Breaking News

Falastin AQSh tinchlik rejasini rad etdi


Xalqaro hayot - 2020-yil, 29-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:17 0:00

28-yanvar kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan Yaqin Sharq tinchlik rejasini e’lon qildi. Reja G’arbiy sohil xaritasini Isroil foydasiga o’zgartirib, falastinliklarga ba’zi shartlar bajarilganda o’z davlatiga ega bo’lish imkoniyatini taklif qiladi. Falastin hujjatni rad etib, arab davlatlarini ham uni boykot qilishga chaqirdi.

Tramp Oq uyda yangi tinchlik rejasini e’lon qilgan kuni G’azoda falastinliklar Donald Tramp va Benyamin Netanyaxu rasmlariga o’t qo’ydi.

Yangi hujjatga ko’ra, Quddus ustidan Isroil suvereniteti tan olinadi va G’arbiy sohil chegaralari qayta chiziladi.

“Isroil bilan qo’shma komissiya tuzib, bu loyihaviy xaritani batafsil ko’rinishga keltiramiz, toki uni tan olish zudlik bilan amalga oshsin”, - dedi Prezident Donald Tramp.

Rejada ikki davlatchilik yechimi esdan chiqarilmagan. Unda poytaxti Sharqiy Quddus bo’ladigan Falastin davlatini qurish taklif qilinadi.

Trampning aytishicha, agar Falastin G’arbiy Sohildagi posyolkalarning Isroilga tegishli ekanini tan olsa, Falastinga ikki karra ko’proq hudud beriladi va Isroilning yangi qurilishlari to’rt yilga muzlatiladi. Ammo buning shartlari bor. Falastin G’arbiy Sohilning eng muhim hududi hisoblangan Iordan vodiysini Isroilga topshirishi kerak.

“Bu rejani qabul qilmasa, Falastin hududini boy berishda davom etadi. Falastinliklar ortiq boy arab davlatlarining quvvatloviga ham ega emas. Qabul qil yoki voz kech, degandek reja bo’lgan. Bu ularga beriladigan eng yaxshi taklif bo’lishi mumkin”, - deydi Vanderbilt universiteti tadqiqotchisi Tomas Shvars.

Avvalroq Tramp ma’muriyati Isroil bosib olgan G’o’lan tepaliklarini tan olib, AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirgan edi.

Tinchlik rejasini tuzishda falastinliklar ishtirok etmagan.

“Hujjat falastinliklarning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini butunlay yo’qqa chiqaradi va xalqaro qonun va inson huquqlarini mutlaqo oyoqosti qiladi. U barcha huquq tashkilotlari tomonidan qoralangan qurilishlarga qonuniy maqom beradi. Bu narsa tinchlik uchun hech qanday imkoniyat yaratmaydi”, - deydi falastinliklar vakili Hala Ahmad.

Reja asosida Isroil G’arbiy sohilning Iordan vodiysini egallab olishi mumkin. Netanyaxu saylovda shuni va’da bergan.

“Ko’plab rejalar Isroilni Iordan vodiysidek muhim hududdan chiqishga undagan. Lekin siz janob prezident Iordan vodiysi va boshqa Iudeya, Samariya kabi strategik hududlar ustidan Isroil suverenitetini tan oldingiz”, - dedi Netanyaxu Tramp bilan uchrashuvda.

Tramp ham, Netanyaxu ham bu yil qayta saylanish umidida. Kuzativchilarga ko’ra, rejaning hozir e’lon qilinayotgani boisi shunda.

“Hujjat Isroil qurilishlarini yoqlovchi o’ng qanot guruhlarga va AQShdagi injilchi nasroniylarga atalgan. U tinchlik rejasi emasligi aniq’, - deydi Hala Ahmad.

Netanyaxu Isroilda korrupsiya ayblovi bilan yuzlashmoqda. AQSh Senatida esa Tramp ustidan impichment jarayoni ketmoqda.

“Ma’muriyat Yaqin Sharqda muhim tashqi siyosat olib boryapti; hozirgi paytda Trampni prezidentlikdan olish to’g’ri emas, degan mujdani berishmoqchi”, - deydi Tomas Shvars.

1993-yilgi Oslo tinchlik kelishuvidan beri Amerika prezidentlari Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelishga urinadi.

O’tgan yili iyunda Tramp tinchlik rejasining iqtisodiy qismini e’lon qilgan edi, ammo u ham Falastin tomonidan rad etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG