Breaking News

Qo'shma Shtatlar G'o'lan tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan oldi


Prezident Tramp Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu oldida Amerika G'o'lan tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan olishini tasdiqlovchi hujjatni imzolamoqda
Prezident Tramp Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu oldida Amerika G'o'lan tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan olishini tasdiqlovchi hujjatni imzolamoqda
G'o'lan tepaliklari xaritasi
G'o'lan tepaliklari xaritasi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Qo'shma Shtatlar G'o'lan tepaliklari Isroil hududi ekanini tan oluvchi hujjatga qo'l qo'ydi. Vashingtonga tashrif buyurgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Tramp qarorini olqishladi.

Ba'zi kuzatuvchilar nazarida, Netanyaxuning Vashingtonga safari va Trampning tepaliklar bo'yicha qarori 9-aprel kuni Isroilda bo'ladigan saylovlar bilan bog'liq. Oq uy bog'liqlikni inkor etsa-da, bu Netanyaxuga saylovda qo'shimcha ovoz keltirishi aytilmoqda.

1944-yildan beri Suriya tasarrufida bo'lgan hudud Isroil bilan 1967-yil urushi natijasida boy berilgan. Isroil parlamenti 1981-yilda qonun qabul qilib, G'o'lan tepaliklarining Isroil nazoratiga o'tganini bir taraflama e'lon qildi. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi anneksiyani noqonuniy deb topgan.

Suriya hudud uniki ekanini ta'kidlaydi. Rossiya ham o'tgan hafta shu mazmunda bayonot qilgan. Bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoga telefon orqali aytishicha, Amerikaning bu qarori Suriyadagi urushni tugatishga halaqit beradi.

Yevropa Ittifoqi ham G'o'lan tepaliklarining Isroil hududi ekanini tan olishdan bosh tortdi.

"Nyu-York Tayms"da chiqqan bir maqolaga ko'ra, Tramp Isroil manfaatlarini himoya qilishda alohida shijoat ko'rsatishiga sabab shuki, u Netanyaxu xayrixohligini qozonish hisobiga 2020-yil saylovlaridan oldin tashviqot kampaniyasi uchun ultra o'ng qanot qarashlarga ega badavlat amerikalik yahudiy tadbirkor Sheldon Adelsondan ko'proq pul olishni hamda yahudiy millatiga mansub amerikalik saylovchilarni Demokratik partiyadan chiqishga va bo'lajak saylovlarda respublikachi nomzodlarga ovoz berishga ko'ndirishni ko'zlamoqda.

Tramp prezidentlikka kelganidan keyin Quddus shahrini Isroil poytaxti sifatida tan oldi, AQShning Tel-Avivdagi elchixonasini Quddusga ko'chirdi, Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimdan chiqdi.

Netanyaxu Oq uydagi uchrashuv paytida Trampning bu iltifotlarini olqishladi.

Falastin rasmiylari va ahli Trampning bu qarorini qoralamoqda. Ular nazarida, bu bilan AQSh rahbari mintaqada yangi ixtilofga yo'l ochmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG