16-sentabr kuni kechga yaqin Qirgʻiziston va Tojikiston chegara hududida otishma yuz bergan. Oqibatda Qirgʻizistondan bir nafar, Tojikiston tomondan esa uch nafar harbiy xizmatchi halok boʻlgan.
Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotiga koʻra, mojaroda 13 kishi jarohatlangan. Tojik hukumati esa oʻz tarafidan 12 kishi jarohat olganini bildirdi. Tomonlar birinchi boʻlib oʻq chiqarishda bir-birini ayblamoqda.
Nima boʻldi?
Qirgʻizistonning Botken viloyatidagi Tojikiston bilan chegaradosh hududda 14-sentabr kuni boshlangan norozilik 16-sentabrga kelib keskinlashgan. Qirgʻiz rasmiylariga koʻra, bunga Tojikiston fuqarolari chegaraning aniqlanmagan qismida qurilishni boshlagani sabab boʻlgan. Natijada shomga yaqin Laylak tumanidagi Maqsat qishlogʻi yaqinida joylashgan chegara uchastkasida otishma sodir boʻlgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqqa ham videolar qo'yilgan.
Tojik taraf nima demoqda?
Tojikiston rasmiylariga koʻra birinchi boʻlib qirgʻiz taraf oʻq ochgan va qirgʻizistonliklar Isfara va Vorux anklavini bogʻlovchi yoʻlga oʻtkazish punktini qurmoqchi boʻlayotgani aholida norozilik tugʻdirgan.
“Amerika ovozi”ning Tojikistondagi muxbiri Ozod Mas'ul:
“Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi chegara qoʻshinlari bergan rasmiy bayonotga koʻra, 16-sentabr kuni B.Gafurov tumani Ovchi qalacha qishlogʻidagi chegara hududida qirgʻizlar ikki taraflama kelishuv shartlariga amal qilmay, noqonuniy holda nomaʼlum inshoot qurish ishlarini boshlaydi. Mahalliy aholi chiqib, qurilishni toʻxtatishni talab qiladi. Qirgʻizlar esa, 250-300 harbiylarni chegaraga keltiradi. Oqshom soat 19:00 da qirgʻiz harbiylari qurolsiz mahalliy aholiga qarata oʻq ochadi”.
Uning kuzatishicha, mazkur voqeani Tojikistonda turib xolis yoritishga urinayotgan matbuot bilan birgalikda, milliy manfaatlarga yon bosayotgan OAVlar ham bor.
“Ammo tojik-qirgʻiz chegara bahslarida na milliy manfaat va na haqiqatni ortidan quvmaslik kerak. Chunki, milliy manfaat deyilsa, har ikki davlat yana uzoq yillar kelisha olmaydi. Shuning uchun, bu yerda tinchlik oʻrnatilishi uchun har ikki taraf hukumati ham yon bosishi kerak. Albatta, bu toʻqnashuvlar hukumatlar uchun foydali, diqqatni markaziy hukumat siyosatidan chalgʻitish uchun qoʻl kelyapti, degan fikrlarda ham jon bor. Ammo ayni holatda aksincha ham boʻlmoqda. Har ikki davlat aholisi orasida oʻz hukumatiga nisbatan ishonchsizlik ham oʻsib kelmoqda”, - deya yoritadi muxbir.
Nega bunday boʻlyapti?
Chegarada birinchi bor mojaro boʻlayotgani yoʻq. Joriy yilda Qirgʻiziston va Tojikiston chegarasida bir nechta yirik toʻqnashuv yuz berdi. Qirgʻiziston tomon chegaraga yaqin hududda yashagan fuqarolarini bungacha ham ikki bor evakuatsiya qilishiga toʻgʻri kelgan. Chegaraning aniqlanmagan hududlarni talashishi oqibatida avvalroq bir necha tojikistonlik halok boʻlgan edi.
Bundan tashqari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston 407 gektar yerini oʻzaro ayirboshlashi ortidan 10-sentabrda Karkidon suv omborining oldida mahalliy turgʻunlar bilan Oʻzbekiston chegarachilari oʻrtasida janjal chiqqan. Oʻsh viloyatiga qarashli Aravon tumanidagi Karkidon qishlogʻining yashovchilari Oʻzbekiston tomon suv ombori yoniga toʻsiqlar oʻrnatayotganidan norozi boʻlib toʻplangan.
Markaziy Osiyodagi voqealarni Yevropadan turib kuzatib borayotgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, qoʻshni davlatlar oʻrtasida yuz berayotgan bu voqealarga uch omil sabab va bu omillarning bari Qirgʻiziston bilan bogʻliq.
“Birinchisi, Qirgʻiziston Markaziy Osiyoda haqiqatdan demokratiyaga eng yaqin boʻlgan davlat [...] Qirgʻizistonda parlament kuchli, jamoatchilik fikri kuchli, partiyalar tuzish oson va jamoatchilikning erkin fikrlash va erkin harakat qila olish imkoni mavjud. Bundan imkoniyat qolgan toʻrt respublikada mavjud emas. Qolgan toʻrtta respublikaning hammasi Qirgʻizistonga nisbatan ancha kuchli avtoritar davlatlar. Qirgʻizistonning ikkinchi xususiyati - bu markazlashgan davlatning, hukumatning ancha zaif ekani. Bir tomondan jamiyat erkin, ikkinchi tomondan markaziy hukumat juda zaif. Yaʼni hukumatning qarorlari jamiyat ishonchiga sabab boʻlmaydi. Shuning uchun odamlarning markaziy hokimiyatga ishonchsizlik bilan qarashi va uning qarorlarini inkor qilishi koʻpincha davom etaveradi. Uchinchisi esa bu Qirgʻiziston zehniyatidagi ancha yuqori darajadagi millatchilik deyishimiz mumkin”, - deydi siyosatshunos .
16-sentabrda yuz bergan voqea ortidan Tojikiston tashqi siyosat idorasi Qirgʻizistonga norozilik notasini topshirdi. Bundan avvalroq esa Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi ham Tojikistonning Bishkekdagi elchisiga oʻz shikoyatlarini aytib, norozilik notasini topshirgan.
Facebook Forum