Breaking News

Rahmon Yevropada ekan, Tojikistonda so'z erkinligini ta'minlashga chaqiriqlar


Tojikiston va Fansiya rahbarlari uchrashuvi
Tojikiston va Fansiya rahbarlari uchrashuvi

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Yevropa bo’ylab uchrashuvlar o’tkazmoqda. Uning safari so’z erkinligini ta’minlashga doir chaqiriqlar kuchayishi, Tojikistondan quvilgan muxolifat vakillari uyushtirayotgan norozilik aksiyalari soyasida o’tmoqda.

Rahmonning Parijda Prezident Emmanuel Makron bilan uchrashuvi noroziliklarga asosiy nishon bo’lgan. Xalqaro tashkilotlar Fransiya prezidentini Tojikistondagi so’z erkinligi va inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatga diqqat qaratishga chaqirishgan bo’lsa, Yevropadagi tojik muxolifati “diktatura” to’xtatilishini talab qilmoqda.

5-noyabr kuni Tinchlik va milliy birlik asoschisi, millat yetakchisi Tojikiston prezidenti, hurmatli Emomali Rahmonning Shveysariya Konfederatsiyasiga rasmiy safari boshlandi, deb yozadi Tojikiston davlat agentligi “Xovar”.

Shveysariyada o'tgan muzokaralar
Shveysariyada o'tgan muzokaralar

Yevropa bo'ylab safar qilayotgan Rahmon Shveysariyadagi uchrashuvlaridan so’ng Fransiyaga yo’l oldi, 8-noyabr kuni Prezident Makron bilan ko'rishdi. Prezidentlar ikki tomonlama aloqalar, Fransiya va Markaziy Osiyo o’rtasidagi ko’p tomonlama hamkorlik yuzasidan fikr almashgan.

Rahmon, shuningdek, Parijda boshqa bir qator fransuz rasmiylari bilan, mamlakatdagi ishbilarmon doiralar bilan ham uchrashuv o’tkazgan. Fransiyalik investorlar bilan o’tgan tadbirda u Tojikistondagi o’zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’ruza qilgan.

Tojikiston prezidentining Fransiyadagi muzokaralari davomida hamkorlikni rivojlantirishga doir qator hujjatlar, Fransiya kompaniyasi bilan Tojikistondagi “Talko” zavodini modernizatsiyalsh yuzasidan shartnoma imzolangani xabar qilinmoqda.

Rahmon va Makron o’rtasida kechgan muloqotda xalqaro tashkilotlar, huquq himoyachilari talab qilib kelayotgan so’z erkinligi masalasi qanchalik muhokama qilingani noma’lum.

Tojikistonni 90-yillardan buyon boshqarib kelayotgan Emomali Rahmonning Yevropaga bu galgi safari mamlakatda inson huquqlari, so’z erkinligiga doir vaziyat keskin yomonlashgan bir vaziyatda o’tmoqda. Shveysariyada ham, Fransiyada ham Tojikistondan quvilgan muxolif faollar ishtirokida norozilik aksiyalari tashkil qilingan.

Hukumatga muxolif bo'lgan "Tojikiston milliy ittifoqi" a'zolarining Parijda namoyishi
Hukumatga muxolif bo'lgan "Tojikiston milliy ittifoqi" a'zolarining Parijda namoyishi

Aksiya qatnashchilarining Rahmonga qo’yayotgan asosiy talablari - qamoqdagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish, muxolifatga nisbatan tazyiqlarni to’xtatish, mamlakatda so’z erkinligini ta’minlash.

So’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat Fransiyadagi rasmiy muzokaralarda emas, Shveysariyada Rahmonning “Ozodlik” radiosi prezidenti Jeymi Flay (Jamie Fly) bilan o’tgan uchrashuvida muhokama qilingan.

“Xovar” agentligining yozishicha, uchrashuvda Tojikistondagi so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat, xususan “Ozodlik”ning tojik xizmati (“Ozodi”) muxbirlarining akkreditatsiya masalasi muhokama qilingan.

Rahmon “Ozodi” jurnalistlarini mamlakatdagi voqealarni buzib ko’rsatishda, bu radio mamlakatda faoliyati taqiqlangan partiya va harakatlarni yoritishga ortiqcha urg'u berayotganlikda tanqid qilgan.

“Ozodi” radiosi tarqatgan xabarga ko’ra, Jeymi Flay radio jurnalistlari xalqaro standartlarga muvofiq ishlayotgani, hukumat bosimi tufayli bu standartlardan voz kechmasligi haqida gapirgan.

So’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat Shveysariyada Rahmonning “Ozodlik” radiosi prezidenti Jeymi Flay bilan o’tgan uchrashuvida muhokama qilingan
So’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat Shveysariyada Rahmonning “Ozodlik” radiosi prezidenti Jeymi Flay bilan o’tgan uchrashuvida muhokama qilingan

Tojikiston hukumati va “Ozodi” o’rtasidagi taranglik Tashqi ishlar vazirligi radio jurnalistlarining akkreditatsiyasini cheklashi, ayrimlariga berilgan ruxsatnomalarni bekor qilishi ortidan kuzatilmoqda. Rahmonning Yevropaga safari oldidan vazirlik ayrim "Ozodi" jurnalistlarining akkreditatsiyasini 3 oydan 6 oygacha muhlatga yangilab bergan edi.

Avvalroq bir guruh amerikalik senatorlar, yaqinda esa AQSh Davlat kotibi yordamchisi Elis Uells Tojikiston hukumatiga “Ozodi” jurnalistlariga akkreditatsiya berish murojaati bilan chiqishgan edi.

Oktabrda AQShning “Vashington Post” (The Washington Post) nashri Tojikistondagi siyosiy boshqaruv, xususan so’z erkinligiga doir vaziyat haqida maqola e’lon qilgan. Unda Rahmon boshqaruvidagi hukumatning so’z erkinligini suiiste’mol qilish, jurnalistlarni qo’rqitish, tahdid va siquvga olish yo’lidan ketayotgani tanqidga olinadi.

Emomali Rahmon Yevropada ekan, so’z erkinligiga ixtisoslashgan bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan Chegara bilmas muxbirlar, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Tojikiston hukumati bilan matbuot erkinligiga doir vaziyatni muhokama qilish talabi bilan bayonot tarqatishgan edi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Rahmonning Yevropa safari 11-13 noyabr kunlari o’tishi kutilayotgan Parij tinchlik forumida ishtiroki bilan davom etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG