Tramp ma’muriyati vaqinchalik himoya dasturini tugatar ekan, 400 mingdan ortiq immigrant AQShdan deportatsiya qilinishi mumkin. Bu odamlarning vatanida qurolli mojaro yoki tabiiy ofat sababli Qo’shma Shtatlarda ularga vaqtincha boshpana berilgan. Amerikada tug’ilgan farzandlari ham bor. Agar ota-onalar deportatsiya qilinsa, farzandlariga nima bo’ladi?
Sahnada 10 yoshdan 17 yoshgacha bo’lgan bolalar. Ularning ota-onalari Salvadordan, AQShda vaqtincha yashamoqda. 2001-yilda Salvadorda yuz bergan kuchli zilziladan so'ng u yerdan qariyb 200 ming odam AQShda boshpana topgan edi.
Tramp ma'muriyati salvadorlik muhojirlar uchun himoya dasturi tugatishga qaror qilgan. Ular joriy yilning sentabrigacha AQShni tark etishi yoki bu yerda qonuniy qolish yo’lini topishi kerak.
Sahnadagi hikoyalar salvadorlik muhojirlarning farzandlari yuzlashayotgan muammolarni aks ettiradi.
“Ismim Jaklin, 17 yoshdaman; uch singlim bor. Kollejda o’qishni davom ettirmoqchiman. Lekin oilamni vaqtinchalik maqomda deb ko’rishsa, orzularim amalga oshmaydi. Ishga kirib, singillarimga ona bo’lishimga to’g’ri keladi”, - deydi o'smirlardan biri.
Oilasi AQShda vaqtinchalik deb ko’rilayotgan bolalar Bostondagi teatr bilan hamkorlikda “Oxirgi orzu” degan spektakl qo’yishdi.
“Ular Amerikada tug’ilgan, shu davlat fuqarolari. Lekin ota-onalari Salvadorga qaytishi kerak. Spektakldan maqsad - ommani xabardor qilish, bolalar ana shunday fojia bilan yuzlashayotganini ko’rsatish”, - deydi teatr xodimi Vahdat Yagona.
Merilendda uyushtirilgan bu prezentatsiya keng qamrovli kampaniyaning bir qismi. Vaqtinchalik himoya dasturida qatnashayotgan minglab oilalar yaqinda poytaxt Vashingtonga kelib, qonunchilar bilan muloqot qildi. Ular farzandlari bilan Amerikada qolishni, fuqaro bo’lishni istaydi.
“Bu muhojirlarning vatanida, Gonduras, Salvador va yana yetti mamlakatda hayot oson emas, buni yaxshi bilamiz. Ota-onalar farzandlari bilan qaytib keta olmaydi. Farzandlari Amerika fuqarosi. U joylarga hech qachon borishmagan, ko’rishmagan”, - deydi Yagona.
Milton Xernandez 15 yoshda. Ukasi bilan spektaklda qatnashadi.
“Bu davlatda mustaqil yashay olmayman. Ukam bilan qolsak, bizni biror oila asrab olishiga to’g’ri keladi. Bunday bo’lishini xohlamaymiz”, - deydi u.
“Biz tomosha qilgan bu spektakl haqida boshqalar bilan bo’lishaman. Bu odamlarning taqdiri haqida, bolalar boshidan nimalar o’tayotganini hamma bilishi kerak. Ularning hikoyalari ta’sirchan”, - deydi tomoshabinlardan biri.
Sofiya Landaverde ham AQShda qolish uchun kurashayotgan oila farzandi:
“Amerikada uzoq vaqt singillarim bilan qolib ketishim mumkin ekan. Ota-onamiz bizga yordam bera olmaydi. Har bir bola ota-onasi bilan yashashga haqli. Ketishsa, onamni va otamni uzoq vaqt ko’ra olmayman deb qo’rqaman”.
Qo'shma Shtatlar jami 10 davlat fuqarolariga vaqtinchlik boshpana bergan. Ro'yxatda Salvador qatorida Suriya, Nepal, Yaman, Gaiti va Somali kabi davlatlar bor. Olti davlat uchun himoya dasturi tugatilishi e'lon qilingach, ish o'tgan yili sudga oshirilgan edi. AQShda uzoq paytdan buyon yashab kelayotgan odamlarga fuqarolikka yo'l ochish masalasi muhokamada.
Facebook Forum