Breaking News

“Islomiy davlat” hududni boy berar ekan, jangarilar soni ham kamaymoqda


“Islomiy davlat” jangari guruhi g'animlariga qarshi bir necha jabhada kurashishga majbur. Natijada Suriya shimolidagi aholining bildirishicha, jangarilarga o’z xalifaliklarida kurash olib borish ruxsat etilgan.

Jihodchilar Suriyaning Halab shahridan Iroqning Mosuligacha bo'lgan katta hududni himoya qilishga harakat qilyapti. Suriya shimolida yashovchi odamlarga ko'ra, “Islomiy davlat” guruhi jangarilari soni ancha kamaygan, ko’plari Iroq jang maydonlariga jo’nab ketgan.

“Ko’chalarda jangarilar ko’p bo’lardi, ular nazorat qilish va tekshirish bilan mashg’ul edi. Endi esa oz qoldi”, - deydi Turkiya va Halab yaqinidagi Al-Bab shahri orasida tez-tez qatnaydigan Abdulla ismli talaba.

Xalifalikning poytaxti hisoblanmish Raqqa shahrida ham jangarilar kamaygani aytilmoqda. Mahalliy aholi esa urushga majburan safarbar etilmoqda. “Ular Iroqqa yuborish uchun yangi askarlarga muhtoj”, - deydi raqqalik faol Abu Muhammad. “Odamlarni ishontirish va armiyaga qo’shish uchun barcha choralarni ko’rmoqda – pul taklif qiladi, do’q-po’pisa ham”, - deydi u gurih rahbariyati haqida.

“Islomiy davlat” muammolari shu yil boshida Kobani shahri boy berilganida ayon bo’ldi.

“Ko’plab jangarilar halok bo’ldi. Bu esa ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir qildi”, - deydi suhbatdosh.

“Islomiy davlat” hatto bolalarni kurashga jalb etishga harakat qilmoqda. So’nggi bir oy ichida Raqqada 117 ta bola jangarilar safiga qo’shildi", - deydi Abu Muhammad.

Bu Kobani uchun hanglarda ko’plab jihodchilarning halok bo’lgani natijasi, deb hisoblaydi Suriya isyonchilari rahbariyati.

Mart oyida AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo’mondonligi rahbari general Loyd Ostin Kongressda ko’rsatma berar ekan, sentabrda boshlangan havo hujumlari oqibatida 8500 jangari o’lganini aytgan edi.

O’tgan hafta internetda “Islomiy davlat” rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiydan ekani aytilayotgan bayonot paydo bo’ldi. Unda Suriyadagi barcha amir va jangarilar Iroq urushiga o’z istagi bilan borishga da’vat etiladi. Al-Bag’dodiy xususan shahid bo'lishni istaganlarga murojaat qilgan.

AQShning Vest Point harbiy akademiyasidan terrorizm bo’yicha mutaxassislar Deniel Milton va Muhammad al-Ubaydiy shunday fikr bildiradi:

“Bu bayonotdan birinchi xulosa quyidagicha: ko’ngillilarga 48 soat ichida urushda qatnashish xohishini bildirib, murojaat qilish buyurilgan. Demak, masala tez hal qilinishi shart. Jangarilarni to’plab, jang maydonlariga yuborish uchun talab qilinadigan vaqtni hisobga olsak, “Islomiy davlat” uchun kelasi haftalarda Anbar va Salohiddin viloyatlari katta ahamiyat kasb etishi ayon bo’lmoqda”.

Tahlilchilar, shuningdek, Iroq va Suriyadagi urushlarning muhimligi va tez o’zgarib turayotgani xalifa Bag’dodiyni qaysi mojaro muhimroq ekanini aniqlashga va mahalliy yetakchilar noroziligiga uchramaslikka undamoqda, deya fikr bildiradi.

Internetda “Islomiy davlat”ga tegishli ekani aytilayotgan boshqa videolar ham paydo bo’lgan. Ularda jangarilar guruh saflarida jang qilishga qasamyod keltirayotgani tasvirlanadi. O’tgan oy Raqqada olingan videoda jangarilarning al-Bag’dodiyga qasamyod keltirayotgani va “bugundan qaytish yo’q” degani tasvirlanadi. Ular Iroqqa jo’nab ketayotgani ham aytiladi.

Suriyadagi isyonchilar rahbariyatiga ko’ra, G’arb matbuoti “Islomiy davlat” saflariga qo’shilishni istagan g’arblik yoshlar ko’p, deya xabar berayotganiga qaramay, bunday ko’ngillilar aslida kamaygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG