Breaking News

O'zbekiston-Tojikiston chegarasidagi xuruj ortida kim turibdi?


O'zbekiston-Tojikiston chegarasida yuz bergan xuruj
O'zbekiston-Tojikiston chegarasida yuz bergan xuruj

O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan Tojikiston chegara xizmati harbiy bo‘linmasida yuz bergan qonli to‘qnashuv O‘zbekiston va Tojikistonning tegishli organlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Bu haqda Tojikiston va O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari hamda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumot berdi.

Ayni paytda Tojikiston rasmiylari mazkur hujum IShID terrorchi guruhi tomonidan amalga oshirilganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, to‘qnashuv paytida qo‘lga olingan jangarilar so‘roq qilinganda, ular 3-noyabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston shimoliy-sharqidagi Qunduz viloyatining Qal’ai Zol tumanidan Tojikiston janubidagi Qobodiyon tumani hududiga kirganligi ma’lum bo‘lgan.

"Ular “Ishqobod” chegara nazorat punktini o‘zlariga munosib joy deb tanlab, qurolli hujumga qo‘l urdilar", - deyiladi Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarnomasida.

Odatda, o‘z amaliyotlari haqida zudlik bilan xabar tarqatuvchi IShID guruhi hozircha Tojikiston rasmiylarining xabariga biror izoh bergani ma’lum emas.

Malumotlarga ko‘ra, 6-noyabrga o‘tar tuni soat tungi 3:23 da poytaxt Dushanbedan 50 chaqirim g‘arbda, Ro‘dakiy tumanida joylashgan "Sultonobod" chegara otryadining 4-raqamli "Ishqobod" chegara bo‘linmasiga taqriban 20 nafar qurollangan kishilar hujum qilgan. Ularning hammasi qora niqobda bo‘lgan. Hujum paytida ular Tojikiston chegara xizmatchilariga tegishli bo‘lgan 5 ta Kalashnikov avtomat qurolini qo'lga kiritgan.

Chegarachilar va noma'lum shaxslar orasida otishma boshlangach, hukumat to‘qnashuv joyiga qo‘shimcha kuchlarni yuborib, hujumchilar qurshab olinadi. Natijada jangarilarning 4 ta avtomashinasi yo'q qilinadi va 15 hujumchi o‘ldiriladi. Ularning qochishga uringan 4 nafari Ro‘dakiy tumanining Esanboy qishlog‘ida qo‘lga olinadi.

Chegara nazorat nuqtasiga qilingan hujum paytida bir nafar Tojikiston chegara qo‘shinlari xizmatchisi va bir nafar ichki ishlar xodimi ham halok bo‘lgan.

Mazkur hujum Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Yevropaga safari paytida va mamlakatda Konstitutsiya qabul qilinganligining 25-yilligi qayd etilayotgan kunda yuz berdi.

Ayni paytda Dushanbe shahar atrofi va Dushanbe–Boxtar shoh yo‘lida harbiylar har bir yo‘lovchi mashinani tekshirmoqda.

Qurolli hujum nima uchun aynan Tojikiston va O‘zbekiston orasidagi chegara nazorat nuqtasiga uyushtirilgani haqida hozircha biror ma’lumot berilgani yo‘q.

O‘zbekiston chegara xizmati matbuot xizmati ham mazkur hujum tafsilotlari o‘rganilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

“Sodir bo‘lgan voqea haqida bizni xabardor qilishdi. Biz vaziyatni o‘rganayapmiz va Tojikistonning tegishli muassasasi bilan aloqada bo‘lib turibmiz”, - deydi O‘zbekiston chegara xizmati mas’uli.

Tojikiston va O‘zbekiston orasidagi chegara uzunligi 1330 kilometrni tashkil etadi. Sovet Ittifoqi tarqab ketganidan keyin ikki davlat orasidagi chegaralar aniqlanib, belgi qo‘yib chiqilgan. Ammo umumiy chegaraning taqriban 20 foizi hozirgacha delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan.

2018-yilning 8-9-mart kunlari Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvi paytida ikki davlat orasidagi chegaraning ayrim dolzarb qismlari bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlar imzolagan edi.

Siyosiy tahlilchi Ilhom Yusupovning aytishicha, barcha qurolli hujumlarni IShIDga nisbat berish uncha to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin.

"Bu holatni yanada chuqurroq tahlil qilish lozim. Tungi hujumda 20 nafar jangari qatnashgan va zararsizlantirilgan bo‘lsa ham, ularning yana boshqa hammaslaklari bo‘lishi mumkin. Eng asosiysi, bu 20 nafar qurolli hujumni amalga oshirganlar. Aslida uni tashkil etganlar kim? Haqiqatdan ham IShID terroristik guruhi bo‘lishi ham mumkin, bunday bo‘lmasligi ham. Barcha qonli to‘qnashuvlarni IShIDga nisbat berish ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Masalani oxirigacha o‘rganib chiqish kerak. Ikki muhim nuqtani qayd etmoqchiman. Birinchidan, bu yerda ichki omillarni ham hisobga olish lozim. Mamlakat ichidagi ijtimoiy adolatsizlik, korrupsiya va boshqa illatlar ham yig‘ilib-yig‘ilib bir kuni portlab chiqishi mumkin. Ikkinchidan, bu yerda aynan IShID terroristik guruhi emas, balki Tojikiston va O‘zbekistonning yaxshi munosabatlaridan manfaatdor bo‘lmagan uchinchi bir kuch – qudratli bir davlatning qo‘li bo‘lishi ham mumkin, - deydi u.

Ilhom Yusupov Tojikiston va O‘zbekistonning tegishli organlari tomonidan bu voqea atroflicha o‘rganilib, yakuniy xulosalar chiqarilishidan umidvor. Bunday masalalarni oxirigacha o‘rganish Markaziy Osiyo tinchligi uchun juda muhim", - deya qo'shimcha qiladi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG