Tojikiston-O'zbekiston chegarasida xuruj amalga oshirgan jangarilarning Afg’onistondan o’tgani shubha ostiga olinmoqda. Xuruj ortida IShID turgani e'lon qilindi, ammo bu haqda jangari guruh tomonidan na tasdiqlandi, na inkor etildi. Ayni paytda Afg'oniston hukumati jangarilarning Tojikistonga Afg'onistondan o'tgani haqidagi ma'lumotni rad etmoqda.
Afg’oniston bo’yicha rossiyalik ekspert Andrey Sirenko jangarilarning Tojikistonda o’zbek-tojik chegarasidagi postga uyushtirgan hujumini o’ta mavhum voqea sifatida baholaydi.
Tojikiston hukumati bu hujumda IShiD guruhi a’zolarini ayblab chiqdi, ammo afg’on masalalari bo’yicha ekspert bu hujumda IShID imzosini ko’rmaydi:
“Men bu hujum tojik maxsus xizmatlari uyushtirgan provokatsiya, degan fikrdaman. Chunki men aloqada bo’lgan Afg’onistondagi jiddiy manbalar jangarilarning chegaradan o’tgan bo’lishi mumkinligini mutlaqo rad etmoqda. Ammo hujum haqida fakt bor, o’lganlar bor, qo’llari orqasiga bog’langan jangarilarning suratlari bor. Qo’li bog’langan jangarilar qanday hujum uyushtirgani alohida savol, lekin ularning Afg’oniston hududidan o’tmagani aniq. Yo’q qilingan jangarilarning ISHiDga qanchalik aloqadorligi ham muhim savol. Xullas, ularning izini Afg’oniston hududidan tashqarida izlash kerak”, - deydi u.
Mutaxassis e'tiborni Tojikistonning o'ziga qaratadi.
“Ha, buni Tojikistonning o’zidan izlash kerak. Ya’ni ularni qayerdan topishgan bo’lsa, kelib chiqishini ham shu yerdan izlash kerak. Diqqatli tomoni, IShiD ayblangan bu hujumda bu terrorchi guruh imzosi ko’rinmaydi, chunki xuruj uyushtirishda bu guruhning o’z qoliplari bor. Guruh dahshatli, shov-shuvli xurujga e’tibor qaratadi. Tojik maxsus xizmatlariga ko’ra, guruh Afg’onistondan kelgan, ammo Qal'ai- Zol viloyatidagi chegara Panj daryosidan o’tishni talab etadi, bu anchayin jiddiy qo’riqlanadigan joy. Qolaversa, jangarilar daryoni qanday, nimada kechib o’tgan? Shuning uchun ham afg’onlar 20 jangari daryoni sezdirmasdan kechib o’tganiga ishonmaydi. Bundan tashqari 3-noyabr kuni o’tgan jangarilar uch kun qayerdadir osilib qolishdi, 6-noyabrga kelib esa nima uchundir aynan O’zbekiston bilan kesishgan chegaraga hujum qilishni lozim topishdi. Agar ularning maqsadi qurolga egalik qilish bo’lsa, buni tojik-afg’on chegarasida ham amalga oshirishlari mumkin edi. Umuman IShiD ovloq joyda emas, imkon qadar markaziy joylarda xuruj uyushtiradi”, - degan fikrlarni bildiradi Rossiyadagi Afg’onistonni o’rganish markazi eksperti Andrey Sirenko.
Afg’onistondagi vaziyat, bu yerdagi jangarilarning Markaziy Osiyoga jiddiy tahdid solayotgani Rossiya tomonidan muntazam ta’kidlab kelinayotgan edi.
Bu hujumdan bir necha kun oldin Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Tojikiston va O’zbekistonda bo’lgan, Prezidentlar Emomali Rahmon va Mirziyoyev bilan uchrashib, terrorizmga qarshi kurash, xavfsizlik masalasini muhokama qilgan edi.
Tojikistondagi xuruj Toshkentda MDH xavfsizlik xizmatlari rahbarlarining Toshkentda o’tayotgan an’anaviy uchrashuvi arfasida yuz bergani ham kuzatuvchilar e'tiborini tortdi.
Uchrashuv kun tartibidagi asosiy masala Afg’oniston xavfi, terrorizm, narkotrafikka qarshi kurash sifatida belgilangan. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni MDH xavfsizlik xizmatlari rahbarlarini qabul qilgan, o’zaro hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etgan.
Andrey Sirenkoning aytishicha, Tojikistondagi xurujlar Afg’oniston tahdidini bo’rttirib kelayotgan xavfsizlik xizmatlari, jumladan, Rossiya uchun ayni muddaodek.
“Men, har qanday madaniyatli inson kabi, bu terakt aynan aniq tadbir uchun maxsus uyushtirilgan degan fikrdan yiroqman. Lekin bu xuruj MDH xavfsizlik xizmatlari yig’ini uchun ayni muddao bo’lganini e’tirof etish kerak. Ya’ni buni Rossiya ham, Tojikiston, Xitoy ham o’z maqsadlari yo'lida ishlata boshlaydi, terrorizmga qarshi kurash miqyosini kengaytirishga doir bayonotlar qilishadi. Rossiya esa Afg’oniston tahdidi haqidagi bo’rttirmani davom ettiradi, mintaqa davlatlariga bosimni oshirish, qo’rqitib qo’yish imkoniyatidan unumli foydalanadi. Albatta, hali ko’ramiz hibsdagilar qanday bayonotlar qilishadi”, - deydi Sirenko.
Tojikiston maxsus xizmatlari 6-noyabr kuni Dushanbe shahridan 60 chaqirim uzoqlikdagi “Ishqobod” chegara postiga 20 nafar jangari hujum qilgani, ularning 15 nafari yo’q qilingani haqida bayonot bergan edi.
Amaliyot paytida Tojikiston huquq-tartibot idoralaridan ikki kishi halok bo’lgan. Afg’onistondan Tojikistonga o’tgan jangarilar “IShID” terrorchi guruhi a’zolari ekani e'lon qilingan edi.
Facebook Forum