Breaking News

“Islomiy davlat” musulmon dunyosini ikkiga bo’lmoqchi, deydi tahlilchilar


Pokiston xavfsizlik xizmati xodimi xuruj joyidan topilgan dalillarni namoyish qilmoqda. Karachi, 13-may 2015-yil
Pokiston xavfsizlik xizmati xodimi xuruj joyidan topilgan dalillarni namoyish qilmoqda. Karachi, 13-may 2015-yil

13-may kuni Karachi markazi va asosan shialar yashaydigan mahalla o'rtasida qatnaydigan avtobusda otishma boshlanib, 43 odam nobud bo’lgan.

Bu hujum nafaqat Pokiston, balki butun musulmon dunyosi uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan Daniel Server. “Islomiy davlat” (ID) guruhi musulmon dunyosini ikkiga bo’lmoqchi, deydi tahlilchi.

Pokistonning Tolibon harakatiga aloqador bir noma’lum sunniy guruh Karachi xuruji uning ishi ekanini tan olmoqda.

Janubiy Osiyoda “Islomiy davlat” ta’siri kuchaymoqda

Tolibondan ajralib chiqqan guruh rahbari Shahidulla Shahid IDga sadoqat bildirdi. Pokiston shaharlarida ID faoliyatini targ’ib qiluvchi varaqalar topilgan. Poytaxt Islomobodda radikal qarashdagi talaba qizlar IDni quvvatlovchi video chiqardi.

Hukumat va armiya Pokistonda ID a’zolari yo’q, deb keladi.

20-may kuni Xaybar Paxtunxva viloyati rahbari Nosir Xon Durraniy viloyat markazi Peshavorda ID varaqalarini tarqatayotgan ikki yigit hibsga olinganini ma’lum qildi.

Qo’shni Afg’onistonning janubiy Hilmand viloyatidagi dron hujumida ID jangarisi o’ldirilgan. Fevralda Zabul viloyatida qora niqoblar taqqan hujumchilar bir guruh shia hazoralarini olib qochgan edi. O’tgan hafta olib qochilganlarning o’ndan ortig’i ozod etildi.

Yaqin Sharq - jang maydoni

Nigeriyadan tortib Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyogacha bo’lgan hududda jangari guruhlar IDga sadoqat bildirdi, deydi Singapur universitetidan Abdul Bosit.

Yaqinda internet orqali tarqatilgan videoda Abu Bakr al-Bag’dodiy deb taxmin qilinayotgan shaxs barcha musulmonlarni Iroq va Shom, ya’ni Suriya hududida xalifalik barpo etishga qo’shilishga da’vat etadi va qo’shilmaslik uchun asos yo’q, deydi.

Tahlilchi Daniel Server deydiki, ID faoliyati faqat sunniyy mafkuraga asoslangan.

“ID ilgarigi xaliflar kabi boshqa guruhlarga nisbatan tolerant bo’ladi, deydishga hech qanday asos yo’q”, - deydi u, - “Guruh demokratiya g’oyasini inkor etadi, shialarni mensimaydi”.

“Islomiy davlat bir mazhab - sunniylarga asoslangan tashkilot bo’lib, ko’pgina mamlakatlar, shu jumladan Pokistonda atayin mazhablararo nizo keltirib chiqarishga harakat qilmoqda”, - deydi Server.

Saudiya Arabistoni va Eron

“1980-yillar boshidan 1990-yillar oxirigacha Pokiston Saudiya - Eron urushida jang maydoni bo’lgan”, - deydi Garvard universitetidan xavfsizlik masalalari bo‘yicha mutaxassis Hasan Abbos.

AQSh senatori Ben Kardin fikricha, Saudiya Arabistoni va Eron Yamanni o’z ta’sir doirasiga kiritish uchun bellashmoqda. “Eronning Yaman ishlariga aralashayotganiga shubha yo’q. Saudiya Arabistoni va Yaman esa bunga qarshilik ko’rsatishga majbur”, - deydi u.

Tahlilchi Daniel Server nazarida, IDning shialarga nisbatan hujumlariga Suriya va Iroq shialari qarshilik ko’rsatishi mumkin.

Pokistonda mazhablararo mojaro, xususan shialarga hujumlar kuchaydi. Qurbonlar soni ham ko’proq, uslublar ham shafqatsizroq. Balujistonda ziyoratga chiqqan shialarga hujum uyushtirildi. Karachi avtobusidagi yo’lovchilar ham qonxo’r qurboni bo’lganiga o’xshaydi. 2014-yil yanvarida Balujistondagi avtobus hujumida 22 odam, asosan shialar halok bo’lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG