Breaking News

Tojik-qirg‘iz muzokaralari: harbiy kuchlar chegaradan olib ketiladi


Tojikiston va Qirg'iziston rasmiylari uchrashuvi
Tojikiston va Qirg'iziston rasmiylari uchrashuvi

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida to‘rt harbiyning o‘limi va o‘ttizga yaqin odamning jarohat olishiga sabab bo‘lgan qurolli to‘qnashuv ortidan boshlangan muzokara bo'yicha yakuniy xulosa e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, to‘qnashuv yuz bergan bahsli hududda Qirg‘iziston tomoni kelishuvlarga zid holatda qurilgan nazorat minoralarini qayta buzishiga va Tojikiston tomoni bu hududda nazorat minoralari qurmasligiga kelishilgan. Bu haqda birinchi bo‘lib "Asia-Plus" axborot agentligi Tojikiston huquqni himoya qilish organidagi manbasiga tayanib xabar berdi. Shuningdek, 18-sentabr kuni soat 18:00 gacha har ikki tomon qo‘shimcha harbiy kuchlarni chegara hududidan olib chiqib ketishiga kelishib olindi.

Tojikistonning Ovchi-qal’acha qishlog‘i joylashgan Bobojon G‘afurov tumani va Qirg‘izistonning Maqsad qishlog‘ini o'z ichiga olgan Laylak rayoni orasida 34 kilometr chegara maydoni mavjud bo‘lib, mas’ullarning aytishicha, umuman delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan. Faqat shartli chegara chizig‘i belgilangan, xolos.

Asli bu hududda qonli to‘qnashuv ana shu nazorat minoralari ortidan kelib chiqqan edi. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, ikki davlat orasidagi bahsli hududda Qirg‘iziston chegarachilari nazorat minoralari qurga. Tojikiston chegarachilari ham shartli chegara chizig‘i yaqinida shunday minoralar qurishga kirishadi. Ammo qirg‘iz chegarachilari qarshilik ko‘rsatadi. 14-sentabr kuni boshlangan noroziliklar 16-sentabrga kelib keskin tus oladi. Kechki soat 19:00 larda otishma boshlanib ketadi. Ikki yarim soatcha davom etgan otishmada tomonlar bir-biriga qarata avtomat Kalashnikov va granatamyotdan o‘q uzishadi.

Qonli to‘qnashuvdan so‘ng 17-sentabr kuni ikki davlat bosh vazirlari Qohir Rasulzoda va Muhammadquli Abilg‘oziev "Guliston–Qizil-bel" chegara o‘tish nuqtasida uchrashdi. Sug‘d viloyat hukumati matbuot xizmati boshlig‘i Muzaffar Yunusovning aytishicha, muzokaralar paytida vaziyatni mo‘tadillashtirish va qurolli to‘qnashuvlar takrorlanishini oldini olish uchun qo‘shma tadbirlar ko‘rishga ham kelishib olindi. Shuningdek, vujudga kelgan muammoni hal qilish uchun ikki davlat bosh vazir o‘rinbosarlari Azim Ibrohim va Jenish Razoqov hamda Chegara xizmati boshliqlari 18-sentabr kuni ham muzokaralarni davom ettirdi. Muzokaralarda kelgusida shunday to‘qnashuvlar kelib chiqmasligi uchun chegaralarni aniqlash ishlarini tezlashtirish lozimligi ham ta’kidlandi. Bundan tashqari, har ikki tomon imzolangan kelishuvlar shartlariga rioya qilish va aholi orasida tushuntirish ishlari olib borish majburiyatini oldi.

Tojikiston Bosh vaziri o‘rinbosari Azim Ibrohim 17-sentabr kuni Ozodlik radiosining tojik xizmati savollariga javob berar ekan, muammo hal bo‘lishi, ammo buning uchun vaqt kerakligini ta’kidlagan edi.

"Muammo chuqur ildizga ega. Bu bir yillik yo ikki yillik muammo emas. Ba’zi jihatlarini aytishni istamayman. Masala hal bo‘ladigan, ammo vaqt kerak bo‘ladi. Muhokama qilish kerak bo‘ladi. Afsuski, muzokaralar cho‘ziladi", – deydi Azim Ibrohim.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi Ularbek Sharsheevning 19-sentabr kuni "Kabar" axborot agentligiga aytishicha, muzokaralar og‘ir davom etdi, ammo yakunida yagona kelishuvga erishildi.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, muzokaralar yakunida erishilgan eng muhim nuqta – bu bir kun ichida barcha harbiy kuchlarni chegara chizig‘idan olib ketish va ikki taraflama kelishuvlarga zid ravishda qurilgan nazorat minoralarining buzib tashlanishidir.

Kelishuvlarning ushbu shartlari qanchalik ijro bo‘layotganligini aniqlash maqsadida Qirg‘izistonning Botkent oblasti Laylak rayoni Maqsad qishlog‘i bilan qo‘shni bo‘lgan Shimoliy Tojikistonning Bobojon G‘afurov tumani Ovchi-qal’acha qishlog‘ida yashaydigan mahalliy aholi vakillari bilan bog‘landik.

Qishloq markazida yashovchi Xadicha Alievaning aytishicha, mas’ullar 18-sentabr kuni tushdan so‘ng muzokaralar ijobiy yakunlanganligini e’lon qilib, odamlarni tinchlantirdi.

"Uy-joyini tashlab chiqib ketgan aholi kechga yaqin uyiga qaytdi. Shu kecha aksariyat odamlar o‘z uyida uxladi. Tuni bilan qishloq ko‘chalarida texnikalar qatnovi tinmadi", – deydi suhbatdoshimiz.

Qurolli to‘qnashuv yuz bergan hududga yaqin joyda yashaydigan ziyoli – nafaqadagi o‘qituvchi Hakimjon Zokirovning aytishicha, 18-sentabr kuni oqshom harbiy texnikalar chegara maydonidan qishloq ichkarisiga olib kirib qo‘yildi. Harbiylar ham qishloqda qolishdi. 19-sentabr kuni ham qishloqda tinchlik bilan tong otgach, texnika va harbiylar olib chiqib ketildi. Shuningdek, Tojikiston tomoni nazorat minorasi qurish uchun keltirgan qurilish materiallarini chegara mintaqasidan olib ketdi. Ammo Qirg‘iziston tomoni nazorat minoralarini qachon buzishi hozircha ma'lum emas!

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG