahvolda, har jihatdan. O'zbekistonning eng qoloq qismi. Biz vaziyatni chuqur o'rganib chiqib, tahlil qilib, serqirra reja tuzganmiz va uni Qoraqalpog'iston rahbariyati bilan hamkorlikda amalga oshirayapmiz. Qiyin ish, lekin aholi uchun sharoitni yaxshilashga bel bog'laganmiz. Tirikchilik, ish bilan ta'minlash, ichimlik suvi, maorif va ta'lim bilan bog'liq vaziyatni tuzatish kerak.
Odamlar hozirgi muhitdan norozi. Buni hamma biladi va BMT uchun bunday loyihalar global ahamiyatga ega ishlar. Nima uchun mavjud ekanimizni isbotlash imkoniyati. Shunday ekan, ishlashda davom etamiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati BMT yetakchilik qilishini xohlaydi. Rasmiylar va diplomatlardan shuni eshitamiz doimo. BMT boshlasin, biz uning yo'lidan boramiz, deyishadi. BMTga ishonishadi. Siz buni qanday qabul qilasiz?
Helena Freyzer, BMT vakili: BMT hamisha shu yerda. Biz sodiq hamkormiz va har bir a'zo davlatga xalqaro majburiyatlarni bajarishi yo'lida yordamlashamiz. Ekologiya muhofazasidan tortib, huquq himoyasigacha.
O'zbekiston rasman ko'plab xalqaro bitimlarga kirgan lekin endi amalda ham buni isbotlashi kerak. Shu jarayonda biz sherikmiz.
Amaliy va texnik ko'mak, xalqaro kelishuvlarni amalga oshirishda yordam, huquq bilan bog'liq konvensiya va tavsiyalar asosida ishlash bobida madad. Xotin-qizlarni kamsitmaslikni ta'minlash. Jinsiy tenglik mamlakat bosh qomusida qayd etilganidek amalda o'z isbotini topishi uchun qadam tashlash. O'zbekiston rasman ko'plab xalqaro bitimlarga kirgan lekin endi amalda ham buni isbotlashi kerak. Shu jarayonda biz sherikmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonda oddiy aholi agar BMT loyiha va tashabbuslarida qatnashmoqchi bo'lsa, nima qilsin? Men nima qila olaman o'sha buyuk maqsadlar sari, deb o'ylanayotgan fuqarolar bo'lishi mumkin.
Helena Freyzer, BMT vakili: Bizni tomosha qilayotgan odamlarga so'zim shuki, biz siz bilan hamkorlik qilishni xohlaymiz. Biz siz bilan muloqot qilishni, sizning ezgu ishlaringizni quvvatlashni istaymiz. Birinchidan, davlatingiz o'z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bilib oling. O'zbekiston "Taraqqiyot" strategiyasi, Harakatlar strategiyasi bilan tanishing. Bu maqsadlar BMTniki bilan hamohang. Davlatingiz oldidagi maqsadlarga e'tibor qarating.
... inson huquqlari bo'yicha umumjahon deklaratsiyasini biling. O'zbekiston ahli uning mag'zini chaqishi kerak. O'zbekiston uni tan olgan va bo'ysunishi lozim.
Ikkinchidan, inson huquqlari bo'yicha umumjahon deklaratsiyasini biling. O'zbekiston ahli uning mag'zini chaqishi kerak. O'zbekiston uni tan olgan va bo'ysunishi lozim. Ana shundan keyin, birgalikda nima qilishimiz mumkin ekanligi ustida fikringizni bildiring, tashabbuslarga qo'shiling.
Jamoatchilik orasida faol bo'ling. Tabiat va suvni asrashdan tortib, madaniy merosni avaylashgacha. Hissa qo'shing. Oliy Majlisdagi vakilingizga yozib, o'z takliflaringizni tushuntiring. Nima uchun hozirgi yo'lni quvvatlashingiz yoki quvvatlamasligingizni bayon eting. Ovozingizni eshitsin. Biz shu yerdamiz va ezgu maqsadlar tomon birga harakat qilaveramiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat suhbat uchun.
Facebook Forum