Breaking News

Qirg'iziston-O'zbekiston o'rtasida chegara ziddiyatlari kuchaymoqda


O'sh, Qirg'iziston
O'sh, Qirg'iziston

Shu kunlarda Qirg’iziston ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda qo’shni O’zbekiston bilan munosabatlar, xususan, chegara masalalari qaynoq mavzu bo’lib qoldi. Aksar mahalliy arboblar va tahlilchilar bugungi vaziyatda O’zbekistonni aybdor, deb hisoblaydi.

O'zbekiston chegarada nazorat kuchaytirilganini Navro'z bayrami arafasida ko’rilgan xavfsizlik choralari deya izohlab, tegishli shartnomalar buzilmaganini da'vo qilmoqda.

Ammo qirg’iz rasmiylari qo’shni tomonni chigal masalalarni kuch yo’li bilan yechishga urinishda ayblamoqda. Qirg’izistonga ko'ra, O’zbekiston harbiy texnikasi va askarlari chegaraning bahsli maydonlariga kiritilgan.

24-mart kuni jurnalistlar bilan suhbatda Prezident Almazbek Atambayev agar chegaradagi vaziyat nodo’stonaligicha qolaversa, Toshkentda o’tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammitida ishtirok etmasligini aytdi. U O'zbekistonning Qirg’iziston yo’nalishidagi amaliyoti va siyosatini keskin qoraladi.

“Avvallari bizlarni elektr quvvati hamda tabiiy gazni bermay qo’yamiz, deb qo’rqitar edilar. Keyingi besh yil ichida ushbu bosim vositalari yo’qqa chiqdi. Shu bois bunday qadamlarga borishayapti”, - dedi prezident Atambayev.

Avvalroq matbuotda Bishkek Toshkent bilan diplomatik aloqalarni uzishi ehtimoli haqida xabarlar paydo bo’lgan edi.

Axborot bahsida Toshkent so’z erkinligi ancha taraqqiy etgan Qirg’izistonga bas kelolmayotgani ko’rinib turibdi. Har holda qo’shni tomonning axborot maydonida keng qamrovli va ta’sirli javob harakati sezilmaydi.

Ayni paytda qator xorijiy kuzatuvchilar nazarida qirg’iz matbuoti ko’p hollarda masalaga bir tomonlama yondashayotgani va omma fikri ham shu tarzda shakllanayotgani ko’zga tashlanadi.

Mutaxassislarga ko’ra, bunday amaliyotning salbiy tomonlaridan biri - yoshlarni jazavaga solishi mumkin. Ehtirosga berilgan guruhlardan esa har narsa kutish mumkinligi sir emas. Aytish joizki, mahalliy huquq-tartibot tizimlari internetda gij-gijlovchi chaqiriqlar, millatchilik ruhidagi chiqishlar ko’payganini qayd qilmoqda.

Qator chet ellik kuzatuvchilar, jumladan, rus harbiy eksperti Biktor Litovkin va Markaziy Osiyo bo’yicha tahlilchi Aleksandr Knyazev O’zbekiston harakatlarida Qirg’izistonga tahdid alomatlari kuzatilmayotganini aytadi.

Rossiyalik siyosatshunos, Markaziy Osiyo bo’yicha ekspert Arkadiy Dubnov fikricha, rasmiy Bishkekning qirg’iz-o’zbek chegarasi masalasini Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti darajasiga ko’tarishi vaziyatni yumshatishga xizmat qilmaydi.

“Bu o’rinda bosiqlik, aql ustivorligi joiz. Aynan shu xislatlar Qirg’izistonlik qoni tez siyosatchilarga yetishmaydi”, - dedi Dubnov Moskvada chiqadigan “Nezavisimaya gazeta” bilan suhbatda.

Unincha, rasmiy Bishkekning demarshi birinchi navbatda propaganda maqsadlarini, ya'ni O’zbekiston tomonini mintaqada tinchlik va barqarorlikka xavf solayotgan taraf sifatida ko’rsatishni va Toshkentni qoralashga erishishni ko’zlaydi.

Ayrim kuzatuvchilar Bishkekning chegara masalasida shov-shuv ko'tarayotganidan yana bir maqsad - aholi diqqatini ichki muammolardan, jumladan, amaldagi hukumatga qarshi chiqishlardan chalg’itish bo'lishi mumkin, deyishadi.

Agar bu taxminlar o’rinli bo’lsa, Bishkek o’z maqsadlariga qaysidir darajada erisha oldi, deydi kuzatuvchilar. Bir tarafdan, muxolifat chegaradagi vaziyat bois norozilik chiqishlarini to’xtatishga qaror qilganini ma’lum bo'ldi. Ikkinchidan, O’zbekiston qiyofasiga ham ma’lum darajada putur yetkazildi. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti qirg’iz-o’zbek chegarasidagi vaziyatni kuzatib borishga jazm qildi.

Oddiy odamlar chegaradagi vaziyat va umuman ikki mamlakat munosabatlari tezroq yaxshilanishidan umidvor.

Prezident Atambayevning 24-mart kungi chiqishida Toshkentga nisbatan qattiq-qattiq iboralar yangrar ekan, ayni paytda vatandoshlarni sabr-qanoatga, yaxshilikka ishonishga, aql-farosat bilan ish ko’rishga chorladi.

Mahalliy jamoatchilik vakillari ushbu sifatlar, ayniqsa, siyosatchilarda, bu o’rinda, ikki qo’shni mamlakat davlat arboblarida mujassam bo’lishi muhimligini ham ta’kidlab o’tishdi.

XS
SM
MD
LG