Breaking News

Markaziy Osiyoning bag'rikengligi samara beradimi?


"Islomiy davlat" jangarilarining oilalari. Suriya, 7-fevral, 2019.
"Islomiy davlat" jangarilarining oilalari. Suriya, 7-fevral, 2019.

Markaziy Osiyo mamlakatlari Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” jangarilari safida bo’lgan fuqarolarining oilalarini vatanga qaytarishni boshlagan. Ayni damda mintaqada ekstremizmga sabab bo’lgan tub omillarga doir munozaralar qayta jonlangan.

Ayrim ekspertlarga ko’ra, mamlakatlar o’z fuqarolarining jangarilar safiga kirish maqsadida xorijga chiqib ketishining oldini olish uchun yanada samaraliroq kurashishi kerak.

O’tgan oyda Qozog’iston 231, O’zbekiston 156 va Tojikiston 84 nafar fuqarolarini qabul qilib oldi. Ularning aksariyati bolalar va ayollar. Hukumatlar Suriya va Iroqda qolgan boshqa fuqarolarini vatanga qaytarishda davom etishini bildirgan.

Iroq maxsus xizmati "Islomiy davlat" jangarisini qo'lga oldi. 19-fevral, 2019.
Iroq maxsus xizmati "Islomiy davlat" jangarisini qo'lga oldi. 19-fevral, 2019.

“Amnesty International”ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha vakili Daniel Balson tashkilot ayollar va bolalar huquqlarining ta’minlanishini yaqindan kuzatishini bildirgan.

“Markaziy Osiyoda asossiz hibsga olish va e’tiqod erkinligining poymol etilishiga doir muammolar o’z yechimini topishi kerak. Fuqarolar hukumat choralarini ekstremizmga qarshi kurash emas, repressiya siyosati deb qabul qilmasligi kerak”, - deydi Balson.

Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” tarkibida erkak, ayol va bolalardan iborat jami olti mingga yaqin markaziy osiyoliklar bo’lgan. Bu haqda Radikallashuvni o’rganish xalqaro markazi (ICSR) 2018-yilning iyulida ma’lum qilgan.

Markaziy osiyoliklarning ko’pchiligi boshqa jangarilar qatorida Iroq va Suriya demokratik kuchlari (SDK) tomonidan hibsga olingan.

Kurdlar yetakchiligidagi SDK mart oyida “Islomiy davlat” ustidan to’liq g’alaba qozonganini e’lon qildi. Biroq xorijiy jangarilarning beva ayollari va yetim bolalarining taqdiri jiddiy savol ostida qolayotgan edi. Ularni ushlab turish SDK ga iqtisodiy yuk bo’lib turgani yuzasidan shikoyat ham qilindi. SDK mahbuslarni o’zlari kelgan mamlakatlariga qaytarish bo’yicha murojaat bilan chiqdi.

Ko’plab G’arb mamlakatlari o’z fuqarolarini qaytarib olishdan bosh tortdi. Aksincha, Markaziy Osiyo mamlakatlari bag’rikenglik ko’rsatdi. Rasmiylar bunday qarorning mamlakat fuqarolari, ayniqsa, urush maydonlariga olib chiqib ketilgan norasida go’daklar oldidagi mas’uliyat ekanini ta’kidladi.

"Islomiy davlat" jangarilari hibsda. Iroq, 18-iyul, 2017.
"Islomiy davlat" jangarilari hibsda. Iroq, 18-iyul, 2017.

Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi hukumatning ezgu amali uning BMT Xavfsizlik Kengashining 2178 va 2398-rezolyutsiyalariga muvofiq ekanini ta’kidladi. Hukumat bu borada xalqaro majburiyatlarini to’liq bajarmoqda, deyiladi vazirlik bayonotida.

Asosan AQSh quvvatlovi bilan 2017-yil dekabrida qabul qilingan 2396-rezolyutsiya Xavfsizlik Kengashining 2014-yildagi 2178-rezolyutsiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi. Unda “Islomiy davlat”ning xorijiy jangarilariga qarshi kurashda yuridik choralar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish nazarda tutilgan. Jumladan, xorijlik jangarilar va ularning oila a’zolarini adolatli sud qilish, reabilitatsiya va jamiyat ichiga qayta kirishi uchun zamin yaratish talab etilgan.

Ayrim ekspertlarga ko’ra, “Islomiy davlat” mafkurasi singdirilgan fuqarolarning reabilitatsiyasi murakkab kechadi. Sobiq ittifoq parchalanishi ortidan hanuz jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan yuzlashib turgan va hamon o’zligini tiklash uchun kurashayotgan mintaqada vaziyatni o’nglash uchun teran harakat qilish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG