Breaking News

Qirg'iziston: Yangi inqilob kutmang, lekin xalq dardga to'la


Qirg'izistonda har bahor muxolifat faollashadi. Ikki inqilobni va qonli mojarolarni boshdan kechirgan xalq iqtisodiy-ijtimoiy muammolar changalida qolmoqda.
Qirg'izistonda har bahor muxolifat faollashadi. Ikki inqilobni va qonli mojarolarni boshdan kechirgan xalq iqtisodiy-ijtimoiy muammolar changalida qolmoqda.

Qirg’izistonda muxolif kuchlar mamlakat janubida qurultoy o'tkazib, o'z talablarini olg'a surmoqda. Milliy muxolifat harakati yaqinda Jalol-Obod viloyatida norozilik tadbirlari uyushtirdi. Ekspertlar nazarida mamlakatda yangidan inqilob bo'lishi ehtimoli juda past lekin xalqning dardini tinglash kerak. Hukumat va muxolifat ommadan uzoqlashib ketmasligi shart.

Gap saylovlar paytida ma’muriy resurslardan foydalanishga chek qo’yish, hukumatni o’zgartirish, elektr quvvati narxini ko’tarmaslik haqida bormoqda. Tashqi siyosiy vaziyat, xususan, Qirg'iziston-O'zbekiston chegarasidagi ahvol ham muhokamada.

Qirg’izistonda muxolifatning bahorgi chiqishlari o’ziga xos odat.Mahalliy kuzatuvchilar aytishicha, dolzarb masalalar ko’tarilayotganiga qaramay, bu safar muxolifat keng omma diqqat-e’tiborini o’ziga torta olmayotgan edi.

Ammo so’ngi kunlarda Qirg’iziston-O’zbekiston chegarasida vujudga kelgan vaziyat jamoatchilikni sergak torttirgan.

Ma’lumki, qo’shni O’zbekistonning chegaraning tasdiqdan o’tmagan hududida ikki bronetransporter va bir guruh askarlar joylashtirishi Qirg’izistonda o’ta asabiy ravishda qabul qilindi.

Hukumat Toshkentga norozilik notasi yubordi hamda zudlik bilan masalani Moskva rahnamoligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining doimiy kengashi kun tartibiga qo’ydi. Ayni paytda mahalliy huquq-tartibot tizimlari ayrim yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda gij-gijlovchi chaqiriqlar bilan chiqayotganini qayd qilmoqda.

Kecha Jalol-Obod viloyatining Axsi tumanida o’tgan mitingda muxolifat rahbarlaridan biri Azimbek Beknazarov Bishkek va Toshkent o’rtasida vositachilik uchun janob Putinni jalb etishni taklif qildi. Yig’ilishda qatnashgan Bosh vazir Temir Sariyev hukumat tegishli chora-tadbirlar ko’rmoqda va jamiyat jipsligi, hamjihatligi alohida ahamiyat kasb etadi, deya ta’kidladi.

Siyosatshunos, O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev fikricha, hozirgi Birlashgan qirg’iz muxolifatining salohiyati va ta’sir doirasi ancha tor. O’sha-o’sha (hukumatga, parlamentga goh kirib, goh undan ketib, amaldagi rahbariyat bilan faoliyat olib borgan va hozirga amaldan tushib qolgan) arboblar, deydi u.

“Ne deyilsa-da, muxolifat Qirg’izistonda bo’lib kelgan va bo’ladi. Mustaqillik yillari ro’y bergan har ikki inqilob aynan muxolifat kuchi bilan o’tkazilgan. Oppozitsiyaning ham, amaldagi hokimiyatning ham xatosi - o’sha inqiloblardan, ta’bir joiz bo’lsa, muxolifatning “sarguzashtlaridan” saboq olishmadi. Esimda, mamlakatni o’n besh yil boshqargan birinchi prezidentimiz ham qarshi fikrli siysatchilarni mensimagan, uning atrofidagilar bot-bot “It hurar - karvon o’tar”, kabi iboralarni qo’llashardi. Keyin ham shunday munosabat davom etdi. Muxolifatni inkor qilib bo’lmaydi, unda quloq tutish lozim”, - deydi Arap Anarbayev.

Uningcha, muxolifatmi yoki hukumat, aholi bilan muntazam muloqot olib borishi lozim.

“Birinchidan, muxolifatdan cho’chimaslik kerak. U ham o’z ishini qiladi - xalq orasida obro’ qozonishga, kelasi saylovlarda ovoz olishga intiladi. Ikkinchi masala - Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi vaziyat - ogohlikka chorlaydi. Beqarorlikni bizning mintaqaga yoyishdan manfaatdor tashqi kuchlar mavjud. Katta davlatlar xorijdagi o’zlariga yoqmagan hukumatlarni osonlikcha ag’darib tashlayotgani, ming-ming odamlarni sarsonlikka duchor etayotganini ko’rib turibmiz. Binday sharoitda mintaqa davlatlarining rahbarlari hushyor bolishlari, o’ylab ish qilishlari kerak”, - deydi Arap Anarbayev.

“Shunday qaltis paytda chegara masalasini ko’tarib, g’ala-g’ovur chiqarish zarurmi? Qirg’iz-o’zbek chegarasidagi vaziyat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining doimiy kengashida muhokama qilinar emish. Ular nima ham deyishardi? Yana Rossiya chora izlashiga to’g’ri keladi. Bu kimga kerak? O’zbekistonga kerakmi? Qirg’izistonga kerakmi?”, - deya so'raydi professor.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG