Breaking News

Tojikiston: ekstremizmga qarshi kurashayotgan mahalliy tashkilotlar


O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari
O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari

Tojikistonda nodavlat tashkilotlar diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga o'z hissasini qo'shishga urinmoqda.

Tojikistondagi O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupovning aytishicha, ekstremizmga qarshi kurash tashkilot olib borayotgan faoliyatning ajralmas bir qismi hisoblanadi.

Ekstremizmga qarshi kurashayotgan tojikistonlik faollar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:42 0:00

Markaz faollaridan biri, adliya polkovnigi Abdusami Abdurahimovning aytishicha, Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (CICA) sammitida ham asosiy masalalardan biri ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘ldi. Uzoq yillar prokuratura sohasida ishlab kelgan Abdurahimov fikricha, terrorizm - ichki dushmanligi bilan xavfli.

"14-15-iyunda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda ham ikkita masala ko‘p takrorlandi, hamma rahbarlarning og‘zidan takror-takror eshitdik: terrorizm va ekstremizm degan masalalar! Terrorizm - ichki dushmanligi bilan xavfli. Terrorizm, qo‘rqitish o‘zimizning oramizda yurgan odamlar tomonidan sodir etiladi. Shunisi bilan xavfli. Tashqi dushman bo‘lsa, bilasiz, unga qarshi kurash, chora-tadbirlarni ko‘rasiz. Lekin "o‘zingdan chiqqan baloga, qayga borursan davoga", deganlaridek, to uni anglab olguningizcha, u ko‘p ishlarni qilib qo‘yishi, tartib-intizomni buzib, parokanda holatni vujudga keltirishi mumkin", - deydi adliya polkovnigi Abdusami Abdurahimov.

Tojikistondagi o‘zbeklar yetakchisi, "O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi" jamoatchilik tashkilotining raisi Ilhom Yusupovning fikriga ko‘ra, ekstremistik yoki terroristik tashkilotlarning fuqarolarga ta’sir etayotganligini ko‘rib turib jim o‘tirish har bir ziyoli uchun xiyonat hisoblanadi.

"Bugungi kunda ekstremizm va terrorizm bilan kurashish barchaning ishi bo‘lishi kerak. Shuning uchun butun dunyoni larzaga solayotgan "IShID" (terrorchi guruhi) yoki boshqa ekstremistik tashkilotlar bizning fuqarolarimizga ham ta’sir etayotganligini ko‘rib, bizni bugungi kunda jim bo‘lib o‘tirishimiz, bu har bir ziyoli uchun xiyonat hisoblanadi. Bu sohada nima ish qilish kerak, degan savol tug‘iladi. Mana bugungi kunda bizning o‘zbeklar markazimiz rayonlardagi faollari yig‘ilishib, shu mavzuga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdik. Aytish joizki, xalqimiz haqiqatdan ham ekstremizm, terrorizm degan so‘zlarning ma’nosi nima, u bilan buning farqi nima, terrorizm misol deylik, dahshatga solib turuvchi kuch yoki ekstremizm mafkurani o‘g‘irlaydigan kuch ekanligini anglamaydi. Ana shuni xalqqa to‘g‘ri tushuntirib berish kerak. Bundan tashqari har xil diniy oqimlar bor. O‘sha diniy oqimlar qanday qilib mijozni o‘ziga jalb qilib, mafkurasini o‘g‘irlab, zaharlab o‘ziga qaratib olishi mumkinligini, boshqa joylardagi tajribalarni biz yetakchilar o‘rganib chiqib, joylarda tushuntirish ishlari olib borishimiz kerak", - deydi Yusupov.

O‘zbeklar markazi mas’ullaridan biri, "Sharqnoma" adabiy-badiiy, ijtimoiy-ma’rifiy jurnali bosh muharriri, shoir Sayfulloxon Qorixonovning fikricha, bugungi jamiyatdagi kamchilik odamlar mafkurasidagi bo‘shliqning mavjudligida.

"Terrorizm bir mikrobga, virusga o‘xshaydi. Uning urchishiga, rivojlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Bizning O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazimizda shu sohada ko‘p ishlar qilinyapti. "Ma’naviyat" gazetasida shu mavzuga bag‘ishlangan juda ko‘p maqolalar berib borilyapti. Bittasini men ham tarjima qilib bergandim. "Terrorchi kuchlar o‘ch uchun, to‘shga musht urgay bugun" nomli sarlavha bilan chop etilgandi. O‘shalarning mohiyatini xalqqa ochib berishimiz kerak. Yana bir kamchiligimiz shundan iboratki, biz mafkurada bo‘shliqqa yo‘l qo‘yganmiz. Mafkurada bo‘shliq bo‘lsa, o‘sha bo‘shliqning joyini boshqa bir narsa egallaydi. Ana shu bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Mafkuramizni, yoshlarning mafkurasini ezgu ishlar bilan, ezgu amallar bilan band qilishimiz kerak. Mana "Charqnoma" jurnalida Abduqayum Muhammadjonning "G‘aflat qurboni" asari chop etildi. O‘sha oddiy yigit, hammamizga o‘xshagan, bilimdon yigitning qanday qilib terrorchi bo‘lganiyu, Suriyaga borib qanday halokatga uchragani tafsiloti ochib berilgan. Ana shunaqa narsalarni yozishimiz kerak. Ko‘proq yozishimiz, yoritishimiz kerak. Faqat terrorizm nimaligiyu, ekstremizm nimaligini ta’riflab berishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bizning kuchimiz qalamda, har birimiz shu narsani yoritishimiz kerak", - deya ta’kidlaydi Sayfulloxon Qorixonov.

Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalasida Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan qozog‘istonlik mutaxassislarning fikricha, bu illatlarga qarshi kurash, xususan, uning oldini olish bilan davlat organlaridan ko‘ra jamiyat tashkilotlari shug‘ullanishi yaxshiroq samara beradi.

Nur-Sulton shahridagi "Huquq" jamiyat tashkiloti qoshidagi "Shans" (Imkoniyat) ijtimoiy-huquqiy yordam markazining raisi Ril Olga Vladimirovnaning aytishicha, odamlar, xususan, ekstremistik va terroristik tashkilotlar tuzog‘iga ilinganlar yoki ularga moyillik paydo bo‘lgan kishilar huquq-tartibot organlari xodimlari yoki hukumat mas’ullaridan ko‘ra, jamiyat tashkiloti xodimlari bilan o‘zlarini erkinroq tutadi.

"Diniy terroristik tashkilotga qo'shilib qolganlar din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan ishlashni istashmadi, prokuratura bilan ishlashni istashmadi. Nega? Balki ular qo‘rqadi. Biz ijtimoiy ishlar bilan shug‘ullana boshladik. Xabar tarqalgach, ular kela boshladi. Bolalarini olib keldi. Bilasizmi, boshidan biz ruhshunos emas, pedagoglarmiz (tarbiyachi) deb e’lon qildik. Chunki ular ruhshunos, dinshunos, huquqshunos va tergovchilar bilan suhbatlashishni istamaydi. Ular qo‘rqadi. Qamaydimi, qamamaydimi va hokazo fikrlar charx uradi ongida. Bu giyohvandlik kabi bog‘liqlik. Din ham shunday ruhiy bog‘liqlik. Bu muayyan mafkuraviy bog‘liqlik. Ular muhtoj. Ular o‘zlarini muhokama etishlarini istamaydi. Ular ohista-ohista odatiy hayotga qaytadi. Buning uchun ularga yordam berish kerak", -d eydi suhbatdoshimiz Olga Vladimirovna.

Markaziy Osiyo davlatlarida ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan. Jumladan,Tojikistonda ham terrorizm va ekstremizmga oid qonun hamda Oliy sud hukmi bilan yigirmadan ortiq tashkilot faoliyati taqiqlangan. Ularning aksariyati qo‘shni davlatlarda ham faoliyati man etilgan tashkilotlar hisoblanadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG