Tojikistonda terrorchi tashkilot sifatida e’lon qilingan Islomiy uyg’onish partiyasi a’zolari ustidan mahkama boshlandi. Qariyb 200 ga yaqin kishi terrorizm, davlat to’ntarishini uyushtirish va konstitutsiyaga tajovuz qilish kabi ayblovlar bilan yuzlashmoqda. Yopiq va adolatsiz sud jarayoni aholining norozi qatlamlarini yanada radikallashtirishi mumkin degan xavotir hukmron.
Tojikiston Oliy sudida 13 kishi ustidan boshlangan dastlabki mahkama yopiq o’tgan. Ayblanuvchilarning qarindoshlari sudga kiritilmagan. Advokatlar ham sukutda.
Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva vaziyatni shunday izohlaydi:
“Bu sud mutlaqo siyosiy xarakterga ega. Biz bu boradagi hibslar boshlanishi bilanoq xavotirli xabarlar ola boshlagan edik. Hibsdagilarga nisbatan dahshatli bosimlar o’tkazilmoqda. Hozir sud qilinayotgan 13 kishidan hech biri qo’yilgan ayblovlarni tan olayotgani yo’q. Ayblanayotganlarning qarindoshlari ham bosim ostida qolishgan. Bu faktlar shundan darak beradiki, sud shunchaki ayblov bo’yicha hukm chiqarib berishi mumkin. Shu bois xalqaro jamoatchilik mazkur mahkamaga diqqat qaratishi lozim”.
Tojikiston Islomiy uyg’onish partiyasi a’zolari o’tgan yilning sentabr oyida Mudofaa vaziri o’rinbosari general Abduhalim Nazarzoda yetakchiligida kuzatilgan qurolli to’qnashuvlar ortidan hibsga olingan edi.
So’ngra Tojikiston Oliy sudi Islomiy uyg’onish partiyasini terrorchi, ekstremist tashkilot deb e’lon qildi.
Bosh prokuraturaga ko’ra, mamlakatda kuzatilgan qurolli to’qnashuvlarda, davlat to’ntarishi uyushtrish aybi bilan 200 ga yaqin odamga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atilgan.
Mazkur ayblov bo’yicha boshlangan dastlabki mahkama Tojikiston Islomiy uyg’onish partiyasi siyosiy kengashi a’zolari ishini ko’rmoqda.
Sharhlovchilar deydiki, muxolif partiyaga nisbatan qo’yilgan ayblovlarning shubhali, Tojikistonda ham Turkmaniston kabi diktatura tuzumiga o’tish jarayoni ketmoqda.
Rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnov tahlilicha, mahkama mamlakatni qaltis holatga yetaklashi mumkin.
“Mahkama yopiq o’tayotganining o’ziyoq, nazarimda, ayblovning o’ta zaif, jismoniy bosimlarga asoslanganidan darak bermoqda. Bu mahkamaning xavfli tomoni shundaki, ayblov bilvosita mamlakatdagi an’anaviy islomni taqdim etib kelgan siyosiy partiyaga, bevosita esa an’anaviy diniy qadriyatlarga qaratilmoqda. Bu o’ta qaltis natijalarga, xususan, mamlakat ichkarisidagi an’anaviy dindorlar qarshiligi kuchayishiga, qo’shni Afg’onistondan dastak oluvchi radikal kayfiyatlarning mustahkamlanishiga olib kelishi mumkin”, - deydi Arkadiy Dubnov.
Islomiy partiya mintaqada yaqin yillargacha parlamentda o’z vakillari ega yagona muxolif guruh edi. Uning lideri
Muhiddin Kabiriy bosim sabab xorijga qochgan. Partiyaga nisbatan ayblovlarni inkor u etib keladi.