Breaking News

Suriya, Iroq hududlarida yana qancha o'zbekistonlik qolgan?


Urush maydonidan vatanga qaytgan o'zbekistonliklar
Urush maydonidan vatanga qaytgan o'zbekistonliklar

Suriya va Iroq hududida yana qancha o’zbekistonlik qolgan? Bu savol O’zbekiston Musulmonlar idorasi o’z rahbari, muftiy Usmonxon Alimovning Suriya hududidagi o’zbeklarga doir bergan ma’lumotini rad etishi ortidan muhokamaga chiqmoqda. O’zbekiston televideniyesida “Mehr” amaliyoti haqida gapirgan muftiy taxminan uch ming o’zbekistonlik Suriyada qolayotganini ta’kidlab o’tgan edi.

"IShiD" nazorat qilgan hududlarda qancha o'zbekistonlik qolgan?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:48 0:00

O’zbekiston Musulmonlar idorasi raddiyasiga ko’ra, televideniyeda ko’rsatilgan lavha muftiyning poytaxt masjidlaridan biridagi ma’ruzasidan olingan. Unda MDH va unga tutash hududlarda mutaassib shaxslar ta’siri ostida Suriyaga borib qolgan shaxslar, ularning oila a’zolari, yaqinlari haqida umumiy ma’lumot berilgan.

Musulmonlar idorasi Suriya hududidagi O’zbekiston fuqarolari haqida aniq ma’lumotga ega emas.

Muftiy nima sababdan o’z bayonotini rad etayotgani munozarali baholanmoqda. Shvetsiyada yashayotgan diniy faol Muhammadsolih Abutovga ko’ra, ayollar va bolalardan iborat uch ming fuqaro Suriyada qolayotgani haqidagi ma’lumot jamoatchilikda noqulay savollar uyg’otishi mumkin.

“Hozir yuztasi qaytgan bo’lsa, qolgan 2900 tasi qani degan savol o’rtaga chiqadi. Tepadagilar buni unga aytgandir, shuning uchun uning o’zi idorasiga meni inkor qilib raddiya beringlar deb aytgan bo’lishi mumkin. Umuman olganda, muftiy keltirgan raqamlar haqiqatga yaqin. Men o’zim minglab odamlarni bilaman. Turkiya, Eron, Suriya, Iroq, Afg’onistonda darbadar yurgan, hujjatsiz, oilasi, bolalari bilan ular bir paytlar O’zbekistondan chiqib ketishgan. Imkon berilsa hammasi qaytadi, O’zbekiston fuqarolari, hujjat muddati tugagan, vatanda ta'qib qilinmasa hammasi qaytishga tayyor”, - deydi Abutov.

Suriya va Iroq hududidagi o’zbekistonliklarga doir aniq, rasmiyma’lumotlar avvaldan mavjud bo’lmagan, mutaxassislar asosan taxminiy raqamlarga suyanishgan.

“Islomiy davlat” guruhi mag'lub etilishi ortidan hudud yana Suriya, Iroq va kurdlar nazoratiga o’tmoqda. O’zbekistonga qaytganlar asosan Iroq kurdlari nazoratidagi asirlar ekanligi ta’kidlanadi.

“Mehr” amaliyoti haqida bir narsani alohida aytish kerak - 150 dan oshiq ayollar va bolalar qaytdi, ularning hammasi Iroq kurdlari qo’lidagi asirlar edi. “Islomiy davlat” guruhiga borib qo’shilgan o’zbeklarning ko’plari o’ldi, ko’plari qamalib ketdi, ortidan bola-chaqalari, ayollari sarson qoldi. Kurdlarning qo’liga o’tishidan so’ng O’zbekistonga topshirildi. Ammo Iroq hukumatida, Bashar Assadni (Suriya prezidenti) qo’lida yana qancha o’zbeklar bor. Hozir qaytganlar faqat kurdlardan olinganlari.Suriya ozodlik armiyasi degan guruh bor, ularning ichida ham qancha o’zbek bor. Bulardan tashqari Buxoriy katibasi, Tahvid va jihod katibasi, xullas bularning hammasida o’zbeklar bor. Ayrimlari biri-biriga qarshi. Hozir asosan "IShiD"chilarning bolalarini olib kelishdi, qolganlar hammasi shu yoqda”, - deydi Abutov.

“Mehr” amaliyoti doirasida 156 nafar o’zbekistonlik Suriyadan maxsus reysda ortga qaytarildi. Amaliyot tafsilotlari noma'lum, Prezident Shavkat Mirziyoyev bu og’ir vazifa bo’lgani, o’zbekistonliklar terrorchilar qo’lidan qutqarilganini aytish bilan cheklandi.

Bu amaliyot davomi haqida aniq bir narsa aytilmadi, ammo Suriya hududida yana uch mingga yaqin o’zbekistonlikqolayotgani, aksariyati ayollar va bolalardan iboratligi inobatga olinsa, bu hukumatga ma’lum bosim yuklaydi.

“O’zbekiston prezidentining Suriyadagilarni qaytarish qarori haqiqatda tahsinga loyiq. Qolaversa, bu yerda ayollar va bolalarning mutlaqo aybi yo’q. Ammo bu daryodan tomchi, hali qaytarish kerak bo’lganlar ko’p, bolalar, ayollar, va aybsiz fuqarolarni aytyapman. "IShID" fitnasiga uchgan jangarilarning aksariyati o’lib ketdi, o’lmagani qamoqlarda yotibdi, lekin bolalar sarson. Bu narsa katta fitna bo’ldi, butun islom ummati uchun, faqat O’zbekiston emas, mana Shvetsiyadan ham qanchasi ketdi. Qaytgan jangarilar moslashish markazlariga joylashtirilgan, qamalmadi. Agar O’zbekiston hukumati ham shu kabi afv qabul qilsa, nafaqat ayollar, balki boshqa adashib yurganlar ham qaytishi mumkin, chunki aksariyatida hamon O’zbekiston qamoqxonalaridan qo’rquv mavjud”, - deydi Muhammadsolih Abutov.

Suriyadagi janglarga tortilgan o’zbekistonliklar soni turlicha baholanadi. Bu hududda janglar avjiga chiqqan paytlar o’zbeklar soni 500 dan bir necha minggacha ko’rsatilgan edi. Ammo bu raqamlar jangarilarning oilasi, farzandlarini nazarda tutmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG