Breaking News

Tramp ma'muriyati Yaqin Sharq tinchlik rejasini oshkor qildi


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu (chapda) AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda, 2020-yil, 28-yanvar
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu (chapda) AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda, 2020-yil, 28-yanvar

AQSh Prezidenti Donald Tramp va Vashingtonga tashrif buyurgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Oq uyning Yaqin Sharq bo’yicha tinchlik rejasini jamoatchilikka oshkor qildi.

Tramp “Asr kelishuvi” deb atayotgan hujjatda Isroil-Falastin mojarosini hal etish yo’llari taklif qilinadi. Xususan, Falastin davlatini barpo etish ko’zda tutilgan.

Kelishuv tafsilotlariga ko'ra, rejada Falastin hududini kengaytirish, unga yirik iqtisodiy yordam berish taklif etiladi. Lekin shu bilan birga, G’arbiy Sohildagi aholi punktlarining katta qismi Isroil nazoratiga o’tadi, Quddus esa Isroilning ajralmas poytaxti bo’lib qoladi.

Hujjat rasman “Prezident Donald Trampning Isroil va Falastin xalqining tinchligi, farovonligi va yorqin kelajagi uchun rejasi” deb ataladi. Tramp ushbu reja Isroil va Falastin o’rtasida bevosita muzokaraga turtki berishiga umid qilmoqda.

Rejada aytilishicha, yahudiylar va falastinliklar hozir yashab turgan joyidan haydalmaydi. Isroil xavfsizligini ta’minlash maqsadida Falastin davlatini demilitarizatsiya qilish taklif etiladi, Iordan daryosining g’arbiy sohili xavfsizligini esa Isroil ta’minlaydi.

Tramp nazarida, hudud xavfsizligi vaqt o’tishi bilan Falastinga yuklanadi.

Oq uy rejasida al-Aqso masjidi nazorati va ibodat uchun unga kirish tartibi, Iordaniya qirolining Quddus shahrida musulmonlarga muqaddas bo’lgan diniy ziyoratgohlar ustidan shafe’ligi saqlanib qoladi.

Qo’shma Shtatlar bo’lajak Falastin davlati hajmi ayni paytda falastinliklar yashayotgan hududdan kattaroq bo’lishini rejada belgilagan. Hujjatga ko’ra, Quddus Isroilning ajralmas poytaxti bo’lib qoladi, falastinliklarga Isroilning Xayfa va Ashdod portlaridan foydalanishga, O’lik dengizning shimoliy sohilida falastinliklar uchun oromgoh zona yaratishga, Iordan vodiysida qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanishga ruxsat beradi.

Shuningdek, Tramp rejasi falastinlik qochqinlarga yangi Falastin davlatiga ko’chish, hozirgi yashayotgan mamlakatida qolish yoki uchinchi mamlakatga ko’chish imkonini ham beradi.

Falastinliklar AQSh rejasini qabul qilmasligini bildirgan. Ularga ko’ra, Tramp ma’muriyati masalaga xolis yondashmagan, Falastin bilan maslahatlashmagan.

“Kelishuvga yaqinmiz, boshqalar ham unga qo’shilsa bas. Ko’p arab mamlakatlari hujjatni qabul qildi”, - dedi Tramp.

Netanyaxu Trampga minnatdorchilik bildirarkan, uni Isroilning eng katta do’sti deb atadi.

“Asr kelishuvi asr imkoniyati hamdir. Uni qo’ldan boy bermaymiz”, - dedi Netanyaxu.

Falastinliklar ham Tramp Isroilning eng katta do’sti ekaniga ishongan holda kelishuvni boshidan o’lik deb atadi.

“Xalqaro qonunlar va qonunchilikka asoslanmagan bu hujjat Falastin xalqining milliy huquqlari hisobiga Isroil istaklarini bajo keltiradi. Poytaxtni Quddus deb bilgan mustaqil va suveren davlat barpo etilishini, qochqinlarning o’z yerlariga qaytishini milliy huquqlari deb bilgan Falastin uchun bu yechim emas. Kelishuvni ushbu jiddiy va siyosiy jarayonda halol vositachi sifatida o’ziga ishonchni yo’qotgan taraf taklif etayotganini unutmaslik kerak”, - dedi Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayyeh.

Tramp falastinliklar bitimni qo’llab-quvvatlaydi degan fikrda.

“Agar shunday qilishsa, ko’p odamlar duosini olishadi, rozi bo’lishmasa, nachora, hayot davom etadi”, - dedi Tramp.

AQSh prezidenti yangi saylovlarga hozirlanayotgan Netanyaxu bilan uchrashuvdan so’ng uning siyosiy raqibi Benni Gans bilan ham ko’rishdi. Falastin masalasiga Netanyaxudan ko’ra mo’tadilroq yondashuvchi Gans ham kelishuvni muhim tarixiy voqea deb atab, mart oyidagi saylovlardan so’ng bosh vazir bo’lsa, uni amalga oshirishga so’z berdi.

Tramp ma’muriyati Quddusni Isroil poytaxti sifatida 2017-yil dekabrida rasman tan olganidan beri Falastin ma’muriyati Oq uy bilan jiddiy muloqot qilgani yo’q. Biroq ayni shu davr mobaynida Tramp tinchlik rejasi ustida ishlagan.

Falastin kelishuvni imzolasa, Qo’shma Shtatlar iqtisodiy yordam tariqasida 50 milliard dollarlik sarmoya va’da qilgan. Tramp nazarida, bu bir milliondan ziyod ish o'rinlari yaratishga, Falastin yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki karra oshirishga, ishsizlikni 10 foizdan pastga tushirishga va qashshoqlikni 50 foizga qisqartirishga imkon beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG