Breaking News

Ekstremistlarga ergashayotgan markaziy osiyoliklar, Tojikistondan reportaj


Matbuot xabarlariga qaraganda Suriya va Iroq hamda Afg’oniston va Pokistondagi jang maydonlarida Markaziy Osiyodan ham yoshlar bor.

Ekstremistlarga ergashayotgan markaziy osiyoliklar - Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:26 0:00

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda qariyb 400 kishi jangarilar safiga qo’shilganini rasman tasdiqlagan. Jihodchilarga hamfikr tojikistonliklar esa ijtimoiy tarmoqlarda safimizdagi odamlar to’rt mingdan kam emas, deb bayon qiladi.

Suriyadagi janglarda tojikistonliklarning ishtiroki haqida ilk bor ikki yil oldin xabarlar tarqalgan bo’lib, o’shanda diniy ta’lim uchun sharq mamlakatlariga borgan o’nlab yoshlar haqida so'z ketgan. Ikki yil orasida ular soni 10 barobar ko’paygan.

Suriya, Afg’oniston-u Pokiston va Iroqdagi jangarilar orasida tojik yoshlar borligi haqida mahalliy matbuot deyarli har hafta xabar, maqolalar beradigan bo’lgan.

Tojikiston ichki ishlar vazirligining yuqori martabali mulozimi, maxsus OMON bo’limi boshlig’i, polkovnik Gulmurod Halimovning bir qancha yosh jangarilarni yollab, Suriyaga yo’l olganligi-yu, Turkiyada qo’lga tushganligi haqidagi xabar regionni hayratga solgan.

Mahalliy ekspert Anatoliy Hayimshoyev deydiki, kuzatilayotgan bu holat Тоjikiston Markaziy Osiyo respublikalari orasida eng xavfli o’choqqa aylanganidan dalolat beradi.

“Polkovnikning ehtimol yoshlarni ham jalb etib, Suriyaga keta olgani bu bir masala, xo’jandlik yosh jihodchi Farrux Sharipov boshqa masala. Yoki Spitamen nohiyasi (Tojikiston shimolidagi O’zbekiston va Qirg’izistonga hamsarhad nohiya) yoshlari… Yoshlar-ku yosh deymiz, ammo OMON komandiri, generallikka borayotgan harbiyning jihodga azm etishi bu - juda ham jiddiy narsa. Bu shuni anglatadiki, “Islomiy davlat” maslakdoshlari hatto hukumat idoralariga, idora bo’lganda ham, eng yuqori, hatto maxsus bo’linmalar orasiga kirib, hamfikr topa olmoqda. Xudo ko’rsatmasin-u, ertaga Tolibon yoki O’zbekiston Islomiy harakati jangarilari Panj daryosidan (Tojikiston va Afg’onistonni ajratib turuvchi daryo) o’tib qolsalar, butun nohiyalarning osongina ular qo’liga o’tib qolishidan ajablanmagan bo’lardim. Rossiya Tojikiston chegara hududlariga qo’shimcha harbiy kuchlar kiritishiga intilishini tushunsa bo’ladi”, - deydi Hayimshoyev.

Nima uchun bunday bo’lmoqda, oqibati nima bo’ladi degan savolga bir jamiyatshunos shunday javob beradi:

“Masala, ko’pchilik aytayotganidek, zar bilan sotib olishda emas. Jamiyat haddan tashqari buzilgan, qonun bir guruh odamlar uchungina ishlaydi. Xalq egasiz qolmoqda, minbarlarda safsata sotishadi-yu, amalda yurt qashshoq, xalq abgor”.

“Nazarimda, hatto maorif tizimi ham qasddan buzilgandek. Davlat mafkurasi o’zi umuman yo’q, minbarni-ku qo’yavering, uyni, maktabni gapi ko’chaga to’g’ri kelmaydi. Yoshlar keyin kimga, nimaga ishonsin”, - deydi ismini aytishni istamagan suhbatdosh.

G’arb mamlakatlarida tahsil olgan yosh ziyoli Bahriddining fikricha, bu masalada faqat Tojikistongagina urg’u bermaslik kerak. Yollangan jangarilar butun Markaziy Osiyo respublikalaridan bor. Aslida islom tarbiyasi yaxshi narsa, ammo o’lim uchun yollanish va targ’ibot G’arbdan bo’lmoqda, deydi u.

“Yoshlar faqat Tojikistondan ketmaydi-ku, hamma joydan ketyapti. Musulmonlarga bu umuman yomon. Islom, Olloh deb ketyapti, ko’p davlatlarda bu haqiqiy emas, qamoqda o’tirib chiqqanlar ham o’g’rilikni qilaveradi. Odamni joni shirin-ku, a’zolari shirin. Lekin o’tirib chiqqanlar ham qilaveraman deb Saudiyaga boradi, hayotni yaxshisini ko’radi, boshqalarga da’vat qiladi. Olloh uchun deydi-yu, bechoralar ketyapti, o’lib ketadi, bu yerda ota-ona, yosh bolalari qolyapti, mafkura buzilyapti. Bu - G’arbni manfaati, Yevropani. Yevropadan ko’proq Amerika. Amerika ikki aka-ukani janjalga qo’ygandek, ikki qo’shnini urushtirib qo’yib… sababi nima? Hamma urush bilan ovora, hech kim Amerikani qarzini so’ramaydi, hamma o’zini ishi bilan ovora. Amerika u yerda kulib o’tiribti”, - deydi Bahriddin.

Uning fikicha, bu ishlar alal oqibat region uchun bir narsa bilan tugaydi - qonli urush.

Masalani tahlil etgan tarixchi olim Maxmadali Jononovning aytishicha, Suriya jangarilari jamiyatning turli tabaqalaridan kelib chiqqan, ammo yetakchilarining aksariyati Rossiya harbiy bilim yurtlarida ta’lim olgan, jang sana’tini yaxshi o’zlashtirgan sobiq diktator harbiylaridan iborat.

“Mardikorlikka deb chiqqan yoshlarimiz ham Rossiya orqali ketmoqda. Rossiya tranzit mamlakatimi yoki yollanganlarni maxsus tayyorlaydigan o’choqmi? Hukumatimiz garchi ixtiyoran u yerdan qaytganlarni avf etish haqida qaror chiqargan bo’lsa ham, ketayotganlar kamaymayapti. Aksincha, ko’rib turibmiz-ki, hatto hukumat mulozimlari qo’shilmoqda, buni ham o’ylab ko’rish zarur”, - deydi u.

Ekspert Anatoliy Hayimshoev hamma narsada Rossiyaga loy chaplamaslik kerak, o’ylatadigan boshqa narsalar bor, deb ta’kidlaydi.

“O’zingiz o’ylab ko’ring, Isfara nohiyasi bor-a? Shu Isfara nohiyasining birgina qishlog’idan bira to’la o’ndan ortiq odam Rossiya orqali Suriyaga ketadi. Yoki Spitamen nohiyasi, bu ham Rossiyami? Yo’q, agar chuqur o’ylasangiz, nega aynan bir qishloqdanu, Rossiyaning turli shaharlaridan? Nega aynan Spitamen nohiyasi? Kimki ularni Rossiyada yollashgan-u, tayyorlashgan desa katta xato qiladi. Ularni avvaldan yashab turgan joylarida tayyorlashgan-u, Rossiyada pishitib, so’ng yo’lga solishgan, javobni shundan izlash kerak. Bu birinchi masala”, - deydi Hayimshoyev.

“Ikkinchi masala shundaki, yo’lga chiqqanlar-ku, o’ntadir, yuztadir. Qolganlarchi? Bu yerda yurganlarchi? Xo’p, qaytganlarni avf etishadi, ammo ular jang ko’rgan, o’qitilgan, o’limdan qaytmas tayyor jangari komandir-ku! Bu yerda esa buyruqqa itoatkor soldatlari tayyor bo’lsa… ana gap qayerda”.

Uning fikricha, Suriyada yurganlardan emas, ichkarida qolganlardan qo’rqish kerak.

“Ketganlar-ku ma’lum, qolganlar esa qanchayu-kim, bilmaymiz, ana shunisi yomon. Vaziyat biz o’ylagandan ham og’ir”, - deb fikrini yakunlaydi tojikistonlik ekspert.

XS
SM
MD
LG