AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Elis Uells (Alice Wells) 7-yanvar kuni Tojikiston poytaxtida jurnalistlar bilan uchrashuvidan so‘ng "Ozodlik" radiosining tojik xizmati bilan gaplashar ekan, chegara xavfsizligi borasida alohida to'xtaldi. Shu kungacha Vashingtonda bu yo'nalishda Tojikistonga 200 million dollarlik yordam ko'rsatgan.
Elis Uells: Tojikistonda ilk bor 1992-1994-yillar faoliyat yuritgandim. U paytlar Dushanbeda AQSh Elchixonasining tashkil etilishiga hissa qo‘shgan edim. Bugun Tojikistonning aqalli oxirgi 20 yilda qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bugungi uchrashuvlarda Tojikistonning qo‘lga kiritgan yutuqlari to‘g‘risida gapirdim, jumladan, davlat xalqni elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlaganligi haqida. Albatta, bu suhbatlarda Afg‘onistondagi notinch holat tufayli mavjud bo‘lgan muammo va xatarlar haqida ham suhbatlashdik. Davlat hukumatiga xushxabar shu ediki, Qo‘shma Shtatlar Tojikiston xavfsizligiga alohida e'tibor beradi. Buning bir isboti ikki davlatning chegara xavfsizligi masalasidagi hamkorligi. Qo‘shma Shtatlar chegara xavfsizligini mustahkamlash uchun 200 million dollardan ortiq yordam qildi. Bu texnik va amaliy yordam bo‘lib, davlat kuchlari uchun radar, maxsus moshinalar, maxsus aloqa tajhizotlari kabilar edi. General Rahmonali [Rajabali Rahmonali, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni] bilan chegarada taktik xavflar va ularga qarshi kurash to‘g‘risida oliy darajada suhbat qildik. Men davlatning yuqori mansabdoridan shunday yordamlar uchun minnatdorchilik eshitdim, xususan, o‘nta chegara o‘tish joylarini yaratganimiz uchun minnatdorlik bildirishdi. Men Tojikiston hukumatini Amerika Qo‘shma Shtatlari mintaqani tark etmasligiga ishontirdim: biz Afg‘onistonda terrorizmga qarshi kurashni davom ettiramiz va Afg‘oniston bundan keyin terrorchilar uchun Tojikistonga yoki AQShga va uning ittifoqchilariga qarshi ko‘prik vazifasini o‘tamasligiga ishonchimiz komil.
"Ozodlik": Tojikiston rasmiylari ko‘pincha mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosimni va so‘z erkinligini cheklanishini mamlakatda xavfsizlikni ta'minlash zarurati bilan bog‘laydi. "Ozodlik" radiosi jurnalistlari va xodimlari Tojikiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditasiya muddatini uzaytirishni kutishmoqda. Siz bu masalani rasmiylar bilan muhokama qildingizmi va qanday javob oldingiz?
Elis Uells: Ushbu mavzu bo‘yicha yuqori darajadagi amaldorlar bilan suhbatlarimdan qat'i nazar, shuni ta'kidlashni istardimki, rasmiylar "Ozodlik" radiosi xodimlarini o‘z vaqtida akkreditasiya qilishi kerak va akkreditasiya mexanizmi jurnalistlarning kasbiy huquqlarini samarali amalga oshirishga yordam berishi kerak. Ishonchimiz komilki, mustaqil OAV mamlakatlar rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi, masalan, AQSh bu rolni juda muhim deb biladi. Tojikistonda bu yil parlament va prezident saylovlari davri bo‘lganligi sababli, faol, ochiq va ozod muhokamalar bo‘lishi juda muhimdir.
"Ozodlik": Eron va Afg‘oniston bilan muammolar Markaziy Osiyoning AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari bilan hamkorliklari ahamiyatini orttiradi. Sizningcha, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik oldida qanday geosiyosiy to‘siqlar turibdi va ular mustaqil qaror qabul qilishlariga imkon bermayapti?
Elis Uells: C5+1 formatidagi (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va AQSh) mintaqaviy hamkorlikda katta imkoniyatlar mavjud. Men bir misol keltirmoqchiman: Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbari bo‘lganidan keyin chegaralar ochilib, mintaqa davlatlarini birlashtirish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Mintaqa davlatlari bu imkoniyatdan foydalanishi kerak. C5+1 formatining bir qismi sifatida biz iqtisodiy loyihalarni ham muhokama qilmoqdamiz. Terrorizmga qarshi kurash masalalari, xususan sobiq jangchilarni vatanlariga qaytarish choralari muhokama qilinadi.
Tojikiston C5+1da xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishchi guruhga rahbarlik qiladi va biz Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishimiz mumkin. Ta'kidlamoqchimanki, biz Markaziy Osiyo davlatlarini, shu jumladan, Tojikistonni ham u yoki bu tomonni tanlashga majbur qilmaymiz. Qo‘shma Shtatlar ushbu mamlakatlarning boshqa xalqaro va mintaqaviy ittifoq va uyushmalardagi ishtirokiga qarshi hech narsa qilmaydi. Men Tojikistonning tanlash imkoniyatini cheklashga intilayotgan yoki Tojikiston uchun savdo yoki xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro munosabatlarida muammolar tug‘diradigan tashkilotlar haqida tashvish bildiraman. Bundan tashqari, barqaror bo‘lmagan yoki eng yuqori standartlarni yoki xalqaro ekologik me'yorlarni yoki mehnat standartlarini qo‘llab-quvvatlamaydigan iqtisodiy loyihalar haqida tashvish bildirmoqchiman. Biz ishonamizki, Qo‘shma Shtatlar Tojikiston uchun ham, tegishli kompaniyalar uchun ham barqaror, uzoq muddatli va eng foydali loyihalarni taklif etadi.
"Ozodlik": Xitoy, mintaqadagi qudratli davlatlardan biri, Markaziy Osiyoda, shu jumladan Tojikistonda ham yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda va uning mintaqadagi roli tobora oshib bormoqda. Ba'zi ekspertlarning fikriga ko‘ra, Xitoy va Rossiyaning mintaqadagi faolligi G‘arb mamlakatlari Markaziy Osiyoga e'tibor bermasligi ortidandir.
Elis Uells: Men bu fikrga qo‘shila olmayman. AQSh Tojikiston bilan faol hamkorlik qilmoqda. Bu yerda AQSh Savdo palatasining tarmog‘i mavjud, amerikalik ishbilarmonlar Tojikiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga qiziqishmoqda. Shuningdek, AQSh uzoq yillardan beri Tojikistonga xorijiy sarmoyalarni kiritish sharoiti yaxshilanishi uchun iqtisodiy islohotlar o‘tkazilishini tashviq etib keladi. Agar bu ish amalga oshmaydi, desak xato qilamiz. Aksincha, Tojikiston sarmoya kiritishda, tashkilotlar va qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabatlardan foydalanishi lozim. Bizning loyihalarimizda Tojikistonga va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga yodam berish ko‘zda tutilgan. Masalan, biz muhim loyihani amalga oshirishda yordam berishni rejalashtirmoqdamiz - Markaziy Osiyo energiya bozori, shu sababli mintaqa mamlakatlari elektr energiyasini taqsimlashni yaxshiroq hal qilishi uchun, qolgan qismi boshqa mamlakatlarga - Afg‘oniston, Pokiston va kelajakda, hatto Hindistonga eksport qilinadi. Hozirgi paytda men bilganimdek, Tojikiston Afg‘onistonga elektr energiyasini eksport qilmoqda. AQSh Tojikiston va mintaqani rivojlantirishga qaratilgan CASA-1000 mintaqaviy loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Shuni ta'kidlashni istardimki, C5+1 formati nafaqat mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, balki Afg‘oniston va boshqa davlatlar bilan ham yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga imkon beradi.
Facebook Forum