Shavkat Mirziyoyev Suriya va Iroq hududidan qaytarilgan fuqarolarga oid vaziyat yuzasidan izoh bergan. Prezident terrorchilar qo’lidan fuqarolarni qutqarish oson kechmagani, ko’plab davlatlar bilan muzokara qilinganini ta’kidlagan.
Sharhlovchilarga ko’ra, O’zbekiston Suriyadagi fuqarolarini qaytarayotgan yagona davlat emas. Hozirgi vaziyatda mintaqa davlatlari uchun asosiy vazifa radikal kayfiyatlarga sabab bo’lgan siyosiy tuzumlarni isloh qilishdir.
Hozirgacha Markaziy Osiyoning yuzlab fuqarolari Suriya va Iroq hududidan ortga qaytarildi, xususan Tojikiston va Qozog’iston hukumatlari tomonidan.
O’zbekiston o’tgan hafta 156 nafar fuqarosini, asosan bolalar va ayollarni olib keldi.
Prezident Mirziyoyev Toshkent viloyatiga qilgan safarida bu borada alohida to'xtalgan. Uning nazarida urush maydoniga ketganlar vatandagi vaziyat xarob bo'lgani uchun shunday qilgan. Jamiyat bu achchiq haqiqatni muhokama qilishi kerak. 14 yoshli qiz besh erkakdan besh farzand ko'rganini misol keltirar ekan, prezident "bizga shu yarashadimi", - degan savolni o'rtaga tashlamoqda.
Uning qayd etishicha, amaliyotni o’tkazish, u yerga samolyot qo’ndirish, terrorchilar qo’lidan fuqarolarni qutqazish oson kechmagan. Jamoatchilik vatandoshlarni Yaqin Sharqdagi janglarga tortilishi sabablar ustida ishlashi kerak, deydi prezident.
Qaytganlar sog’lomlashtirish markazlariga joylashtirilgan. Ularga jamiyatga qayta moslashish uchun ko’mak ko’rsatiladi.
Urush hududiga qolgan fuqarolarni (48 nafar ayol, 106 nafar bola) ortga qaytarish amaliyoti odamlar orasida turli munozaralar ham qo’zg’adi. Ayrimlar bu qatlamni jamiyatga qo’shilayotganidan xavotirda.
Qozog’istonlik siyosatshunos Ermek Narimboyga ko’ra, qozoq hukumatining uch bosqichdagi amaliyot natijasida 350 nafardan oshiq bola, ularning onalari mamlakatga qaytarilgan. Bu jamoatchilik tomonidan mutlaq qo’llab quvvatlangan.
“Ularning hammasi Qozog’iston fuqarolari edi, bu yerda hech qanday shak-shubha bo’lishi mumkin emasdi, qolaversa aksariyati bolalar va ayollar. Shuning uchun ham jamoatchilik bu amaliyotni bir ovozdan qo’llab quvvatladi. Qozog’iston o’tgan yil o’tkazgan bu amaliyotning texnik tomonlari haqida batafsil ma’lumotga ega emasman, tabiiyki bu narsa Rossiya, Turkiya, boshqa davlatlar yordamisiz bo’lmagan. Vatanga qaytish istagidagi ayollarning o’zlari ham bevosita elchixonaga murojaat bilan chiqishgan. Xullas, O’zbekiston ham bunga qaror qilgani albatta ijobiy holat, bolalar, ayollar har qanday vaziyatda ham yordamga muhtoj, bu yerda ularning aybi yo’q. Albatta, urush yakuniga yetar ekan, xalqaro tashkilotlar ham asirlikda qolgan odamlar taqdiri bilan qiziqa boshladi. AQSh, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar bu hududda fuqarolari qolgan davlatlarga murojaat qilishyapti, ularni olib chiqish uchun o’z yordamlarini ham taklif qilishyapti ”, - deydi Ermek Narimbay.
Bir muddat avval Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon “Islomiy davlat” va boshqa terrorchi tashkilotlar safiga qo’shilib qolgan 300 nafar fuqaro ortga qaytarilgani haqida hisobot bergan edi.
Suriya va Iroqdagi terrorchi guruhlar safiga yuzlab fuqarolari qo’shilgan Markaziy Osiyodagi bu boradagi vaziyat o’xshash. Urush yakuniga yaqinlashmoqda. Jangarilarning aksariyati halok bo’lgan. Omon qolganlari hududni tashlab chiqmoqda, ular orasida vatanga ixtiyoriy qaytayotganlari kam. Qaytayotganlar bu urushga mutlaqo aloqasi bo’lmagan bolalar va ayollardir.
“Islomiy davlat” o’z hududini e’lon qilar ekan, Markaziy Osiyodan yuzlab fuqarolar bu guruh safiga qo’shildi. Buning sabablaridan biri tuzumda, mintaqa davlatlarida dindorlarga nisbatan shakllangan ayovsiz siyosatda deb ko’rildi.
Ermek Narimboy fikricha, fuqarolarning terrorchilar safiga qo’shilishiga turtki bo’lgan sabablar hamon dolzarb - mintaqa hamon avtoritar boshqaruvdan qutilmadi.
“Gap shundaki, mintaqa rahbarlarini barchasi sovet ittifoqi maktabi vakillari, ayovsiz ateizm mafkurasidan chiqishgan. Ular mustaqillik ortidan boshlangan diniy faollikni cheklash yo’li deb ma’muriy choralar, bosim, tazyiqlarni ko’rishadi. Mintaqada demokratik tamoyillar, so’z, jamiyat erkinligi qaror topmas ekan, bunday choralar foydasizligicha qolaveradi. Chunki repressiyalar odamni faqat ashaddiylashtiradi. Men rejim muxolifati sifatida qamoqda o’tirganman, dindorlarga nisbatan ishlar qanday soxtalashtirilishini bilaman, mintaqa bu tajribadan voz kechishi kerak”, - deydi Ermek Narimboy.
Ma’lumotlarga ko’ra, Suriya va Iroq hududidagi o’zbekistonlik ayollar va bolalar soni 300 nafardan oshiq, hukumat “Mehr” amaliyotini ikkinchi bosqichini o’tkazishga hozirlanmoqda.
Facebook Forum