O’zbekistonda tug’ilib, Tojikistonda kamolga yetgan, bir muddat Qirg’iziston va O’zbekiston oliygohlarida faoliyat yuritib, umrini o’zbek tilini o’rganish, rivojlantirish va targ’ib etishga sarflab kelayotgan tilshunos olim Abduvali Berdialiyev bugun uch mamlakat ziyolilari ardog’ida.
Olim qariyb 60 yildirki, Xo’jand davlat universitetining O’zbek filologiyasi fakultetida ishlab keladi. Turli yillarda O’zbekistonning Guliston davlat instituti va Qirg’izistonning Botkent davlat universitetida ham faoliyat yuritgan. Shuning uchun uni Tojikiston, O’zbekiston va Qirg’izistonda birday bilishadi, ehtirom qilishadi.
Yaqinda Abduvali Berdialiyevning hamkasblari, do'st va shogirdlari ishtirokida uning 80 yoshi nishonlandi. Ziyolilar orasida u haqida gap ketganida, "Markaziy Osiyoda to’rt nafar yetuk tilshunos bo’lsa, ularning biri Abduvali aka Berdialiyev" deyishadi.
Berdialiyev o’zbek tilida sintaksis bo’yicha yirik mutaxasis. O’zbek-rus, o’zbek-tojik, o’zbek-ingliz, o’zbek-arab, o’zbek-qirg’iz tillarini qiyosiy o’rganish bo'yicha ham izlanishlar olib borgan. Uning professor va dotsent shogirdlari Tojikiston, O’zbekiston va Qirg’iziston oliygohlarida faoliyat yuritadi, taqriban uchdan bir qismi tojik, rus, ingliz, arab yoki qirg’iz tilshunoslari hisoblanadi.
Xo'jand davlat universiteti rektori Jamshed Jo’razoda shunday deydi:
"Ustoz Berdialiyev o’zbek tilshunosligida yetuk bir olim sifatida e’tirof etilgan. U kishining ilmiy izlanishlari bu sohaning taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shdi. 200 dan ortiq ilmiy asar va maqolalar yozib, Tojikiston va O’zbekistonda o’zbek tilshunosligining rivojlanishiga ulkan hissa qo’shdi. Xulosa qilib aytish mumkinki, ustoz Berdialiyev Tojikistondagi o’zbek tilshunosligi asoschisi".
Toshkent Sharqshunoslik davlat universiteti professori Boqijon To’xliyev:
"Abduvali Berdialiyev hatto Tojikistondan tashqaridagi o’lkalarda ham obro’ qozongan, e’tirof etilgan olimlar qatorida turadi. Bu kishining ilmiy ishlari sharofati bilan juda ko’p yangi va yaxshi tadqiqotlar yuzaga kelgan. Biz aytishimiz mumkinki, o’zbek tilshunosligida, ayniqsa, tilshunoslikning juda murakkab sohalaridan hisoblangan sintaksis bilan bog’liq yo’nalishda juda ko’plab ishlar yuzaga keldi. Ko’plab shogirdlar bu ishlarni davom ettirdiki, bunda, albatta, ustozning mehnatlari, qadr-qimmatlari benazirligicha turibdi. Endi olimlar bor bitta sohani tanlaydi va o’sha sohada ko’p yangi, yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Bu kishini biz garchi sintaksis sohasida yirik mutaxassis deb aytishimiz salgina chegaralab qo’yganga o’xshaydi. Chunki bu kishida tilshunoslikning hamma sathlari, hamma sohalari bo’yicha kuzatishlari ko’pchilik olimlarning e’tiroflariga sazovor bo’lgan".
Farg’ona davlat universiteti professori Alijon Mamajonov:
"Ustoz Berdialiyev Tojikistonda o’zbek tilshunosligi bo’yicha birinchi va yagona fan doktori. U kishini Farg’onaga juda ko’p xizmatlari singgan. Farg’onadayam juda ko’p shogirdlari bor. Hozirdayam ustoz Farg’ona davlat universiteti qoshidagi ilmiy unvonlar berish ilmiy kengashining a’zosi sifatida faoliyat ko’rsatib, u yerda juda ko’p dissertatsiyalarga opponentlik qilmoqdalar".
Botkent davlat universiteti rektori Abduvahob Zulfiyev:
"Abduvali Berdialiev Tojikiston va O’zbekistonda qanday qadrlansa, Qirg’izistonda ham shunday qadrlanib keladi. Bu kishi Botkentda ham tilshshunoslik, sintaksis bo’yicha katta ishlarni amalga oshirdi. 1997-yil Botkent oblasti yangi tashkil etilib, Botkent davlat universiteti tashkil topganida bu kishi mazkur o’quv yurtiga borib ishlagani, talabalarga, shogirdlarga o’z bilimini ulashgani bilan ham bizga juda qadrli".
Facebook Forum