Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Kobulga bir kunlik tashrifi chog'ida afg'on tinchlik jarayonini qo'llab-quvvatlashini aytib, Tolibonning bahorgi harbiy kampaniyasini tanqid qildi.
Sharif Kobulga armiya rahbari general Rahil Sharif bilan borgani ayrim kuzatuvchilar nazarida Pokistonning siyosiy va harbiy rahbariyati o'rtasida afg'on masalasida yakdillik mavjudligini namoyish etmoqda.
Pokiston oliy delegatsiyasining tashrifi, shuningdek, Kobulning Islomobod Tolibon bilan muzokaralarni uyushtirishda sustkashlik qilmoqda degan xavotiriga ham barham berishga qaratilgani aytiladi.
“Tolibon hujumlari to'xtamasa, ular terror xuruji sifatida ko'riladi va qattiq qoralanadi", - dedi Sharif.
Afg'oniston hukumati o'tmishda Pokistonni mahalliy Tolibonga qarshi kurashib, Afg'oniston Tolibonining yonini olayotganlikda ayblab kelgan.
“Jangarilar qo'nim topgan barcha joylar yo'q qilinadi. Afg'onistonni beqarorlashtirishga qo'l urgan har qanday guruhga qarshi qattiq chora ko'ramiz", - dedi Sharif Kobulda.
U, chegarada jangarilarga qarshi harakatlarni Afg'oniston bilan muvofiqlashtirishga so'z berdi.
Pokiston armiyasi so'zlovchisi general-mayor Asim Bajvaning aytishicha, ikki tomonlama aloqalar bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik siyosati asosida olib boriladi.