Breaking News

AQSh-Markaziy Osiyo: Toshkentda muzokaralar


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo safarini Ukrainadan boshladi, Kiyev, Ukraina, 2020-yil, 30-yanvar
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo safarini Ukrainadan boshladi, Kiyev, Ukraina, 2020-yil, 30-yanvar

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Qozog’iston va O’zbekistonga safarini boshlayapti. Toshkentda Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlari darajasida "C5+1" guruhining navbatdagi yig’ilishi rejalangan.

3-fevralga belgilangan, mintaqadagi geosiyosiy vaziyatda siljishlar ehtimoli kuchaygan bir paytda o’tayotgan bu uchrashuv AQSh-Markaziy Osiyo hamkorligi istiqbolini belgilashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanmoqda.

Mayk Pompeo Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashadi. Bu muzokaralardan bir necha kun o’tib, O’zbekiston rahbari Rossiyaga rasmiy safar bilan borishi kutilyapti.

Mirziyoyevning Moskvada Prezident Vladimir Putin bilan kutilayotgan muzokaralari esa Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatda yangi burilishlar yasashi mumkin.

Davlat kotibining Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi, Markaziy Osiyo-AQSh tashqi ishlar vazirlarining Toshkentdagi yig’ilishi Moskvada kutilayotgan shu muzokaralar arafasida yanada muhim ko’rinadi.

O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi ehtimolining mavjudligi mintaqaviy hamkorlikka, xususan, AQSh tomoni qo’llayotgan "C5+1" guruhi maqsadlariga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Samarqandda asos solingan "C5+1" guruhining asosiy maqsadi AQSh ko’magida Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirish. Bu muloqot shakli mintaqa davlatlari bilan ikki tomonlama munosabatlarga emas, Markaziy Osiyoga nisbatan yaxlit hamkorlik dasturini ishlab chiqishga qaratilgan.

Markaziy Osiyoning mustaqilligi va birdamligini olqishlab kelayotgan AQSh bu borada O’zbekistonning yetakchiligiga umid qilmoqda.

AQSh elchisi Daniel Rozenblum mintaqa prezidentlari Toshkentda sammit o’tkazishi ortidan Markaziy Osiyo davlatlarining qudratli davlatlar ishtirokisiz mustaqil yig'ilishi eng yaxshi format ekanini ta’kidlagan, mintaqaviy hamkorlikka yetakchilik qilayotgan O’zbekistonni olqishlab chiqqan edi.

Ammo dekabrda o’tgan mintaqaviy sammitdan keyingi o’zgarishlar, xususan, Toshkentning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tomon yaqinlashib borayotgani Markaziy Osiyo yaxlitligiga soya tashlay boshlagani aytiladi.

Ayni paytdagi vaziyatga ko’ra, O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi siyosiy partiyalar tomonidan quvvatlangan, hukumat bu birlashmaga qo’shilish yuzasidan tuzilgan qo’shma komissiya xulosalarini kutmoqda. Prezident Mirziyoyevning so’nggi bayonoti esa O’zbekiston tashkilotga kuzatuvchi maqomida qo’shilishi mumkinligidan darak bermoqda.

O’zbekistondagi ijtimoiy fikrlar, matbuotdagi chiqishlar ham jamoatchilikda mamlakatning Rossiya yetakchiligidagi tashkilotga qo’shilishidan keskin xavotirlar mavjudligini ko’rsatadi.

Bu mamlakat prezidenti tomonidan ham tan olingan. Shavkat Mirziyoyev bir necha bor tashkilotga qo’shilish mustaqillikka daxl qilmasligi haqida bayonot qildi, ammo prezidentning bayonoti ham jamoatchilikdagi mavjud hadikni aritgani kuzatilmaydi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning O’zbekistonga safari shu munozaralar jarayoniga to’g’ri kelayotgani jamoatchilik diqqatidan chetda qolmagan.

Mahalliy faollarning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida bir tomondan Xitoy sarmoyasi, ekspansiyasi tahdidi oshayotgan, boshqa tomondan Rossiyaning bosimi kuchayib borayotgan bir paytda AQSh davlat kotibining O’zbekistonga kelayotgani, yirik iqtisodiy sarmoyalarsiz bo’lgan taqdirda ham, mamlakat uchun jiddiy siyosiy qo’llov ekaniga diqqat qaratiladi.

Sharhlovchilar O’zbekistonning Kreml ta'siridagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga tortilishi Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatni tubdan o’zgartirishi, mintaqaviy integratsiya taqdiri yana bir necha o’n yillar orqaga surilishi mumkinligi haqida mulohaza yuritmoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipovning ta’kidlashicha, O’zbekiston tarixan mintaqaning siyosiy, madaniy markazi, mintaqa o’rni va yaxlitligi timsoli bo’lib kelgan.

“Tashqi siyosatda O’zbekistonning birlamchi manfaatlari bu mintaqaviy integratsiyaga erishish bo’lishi kerak. O’zbekiston hozir Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilgan taqdirda, butun Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatda tubdan o‘zgarishlar, siljishlar boshlanadi. Aynan shuning uchun ham Yevrosiyo birlashmasi mamlakat manfaatlariga javob bermaydi, gap faqat iqtisodiy ittifoq, hamkorlik haqida ketayotgani yo’q, balki siyosiy, madaniy, ijtimoiy burilish haqida ketmoqda. Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqobat ziddiyatlashishi qudratli davlatlar o’rtasidagi muvozanatni talab etadi, ma’lum bir tomonga og’ishni emas”, - deydi Farhod Tolipov.

Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlarining "C5+1" shaklidagi uchrashuvlariga 2015-yilda Samarqandda asos solingan edi.

Muloqot Markaziy Osiyo uchun dolzarb bo’lgan xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish, transport, energetika sohasida o’zaro hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qiladi.

"C5+1" guruhi hozirgacha bir nechta uchrashuvlar o‘tkazdi, muloqot doirasidagi loyihalar AQSh tomonidan moliyaviy qo’llab-quvvatlanadi.

Siyosatshunoslar "C5+1" guruhiga asos solinishini nafaqat iqtisodiy ko’mak, balki AQSh tomonidan mintaqa mamlakatlari mustaqilligi qo’llab-quvvatlangan siyosiy ishora o’laroq ham baholashadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG