Breaking News

Terrorchi deb tamg'alangan "Tojikiston milliy ittifoqi" qanday tashkilot?


Hukumatga muxolif bo'lgan "Tojikiston milliy ittifoqi" (Паймони Милии Тоҷикистон) yaqinda terroristik va ekstremistik tashkilot deb e’lon qilingan, bu haqda Oliy sud axborot bo'limi xabar bergan edi. Mamlakat tashqarisidagi bu guruh mas’ullari sud qarorini asossiz deb biladi.

"Tojikiston milliy ittifoqi" terrorizm tamg'asini asossiz deb biladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:39 0:00

Oliy Sud xabarida aytilishicha, Tojikiston Bosh prokuraturasining "Tojikiston milliy ittifoqi"ni terroristik va ekstremistik tashkilot deb topish haqidagi murojaati qondirilgan va 2019-yilning 15-avgustidan mazkur tashkilot faoliyati Tojikiston hududida taqiqlangan.

Shuningdek, mazkur tashkilotning internet saytiga to'siqlar qo'yish, audio, video materiallari, har qanday adabiyotlarining Tojikiston hududiga olib kirish taqiqlandi. Ammo Oliy sud tarqatgan xabarda aynan nima sababdan terroristik va ekstremistik tashkilot deb topilgani mufassal aytilmagan.

Ittifoqni 2018-yil Tojikistonning amaldagi hukumatiga muxolif bo'lgan to'rtta guruh mamlakatdan tashqarida birlashib, tashkil etgan edi. Bular: "Tojikiston Islom Uyg'onish partiyasi" (TIUP), "Tojikiston Erkin fikrlovchilar kongressi", "Tojikiston islohotlar va taraqqiyoti" hamda "Markaziy Osiyo migrantlar kongressi". Ularning Tojikistonda faoliyat olib borishi taqiqlangan, rahbarlari xorijda yashaydi.

"Tojikiston milliy ittifoqi"ning tarkibiga kiradigan "Tojikiston islohotlar va taraqqiyoti" harakatining rahbari Sharofiddin Gadoyev “Ozodlik” radiosining tojik xizmatiga bergan intervyusida sud qarorini asossiz deya atadi.

"Sud qarori huquqiy asosga ega emas. Tojikiston hukumati o'z siyosatiga qarshi bo'lgan har qanday tashkilotni ekstremist deya e’lon qilishga o'rganib qolgan. Bizning suhbatlarda terror harakatlariga chaqiriqlar yo'q. Bizning da’vatlarda Tojikistonda demokratik jamiyat qurish va islohotlar o'tkazilishiga chaqiriladi. Sud qaroridan qat’i nazar biz o'z faoliyatimizni davom ettiramiz", - deydi Gadoyev.

"Tojikiston milliy ittifoqi" raisi Muhiddin Kabiriy
"Tojikiston milliy ittifoqi" raisi Muhiddin Kabiriy

Tojikistonlar xorijda tashkil etilgan ittifoq haqida juda kam bilishadi. Uning maqsad va vazifalari haqida bilish va Oliy Sud qaroriga nisbatan ularning munosabati bilan to'liqroq tanishish uchun bir necha nafar tashkilot a’zolariga murojaat qildik. Ammo biror tayinli javob ololmadik.

Tashkilot faollaridan biri, Olim Sherzamonov guruh maqsadi xususida internet tarmoqlarida tarqatgan video kontentlarida shunday deydi:

"Milliy ittifoqning maqsadi barcha islohot istovchi kuchlarni birlashtirish. Tojikistonning haqiqatdan ham islohot istovchi kuchlarining birligi. Tojikiston xalqiga ozod saylov uchun sharoit yaratib berish. Bu saylovda odamlar istagan odamlarini parlamentga saylashsin. Bu parlament yangi konstitutsiyani tartib bersin va xalqqa taklif qilsin. Ya’ni Tojikistonda konstitutsion tuzumni tiklaylik. Milliy ittifoqning qisqacha dasturi shu. Bu milliy ittifoqning maqsadlari. Bu maqsadga bizni yetkazadigan vositalar bor. Bu juda uzoq".

Olim Sherzamonov milliy ittifoqning asosiy maqsadi Tojikistonda konstitutsion tuzumni tiklash yoki o'zgartirish ekanligini ta’kidlaydi. Bu maqsadga eltadigan vositalar ham bor, deydi. Biroq bu maqsadga qanday erishish ko'zlanayotganini ochiq aytmaydi. Bu haqidagi savollarimizga ittifoqning boshqa mas’ullaridan ham javob ololmadik.

Shu o'rinda Tojikiston Oliy Sovetining 1992-yildagi 16-sessiyasi ishtirokchisi, tarixchi olim va siyosiy tahlilchi Safarali Erkayevni suhbatga chorladik. 1992-yilning kuzida poytaxt Dushanbe birlashgan oppozitsiya qo'lida bo'lgan kunlarda mazkur sessiya Xo'jand shahrining Arbob qasrida o'tkazilgan, unda mamlakatning yangi hukumati saylangan edi.

"Amerika Ovozi": Bugungi tojik muxolifati, ya’ni mamlakatdan tashqarida tashkil topgan "Tojikiston milliy kengashi" ham 90-yillar boshida mamlakatda fuqarolar urushi jarayonida amaldagi hukumatga qarshi kurashgan kuchlarning merosxo'ri yoki davomchilaridir. Birlashgan tojik muxolifati 1997-yil Milliy Birlik shartnomasi imzolanishi barobarida 30 foizlik kvota bilan hukumat tarkibiga kirgan. Ammo ular ohista-ohista hukumat tarkibidan chiqib ketdi. Sababini nimada ko'rasiz?

Safarali Erkayev: Chiqib ketishining sababi shundaki, ularda davlatni boshqarish tajribasi yo'q edi. Ikkinchisi, agar ular shu davlatni boshqarish ishlarida qatnashadigan bo'lsa, o'zlarining g'arazli maqsadlariga erisha olmas edi. Uchinchidan, bu guruh odamlar qadimda ham bo'lgan, kelajakda ham davom etishi mumkin, chet ellik homiylari Tojikiston xalqi tinchligini xohlamasligi uchun bularni ta’minlab turadi. To'rtinchidan, xalqaro munosabatlar - ayrim qudratli davlatlar ham Markaziy Osiyoda tinch, orom vaziyatni hal qilishga ta’sir qiladi. Nafaqat Tojikiston, balki O'rta Osiyodagi siyosiy orom vaziyatni, kelajakda rivojlanishini xohlamaydi.

"Amerika Ovozi": Bularning kuchi, qudrati nimada? Bularning ortida kim turadi?

Safarali Erkayev: Bularning ortida asosan Eron, Saudiy Arabistoni va ayrim islom mamlakatlari, shu jumladan, G'arb mamlakatlaridagi ayrim qudratli davlatlar turadi. Polsha, Pribaltika respublikalari, boshqa mamlakatlarni ham aytish mumkin. Okeandan uzoqda bo'lgan mamlakat ham bu yerda Rossiya ta’sirining rivojlanishini xohlamaydi. Shu maqsadda ular turli xil yo'llar bilan moddiy jihatdan qo'llab turmoqda.

"Amerika Ovozi": Mintaqada tinchlik va Markaziy Osiyoning birlashishi masalasida Rossiyaning pozitsiyasi qanday?

Safarali Erkayev: Bundan 15-yillar oldin Qozog'istonning sobiq prezidenti O'rta Osiyo davlatlarini birlashtirib, Markaziy Osiyo birlashmasini tashkil etish taklifini qilganida boshqa respublikalar qabul qilmagan edi. Ammo O'rta Osiyoda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishida Rossiyaning mavqei ancha ta’sirli. Chunki bu mamlakatlarda tinchlik bo'lsa Rossiya bilan bo'lgan munosabatlar yanada rivojlanadi. Ammo bunga o'sha milliy al’yans a’zolari, G'arbiy Yevropa davlatlari, milliy alyansni ta’minlaydigan ayrim davlatlar qarshilik ko'rsatmoqda.

"Amerika Ovozi": Milliy ittifoq tarkibida birlashgan shaxslar va ularning maqsadlari haqida fikringiz qanday?

Safarali Erkayev: Bir necha marotaba Tojikiston parlamenti quyi palatasida deputat bo'lgan, bir vaqtlar "Islom uyg'onish partiyasi"ga rahbar bo'lgan Muhiddin Kabiriy, 24 guruhining a’zolari, Islom Yoqubov, Olim Sherzamonov va boshqalar chiqish qilib, go'yo Tojikistonda demokratiya yo'q, go'yo Tojikistonda davlat ishlari nodurust bajarilyapti, go'yo Tojikistonda qon to'kish davom etyapti, go'yo Tojikistonda odamlarni o'ldirish uchun ayrim tashkilotlar tomonidan turmalarda odamlarni o'ldirish tashkil etilyapti, degan noto'g'ri fikrlarni peshnihod qilib o'tiribdi. Ular kechirilgan edi. Hatto chet eldagilari olib kelindi, hatto vafot etganlari olib kelindi. Agar ular o'zining vatanini sevsa, o'zining millati, o'zining mazhabini hurmat qiladigan bo'lsa, kelib Tojikistonda qilishi kerak. Tojikistonda kamchiliklar vujudga kelgan bo'lsa, vatanning o'zida taklif qilish kerak. Chet eldan turib dod-voy qilish, turli noto'g'ri fikrlarni aytish insof yuzasidan ham, ma’rifat yuzasidan ham to'g'ri kelmaydi. Ular aytgan gaplarni shaxsan men hech birini qabul qila olmayman.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG