Breaking News

O'zbekiston-Tojikiston: Qo'shnichilik rivojlanib bormoqda


Tojikistonliklar Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida
Tojikistonliklar Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida

O’zbekistonda hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelishi ortidan xorijdagi o’zbeklarga munosabat o’zgarar ekan, Toshkentning Tojikistondagi tubjoy o’zbeklar bilan ham aloqalari mustahkamlanmoqda.

Tojikistonlik o'zbek ziyolilari Toshkentda bo'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:14 0:00

2018-yilning bahorida O’zbekiston va Tojikiston prezidentlari uchrashuvidan so’ng aloqalar tiklangan edi. Bu tojikistonlik o’zbeklar uchun oxirgi 10 yilliklardagi eng quvonchli voqealardan biri bo’ldi. Ayni paytda Toshkent va Tojikistondagi o’zbeklarga aloqador jamiyat tashkilotlari munosabatlari yangi bosqichga ko’tarilmoqda.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasining taklifi bilan Toshkentda bo’lib qaytgan tojikistonlik o’zbek ziyolilari hamda Shimoliy Tojikistondagi "O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi" faollariga quloq tutdik.

Tojikistonlik o'zbek faoli Ravshan Qosimov
Tojikistonlik o'zbek faoli Ravshan Qosimov

"Bir narsani aytish kerak, keyingi vaqtlarda O’zbekiston hukumati qo’shni davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish va ayniqsa, Tojikistondagi o’zbeklarga xayrixohlik nigohi seziladi. Tojikistonda o’zbeklar uchun qanday muammolar bor va bularni O’zbekiston tomonidan qanday ko’mak bilan bartaraf etish mumkin, qanday yordamga muhtojsizlar, degan so’rovlar bo’ldi. Biz Tojikistondagi Shukur Burxonov nomidagi yagona o’zbek musiqali drama teatri muammolari, yillar davomida aldamchi ta’mirlardan o’tib kelayotganligi, aslida esa ham kadrlar masalasida, ham binoning ta’miri masalasida kamchiliklar bo’lib, zamon talablariga javob bermayotganligini ta’kidlab o’tdik. Bu masalalarni ular xayrixohlik bilan qabul qilishdi. Hukumat miqyosida yordam qilish, kadrlarni tayyorlash masalasida. Yana chegaralardan o’tishda aholiga yengilliklar berilishini imkon qadar ko’paytirish, yengillashtirish choralarini kengaytirish, madaniy-ma’rifiy aloqalarni mumkin qadar ko’paytirish, Tojikistonda va O’zbekistonda ham madaniy tadbirlar tashkil etish. Mustaqillik yillaridan keyingi yillarda bu masalalar qolib ketgan edi. Mirziyoyevning tashabbusi bilan, harakati bilan u kishining o’zi ta’kidlaganidek, "yigirma yillik muzlar erib" yaxshi qo’shnichilik rivojlanib bormoqda. Biz umid qilamiz, yaqin orada amaliy qadamlar qo’yilishi boshlanadi", - deydi tojikistonlik o’zbek faoli, Sug’d viloyati o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi yetakchisi Ravshan Qosimov.

G'o'lakandoz televideniyesi bosh muharriri Murodjon Vaydulloyev
G'o'lakandoz televideniyesi bosh muharriri Murodjon Vaydulloyev

Tojikistonda o’zbek tilida efirga chiqishga rasman ijozat olgan "G’olakandoz" televideniyesi bosh muharriri Murodjon Vaydulloyev shunday deydi:

"Bizlarni telekompaniyamiz Tojikistonda o’zbek tilida efirga ruxsat olingan yagona kompaniya. Sug’d viloyati o’zbeklar markazi faollari bilan birgalikda muntazam efirga chiqadigan ko’rsatuvlar tashkil qilish niyatimiz bor. Endi Tojikistonda biz o’zbek millati kam sonli millat degan fikrda emasman. Chunki 10 ming kishi, 20 ming kishi, boring 50 ming, 1000 ming kishili millat bo’lsa, u kam sonli millat sanaladi. Aniq ma’lumotlarga ko’ra, bir milliondan ko’proq ko’rsatilsa ham 2,5 millionlar atrofida bo’lsak kerak. Bu degani dunyodagi o’nlab mamlakatlar aholisidan ko’p Tojikistondagi o’zbeklarning soni. Shuning uchun bu o’zbeklarning shu yerda milliy tilini yo’qolib ketmasligi uchun, o’zbeklar millat sifatida yo’qolib ketmasligi uchun mana shu madaniyat markazi tuzilgan, deyman. Chunki bu jamiyatni ko’p joyda tan olishadi, amalda ham shunday bo’lib kelyapti. O’zbek madaniyat markazi delegatsiyasi tarkibida Toshkent shahrida bo’lib qaytdim o’zim. O’zbekiston-Tojikiston aholisi bir-biri bilan mushtarak bo’lib ketgan. O’zbekistonda tojiklar yashaydi, Tojikistonda o’zbeklar yashaydi. Qancha quda-anda bo’lgan. Sovet Ittifoqi paytida o’zbeklar ko’proq Toshkentda o’qigan, Toshkentda qolishgan. Samarqand, Buxoro tojiklari Dushanbeda o’qib, Dushanbeda qolishgan, lekin keyingi paytdagi tushunmovchilik orqali aloqalar tamoman uzib qo’yildi. Bordi-keldilar yo’q bo’ldi. Sun’iy to’siq hosil bo’ldiki, ikki davlat aholisi bir-biri bilan umuman bordi-keldi qilmay qo’ydi. Lekin bizlarning urf-odatlarimiz bir, ko’rinishimiz bir. Masalan, qirg’izlar, qozoqlar turkiy millat bo’lgani bilan bizlarning tojiklar bilan ko’proq munosabatimiz bor. O’zbekiston-Tojikiston aloqalari ham azal-azaldan birga chunki tarixdan bilamizki, bir ariqdan suv ichib, bir havodan nafas olib, qiz berib, kelin qilib quda-anda bo’lib ketgan bu ikki xalqni umuman ajratishning iloji yo’q edi. Lekin tarixda shunday hodisalar ham ro’y berar ekan, shu narsa bo’ldi. Bundan keyin O’zbekiston bilan Tojikistonning aloqasi bundan ham yaqinlashib boraveradi. Integratsiya bundan ham yaxshi bo’ladi. Ayniqsa, Tojikistonda o’zbek tilida ijod qilayotgan jurnalistlar, san’atkorlar, umuman ijod ahliga ham O’zbekistonda o’z chiqishlari bilan, o’z asarlari bilan, o’z kitoblari bilan o’zbek kitobxonlariga, O’zbekiston ahliga o’zini ishini namoyish qila oladi, degan fikrdaman".

Tojikistonlik o'zbek ziyolisi Hakimjon Zokirov
Tojikistonlik o'zbek ziyolisi Hakimjon Zokirov

Tojikistonlik o’zbek ziyolisi, jurnalist va yozuvchi Hakimjon Zokirov ikki davlat orasidagi adabiy aloqalarning kecha va bugungi holati xususida so’zlaydi:

"Qo’shni O’zbekistonda ma’naviyatga, ma’rifatga katta e’tibor berilayotganligi, o’zbek-tojik munosabatlarni mustahkamlash uchun ko’pgina ishlar qilinayotganligi guvohi bo’ldik. Tojikiston va O’zbekiston adabiy hayotida ham biz bilamizki, qadimul ayyomdan munosabatlar juda ham yaxshi bo’lgan. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz-shogirdligi haqida, undan keyin Sovet Ittifoqi davridagi shoir va yozuvchilarning hamkorliklari haqida juda ko’p yozilgan, juda ko’p o’qiganmiz. Ayni shu kunlarda ham Tojikistonda o’zbek tilida ijod qiladigan, qalami charxlangan, iste’dodli, asarlari butun dunyoga tarqalishga arziydigan ijodkorlar bor. Men istardimki, tojik va o’zbek munosabatlari yaxshilanib borayotgan bir mahalda bizning ijodkorlarimiz O’zbekiston Yozuvchilari ittifoqi tomonidan a’zolikka qabul qilinsa, shuningdek, O’zbekistonda yashab ijod qilayotgan iste’dodli ijodkorlar Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zoligiga qabul qilinsa. Ularning asarlarini hamkorlikda, faqatgina tarjima qilib emas, balki birgalikda bir to’plamga kiritib chop qilinsa, degan fikrdaman. Bulardan tashqari ilgari O’zbekistonda nashr etiladigan gazeta va jurnallar Tojikistonda muxlislariga ega edi. Masalan, "Sharq yulduzi" jurnali juda ham katta tirajda chiqar va Tojikistondagi har bir muxlislariga tarqalar edi. Ayni paytda bizni chiqarayotgan "Sharqnoma" jurnalimiz ham ularga juda ma'qul keldi. Istardikki, bizning "Sharqnoma" jurnalimiz ham o’zbekistonlik jurnalxonlarga yetib borsa. Chunki bizning jurnalimizning ham taxminan 30-40 foizida o’zbekistonlik ijodkorlarning asarlari berilmoqda. Ana shunday qilib, tojik va o’zbek adabiyoti sohasida hamkorliklarni davom ettirsak, maktablar masalasida hamkorliklar qilsak. Biz bilamizki, avvalgi yillarda bizning o’zbek tilida o’qitiladigan maktablarda O’zbekistonda chop etilgan darsliklar o’tilar edi. Mustaqillik davriga kelganimizdan keyin esa Tojikistonning o’zbek tilida o’qitiladigan maktablarida o’zimizning yetuk olimlarimiz, metodistlarimiz tomonidan yozilgan kitoblar qo’llanilmoqda. Lekin shu sohada hamkorlik qilish imkoniyatlari hali ham bor. Spitamen tumanida O’zbekiston tomonidan juda ham katta, hashamatli maktab qurilmoqda. Istardimki, kelgusida nafaqat maktab balki o’zbek tilida o’qitiladigan oliy maktablar ham qurilsa".

Tojikistonlik o'zbek ziyolilari Toshkentda
Tojikistonlik o'zbek ziyolilari Toshkentda

Tojikistonlik delegatsiya Toshkentda
Tojikistonlik delegatsiya Toshkentda

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG