Breaking News

Markaziy Osiyo uchun shia-sunniy ixtilofi qanchalik ahamiyatli?


Tojikiston va O'zbekiston rahbarilari, Kreml, 2011
Tojikiston va O'zbekiston rahbarilari, Kreml, 2011

Saudiya Arabistonida taniqli shia ulamosining qatl qilinishi Yaqin Sharqdagi ziddiyatni yanada kuchaytirdi. Radikalizm changalidagi islom dunyosida mazhablararo nizolar avj olishi mumkin.

Aksariyat aholisi sunniy musulmonlardan iborat Markaziy Osiyo davlatlari jarayonga ehtiyotkorlik bilan yondashib Riyod-Tehron ziddiyatiga hozircha munosabat bildirmagan. Mintaqa mazhablararo kelishmovchiliklardan xoli ekan, ko'pchilik uchun bu tarixiy ziddiyat mavhum bir mavzu.

“Islom va siyosat” sahifasi muallifi, Yevropada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek faoli Muhammadsolih Abutov:

“Shialar va sunniylar o'rtasida ming yildan buyon davom etayotgan ixtilof tafsilotlaridan, tarixi vao'choqlaridan mintaqadagi o'zbeklar, qozoqlar va boshqalar unchalik xabardor emas. Lekin hozir Saudya Arabistoni va Eron o'rtasida boshlangan ziddiyat sunniylar va shialar qarshiligini kuchaytiradi deb hisoblamayman. Chunki bugun Saudiya Arabistoni sunniylarning yetakchisi bo'lmaganidek, Eron ham shialarni yaxlit tamsil etmaydi. Har ikki tomonda ham o'zaro ixtiloflar yetarli ”.

Saudiya Arabistoni va Eron ziddiyati Markaziy Osiyo uchun qanchalik muhim?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Markaziy Osiyo davlatlari Yaqin Sharqdagi ziddiyatga nisbatan sukut saqlar ekan, Tojikiston Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni rivojlantirishga kirishgan.

Rasmiy safar bilan Saudiya Arabistonida bo'lib turgan prezident Imomali Rahmon bir nechta hujjat imzolagan. Oliy darajada o'tgan muzokarlarda Tojikiston va Saudiya Arabistoni orasidagi rishtalarni yangi bosqichga chiqarishga kelishilgan.

Tojikiston va Eron orasida o'ziga xos ziddiyatlar bor. Bunga tojik muxolifati yetakchisi Muhammad Kabiriyning Eronga taklif etilishi va mamlakat rahbariyati tomonidan qabul qilinishi sabab bo'lgan. Bundan jiddiy norozi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi keskin bayonot bilan chiqqan edi.

“Tojikistonning Eronga nisbatan bunday siyosatiga sabab avvalo Badaxshondagi shialar guruhining Eron tomonidan qo'llab kelinishi bilan bog'liq. Ikkinchidan esa Tojikiston tomon Interpolga xalqaro terrorchi sifatida taqdim etgan Kabiriyning, Tojikiston Islomiy uyg'onish partiyasi liderining, Eronga taklif etilishi bo'ldi. Muxolifatdagi bu partiya avval ham Eron tomonidan quvvatlab kelingan edi ”, - deydi Muhammadsolih Abutov.

Eron-Tojikiston tarangligini inobatga olmaganda Yaqin Sharqdagi shialar va sunniylar ziddiyati Markaziy Osiyo davlatlarini Eron bilan ham, Saudiya Arabistoni bilan ham aloqalariga biror jiddiy ta'sir ko'rsatishi kutilmaydi.

“Aslida Saudiya Arabistoni bilan Tojikistonni ham, O'zbekistonni ham yaqin do'st bo'ladi deb bo'lmaydi. Saudiya Arabistonida hukumat nazdida to'g'ri deyilgan musulmon O'zbekistonda vahobiy deb ataladi. Tojikistonda ham shunday. Saudiyada aynan shu toifadagi guruh hukmron. Qiziq tomoni shundaki, bu toifa O'zbekistonda jinoyatchi, salafiylik, vahobiylikda ayblanib qamaladi. Shuning uchun ham hukumatlar o'rtasida muomala davom etishi mumkin, lekin bu aloqalar fuqarolar darajasida bo'lsa, darrov qamashlar boshlanadi”, - deydi Muhammadsolih Abutov.

Saudiya Arabistonida qo'zg'olon ko'tarishga undashda ayblanib yaqinda 47 kishi qatl etildi. Ular orasida shialar ulomosi ham bor edi.
Bu qatl dunyo bo'ylab shialar noroziligiga sabab bo'ldi. Saudiya Arabistonining Erondagi elchixonasi hujumga uchradi. Bir nechta arab davlatlari Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG