Breaking News

Huquq faoli A'zam Turg'unov xalqaro mukofot bilan taqdirlandi


Mukofot A'zam Turg'unovga Pragada topshirildi
Mukofot A'zam Turg'unovga Pragada topshirildi

Sobiq siyosiy mahbus, huquq himoyachisi A’zam Turg’unov inson huquqlari bo’yicha nufuzli xalqaro mukofot bilan taqdirlangan. Ikki yillar avval qamoqdan ozod qilingan huquq himoyachisi bu mukofotga diktatura tazyiqlariga qarshi kurashgani, inson huquqlari himoyasiga bo’lgan fidoyiligi uchun loyiq ko’rilgan. Xalqaro mukofot sohibining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tuzum ortda qolgani haqida gapirishga hali erta, hukumat hamon kuch va tahdid usulidan voz kechmagan.

A'zam Turg'unovga "Adolatsizlik hikoyasi" mukofoti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:33 0:00
Sobiq siyosiy mahbus A'zam Turg'unov - xalqaro mukofot sohibi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00


Qarorgohi Pragada joylashgan “People in Need” (Yordamga muhtoj odamlar) tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan “Adolatsizlik hikoyasi” mukofoti A’zam Turg’unovga totalitar tuzum tajovuzlariga qarshi kurashdagi jasorati uchun berilgan.

Islom Karimov davrida “Mazlum” inson huquqlari tashkilotini tuzgan A’zam Turg’unov mamlakat turg’unlikka cho’kkan bir davrda inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanib keldi.

Men o’z vatanimda har kuni xavotirda yashayman, chunki inson huquqlari bilan shug’ullanish hamon xavfli.

2008-yilga kelib u uydirma asosida tovlamachilikda ayblanib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan 2017-yilda bir guruh siyosiy mahbuslar qatorida ozodlikka chiqarildi.

Toshkentdan Pragaga taklif qilingan A’zam Turg’unov 31-oktabr kuni o'tgan tantanali tadbirda mukofotni shaxsan qabul qilib olgan. Huquq himoyachisi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda mukofotga loyiq ko’rilganidan xursand ekanini aytadi:

“O’zlarining eng yaqin qarindoshlari kabi kutib olishdi, ko’rsatilgan hurmat, ehtirom uchun rahmat. Bularning sahnada aytishi bo’yicha mukofot shu inson huquqlari sohasidagi xizmatlarim, qiynoqlar, tazyiqlarga qaramasdan o’z faoliyatimdan qaytmaganim, shu sohada ko’rsatgan xizmatlarim uchun berilmoqda. Sahnada qiynoqlarga qaramasdan, o’z e’tiqodi, kasbiga sodiq qolgani, hozirgacha faoliyatini davom ettirib kelmoqda, degan izoh berishdi. Albatta, chex tilida gapirishdi, yonimda tarjimon bor edi, tarjima qilib turdi. Xizmatlaringiz tan olinsa, baribir boshqacha bo’lar ekan”.

A’zam Turg’unov ozodlikka chiqishi ortidan inson huquqlari bo’yicha faoliyatini qayta tikladi. Karimov davrida uzoq yillar norasmiy ravishda ishlashga majbur bo’lgan huquq himoyachisi yangi hokimiyat davrida faoliyatini qonuniylashtirishga urinmoqda.

Uning qatorida ozodlikka chiqqan bir nechta siyosiy mahbuslar tuzum qurboni bo’lgan fuqarolar huquqi bilan shug’ullanuvchi “Adolatni qaror toptirish” nodavlat tashkilotiga asos solishgan va bir yildan buyon tashkilotni Adliya vazirligidan ro’yxatdan o’tkazishga urinib kelishadi.

Turg’unlik davrida nohaq qamalganlarga nisbatan adolatsizlik qilingan, bizning maqsadimiz shu adolatni tiklash

“Buni birgalikda qilyapmiz, hozir to’rtinchi marta topshirdik, uch marta ro’yxatdan o’tkazish uchun bergan edik, Adliya vazirligi qaytardi. Har safar qandaydir arzimas bahona: masalan, bunaqa ip bilan tikish kerak edi, bunaqa bilan emas kabi. Tashkilot nizomini tuzishda taniqli advokat [Sergey] Mayorov bilan hamkorlik qildi, boshqa xalqaro ekspertlar ham yordam berishmoqda. Mayorov bilan maslahatlashib to’rtinchi marta ham topshirib ko’raylik dedik, buni ham qaytarsa sudga murojaat qilamiz. Turg’unlik davrida nohaq qamalganlarga nisbatan adolatsizlik qilingan, bizning maqsadimiz shu adolatni tiklash”, - deydi rejalar haqida gapirgan A’zam Turg’unov.

Qamoqdan chiqqaniga ikki yildan oshayotgan huquq himoyachisi mamlakatda o’zgarishlar ketayotgani, islohotlar amalga oshirilayotganiga doir qarashlarni shubhali baholaydi. Uning fikricha, hozirgi hukumat ham qonunlar ustuvorligini so’zsiz ta’minlash qaroridan yiroq, hamon kuchga, tajovuzga asoslangan boshqaruv uslubi ustuvor.

“Men o’z vatanimda har kuni xavotirda yashayman, chunki inson huquqlari bilan shug’ullanish hamon xavfli. Ayniqsa, agar biror xalqaro uchrashuv kutilayotgan bo’lsa darhol nazoratga olishadi, eshikni oldida o’tirib olishadi. Samandar Qo’qonovning ishi, butun dunyo uning aybsizligini biladi, lekin hukumat buni bilmaydi, bez bo’lib turibdi.Dilmurod Sayyidni yoki mening o’zimni ishimni ham olaylik, qancha murojaatlar qildik, biror natija yo’q. Masxarabozlik davom etmoqda, yana mana bitta Shabnam (bloger Olloshukurova) ko’chaga chiqsa hammasi yugurib, basharasiga jiddiy tus berib, bu “jinni” ekan deydi. Men o’zim Qashqadaryo hokimi urgan ayolni masalasini ko’tarib “Mening yurtim” kanaliga bordim, ular hokimni nomini eshitgandan keyin, yo’q biz mas’uliyati cheklangan jamiyatmiz, oylikka ishlaymiz, deb aytishdi”, - deydi Turg'unov.

66 yoshli A’zam Turg’unov inson huquqlari sohasidagi faoliyatini 90-yillarda boshlagan. Chorak asrga cho’zilgan turg’unlik davri tazyiqlarini boshidan o’tkazgan, bugun ham inson huquqlari sohasidagi faoliyatini davom ettirib kelayotgan faollardan biridir.

A'zam Turg'unov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda (Toshkent, avgust 2019):

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG