Breaking News

Tojikistonda so'z va matbuot erkinligi cheklanib bormoqda


Tojikiston rahbari Emomali Rahmon jurnalistlarni tanqidiy materiallar berishga chaqirib keladi lekin uning siyosatini savolga tuta oladiganlar juda oz. Qo'rqinch hukmron.
Tojikiston rahbari Emomali Rahmon jurnalistlarni tanqidiy materiallar berishga chaqirib keladi lekin uning siyosatini savolga tuta oladiganlar juda oz. Qo'rqinch hukmron.

Markaziy Osiyo bo'ylab so‘z va matbuot erkinligi hamon sust. Ayrim tahlillarga ko'ra, Qirg'iziston erkinlik bobida nisbatan bo'lsa-da oldinda. O‘zbekistonda ham siljish bo'lgani kuzatiladi. Biroq Tojikiston va Turkmanistonda aksincha, har qanday erkinlik kundan-kunga cheklanib bormoqda, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mutaxassislar.

"Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, Tojikiston matbuot va jurnalistlar faoliyatidagi erkinlik bo'yicha 2012-yilda 122-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2013-yilda 123-o‘rin, 2018-yilda 149-o‘rin va 2019-yilga kelib 161-o‘ringa tushib qoldi.

Mustaqil ommaviy axborot vositalarida tahliliy va tanqidiy materiallar kamayib ketdi.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 1-sentabr kuni davlat xizmatchilarini tarbiyalash uchun tashkil etilgan Boshqaruv akademiyasida qilgan chiqishi paytida hukumat mas’ullarini tanqiddan qo‘rqmaslikka, kamchiliklarni yashirishga urinmay, aksincha, ochib tashlashga va isloh qilishga chaqirdi.

"Biz o‘z ish faoliyatimizga yuqori mas’uliyat bilan yondashaylik. Xalqdan qo‘rqmaylik, tanqiddan qo‘rqmaylik. Mavjud kamchiliklarni ochib tashlab, tuzatishimiz kerak. Vatan bizu sizning vatanimiz. Isloh qilishimiz kerak. Aksincha, yashirmaslik kerak. U to‘planib-to‘planib-to‘planib, bir kuni manfiy ta’siri katta bo‘ladi. Keyin yuz yillar davomida tuzatish imkonsizning imkoni bo‘lmaydi. Isloh qilishimiz kerak. Hali imkoniyatlar bor", - dedi Prezident Rahmon.

Bundan oldin ham Rahmon matbuotni mansabdor shaxslarga faqat maqtovlar yog‘dirmay, tanqid ham qilishga, kamchiliklarni ochiq aytishga chaqirgan edi.

Shunga qaramay mamlakatdagi eng faol, kamchiliklarni ochiq ko‘rsatadigan axborot resurslariga kirish imkonsizligicha qolmoqda. Ayni kunlarda "Asia Plus" saytiga VPN orqali ham kirib bo‘lmayapti.

Agentlik muassisi Umed Boboxonov "Ozodlik" radiosining tojik xizmati bilan suhbati paytida 20 yildan beri mamlakatda eng faol bo‘lib kelgan news.tj sayti bugungi kunda uchrayotgan muammolar hukumat emas, alohida shaxslar tomonidan sun’iy tashkil etilayotganligiga ishora qiladi.

"O‘ylaymanki bugun o‘tkazilayotgan tazyiq hukumat yoki davlatning ishi emas. Bu alohida shaxslarning ishi va adolat yuzasidan emas. O‘ylaymanki, bu odamlar millat manfaatlariga qarshi, xalq manfaatlariga qarshi va hukumat manfaatlariga qarshi ish qiladi", - deydi Boboxonov.

Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Tojikistondagi mustaqil OAV ichida eng ko‘p o‘qiladigan manba "Asia Plus" agentligi yoki news.tj saytidir. Xalqaro OAV ichida esa "Ozodlik" tojik xizmati yetakchilik qiladi. Ammo mazkur radio ham joriy yilda muammolarga uchrab, bir necha xodimi akkreditatsiyasidan mahrum etildi.

Avgust oyida "Ozodlik" radiosining yangi rahbari Jeymi Flay Tojikistonga tashrib buyurib, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov bilan muloqot qildi. "Nastoyashaya vremya" kanaliga bergan intervyusida Flay 2020-yilda prezident va parlament saylovi o‘tkazilishi uchun ham Tojikistonda so‘z erkinligi amal qilishi juda muhim, deya qayd etdi.

"Biz juda qizg‘in bir pallaga kiramiz, zero kelgusi yil parlament va prezident saylovlari o‘tkaziladi. Bu muhim siyosiy mavsumda ommaviy axborot vositalari ozod faoliyat qilib, o‘z ishini oldinga olib borishi va aholini turli guruhlar mavqeidan ogoh qilishi muhimdir. Ozarbayjon, O‘zbekiston kabi davlatlarda "Ozodlik"ning byurosi yo‘q va erkin faoliyat qila olmaydi. Bu nuqtai nazardan Tojikiston hukumati "Ozodlik" uchun shunday imkoniyat yaratib bergani uchun faxrlansa arziydi. Boshqa bizning xodimlarimizga bosim o‘tkazilmasligi kerak. Ularga tegishli akkreditatsiya berilsin va ular o‘z kasbiy vazifalarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lishsin. Tojikiston hukumati bilan muzokaralarimiz shu xususda. Agar biz vazifamizni munosib bajara olmasak, bu so‘z erkinligi nuqtai nazaridan e’tirozlarni keltirib chiqaradi. O‘ylaymanki, hukumat ham buni tushunadi", - deydi Jeymi Flay.

Tojikistonlik jurnalist Ravshan Qosimovning aytishicha, mamlakatda so‘z erkinligi Markaziy Osiyo davlatlari ichida o‘rtacha. Garchand ochiq senzura sezilmasa ham, jurnalistlar orasida ichki senzura juda kuchli shakllangan.

"Tojikistonda matbuot erkinligi, agar Markaziy Osiyo davlatlariga qiyoslab ko‘rsatadigan bo‘lsak, Turkmaniston va O‘zbekistonga nisbatan ochiqroq. Ammo Qozog'iston va Qirg‘izistonga qiyoslab bo‘lmaydi. Ular ancha oldinda.
Salohiyatli jurnalistlarimiz bor. Ammo urushdan keyingi ba’zi bir jurnalistlarga qilingan tazyiqlar ortidan jurnalistlarda ichki senzura kuchaydi. Ba’zi hamkasblar ustidan olib borilgan mahkama jarayonlari ularning yuragiga qo‘rquv soldi. Bu narsa haq gaplarni aytishdan qo‘rqish holatiga etib bordi. Bu narsa iztirobli, lekin yo‘lini qilib gapirish mumkin. Ammo tajribali ustozlar yoshlarga namuna bo‘lish o‘rniga o‘zlari mansabi, manfaatidan qo‘rqib jim qolishni afzal biladi. Natijada so‘z erkinligi yo‘qlik darajasiga tushib qolmoqda ", - deydi suhbatdoshimiz.

O‘tkazilayotgan islohotlar ortidan O‘zbekistonda so‘z erkinligi Tojikistondan ortib ketmadimikan?

"Bu fikringizda jon bordek. Ko‘pchilik televizorda, internetda ko‘tarilayotgan muammolarni ko‘rib shunday xulosaga keladi. Ammo haqiqat shundaki, O‘zbekistonda ham matbuotning ochilishi o‘sha ijodkorlarning o‘zlari istaydigan darajada emas. Baxtiyor Karim muharrirlik qilayotgan "Adabiyot" gazetasini olaylik va uni "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasiga qiyoslab ko‘rsak, yer bilan osmoncha farq bor..."

Shavkat Miromonovichning blogerlar bilan uchrashuvini juda qoyilmaqom qilib ko‘rsatishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda aylantirishyapti. Lekin u blogerlarning ko‘pchiligi erkin jurnalistlardan ancha uzoq bo‘lgan kishilar. Ular haqiqiy erkin so‘zdan, fikrdan uzoq bo‘lgan kishilar. O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar bilan matbuotdagi fikrlar orasidagi farq juda katta",- deydi Qosimov.

O‘zbekiston esa, aksincha, 165-o‘rindan 160-o‘ringa ko‘tarildi. Qirg‘iziston ham 98-o‘rindan 83-o‘ringa chiqdi. Qozoqiston esa, 2018-yilgi 158-o‘rnida qolgan. Turkmaniston esa eng oxirgi, 180-o‘ringa tushib qoldi. O‘tgan yili bu o‘rinda Shimoliy Koreya turgan edi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG