Afg’onistonning Tojikiston va Turkmanistonga chegaradosh shimoliy viloyatlarida jangarilar faollashgani haqida xabarlar kelmoqda.
Tahlilchilarga ko'ra, radikal kuchlar jipslashib, mintaqa xavfsizligiga tahdid solayapti. Afg’onistonda Tolibon safidagi jangarilarning ba'zilari “Islomiy davlat” guruhi bilan birga kurashayotgani borasida xabarlar tarqalgan edi.
Tojikiston chegara hududlariga yaqin rayonlarda Afg’oniston armiyasi Tolibon va “Islomiy davlat” jangarilari bilan olishgan edi. Vaziyatdan xavotirga tushgan Tojikiston chegara hududlarda xavfsizlikni kuchaytirgan.
Toliblarning “Islomiy davlat” kuchlariga birlashgan holda jang olib borganligi hukumat idoralarini jiddiy tashvishga solgan. Prezident Emomali Rahmon zarurat tug’ilsa zaxira kuchlarni ishga solish, o’rni kelsa Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan ko’mak so’rash va hatto Rossiya harbiy bazasi yordamidan foydalanish mumkinligi haqida og’iz ochgan.
Afg’oniston bilan chegaradosh tojik nohiyalarida mahalliy aholi harbiylar soni ortayotganini bildirib kelmoqda. Ba’zi tahlilchilar fikricha, ahvol juda ham bo’rttirib ko’rsatilmoqda.
Afg’onistonda bir necha yil xizmat qilgan sharqshunos ekspert Tilav Rasulzoda deydiki, mintaqaga tahdid ba’zilar aytayotgandek u qadar baland emas, xususan Tojikiston va O’zbekistonga.
"Negaki, Tojikiston ham, O’zbekiston ham Afg’onistonning biror bir ichki ishlariga daxolat qilishmagan. To’g’ri, chegara hududlarida mintaqadan yig’ilgan jangarilar to’planishiga ishonish mumkin, bunday holat kuzatiladi, ammo yolg’iz ularning o’zi mintaqada o’zgarish yasay olmaydi. Alohida kichik qurolli xurujlar bo’lishi mumkin, ammo yalpi jangovar harakatlar bo’lishiga ishonish qiyin. Birinchidan, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Xitoydan yig’ilgan to’dalar orasida birlik yo’q. Ikkinchidan, yirik qurolli kuchlarga ta’sir o’tkazuvchilarning o’zi Markaziy Osiyoda urush boshlanishidan manfaatdor emas", - deydi Rasulzoda.
Ayrim mahalliy tahlilchilar mintaqada Afg’oniston tomonidan kelayotgan tahdid ruslar tarafidan qasddan bo’rttirib ko’rsatilmoqda degan fikrda. Masalan, Dilshod Ermatov Rossiyaning “Argumenti i Fakti” gazetasi tojik-afg’on chegarasidan o’tgan 500 qurolli bosqinchi haqidagi yolg’on xabarni tarqatganini misol keltiradi.
Taniqli rus tahlilchilari esa masala jiddiy ekanligini ta’kidlab kelishadi. “Nasionalnaya oborona” jurnali bosh muharriri Igor Korotchenko fikricha, chegaraga yaqin sobiq sho’ro mamlakatlariga islom ekstremizmi tarqalishi mumkin.
"Bu esa portlashga sabab bo’ladi. Qarabsizki, Qozog’iston buning domiga tortiladi, keyin esa navbat Rossiyaga keladi", - deydi u.
Tojikistonda ham G’arb, ham Rossiya tahlil guruhlari, harbiy ekspertlarining fikri, chegara hududlarida o’tgan janglar ta’sirsiz qolmadi. Mamlakatning Afg’oniston bilan chegara hududlari qattiq qo’riqlanishi uchun qo’chimcha kuchlar yuborildi, himoya choralari ko’rildi.
Ayrim mahalliy kuzatuvchilar vaziyat haqiqatan jiddiy bo’lsa-da, xavotirlanish uchun asos yo’q, zero Tolibon ham, “Islomiy davlat” jangarilari ham, avvalo o’z ichki muammolari bilan bandlar deb mulohaza yuritishadi.
Tojikiston Milliy xavfsizlik qo’mitasi chegara qo’shinlari generali Rajabali Rahmonali mamlakat xavfsizligi ishonchli qo’llarda ekanini ta’kidlab, harbiy bo’linmalar har qanday holatga shay ekanini aytadi.
Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi (TIUP) Spitamen nohiya bo’limi raisi Safarmahmad Abdulloyevga ko'ra, Afg’onistonda toliblar yetakchi kuch ekan, hukumat harchi tezroq ular bilan o’zaro kelishib olishlari zarur.
"Afg’on hukumati toliblar bilan tezroq muzokaraga kirishsinlar, tinchlikka erishsinlar, janglarga xotima bersinlar. Bu mamlakatda qariyb 40 yildirki urush to’xtamaydi, o’zlari ham, qo’shnilar ham notinch. Orada manfaatdor kuchlar borligini tushunamiz, lekin agar o’zaro kelishuv bo’lsa, ahillik, tushunchlar mushtarakligi bo’lsa, hech qanday kuch o’rtaga daxolat qilolmaydi", - deydi TIUP faoli.
Yana bir tahlilchi fikricha, Rossiya va Turkiya orqali Suriyadagi janggohlarga yo’l olayotgan tojikistonliklarning ko’payib borayotgani vaziyatning naqadar murakkabligini anglatadi.
“Chegaralar osha “Islomiy davlat” guruhlariga qo’shilishga intilayotganlarning kamaymayotganligi ichkarida ularning hamfikrlari qanchalar ziyodligidan dalolat beradi. Bu juda ham jiddiy tahdid”, - deydi u.
Ayni kunlarda Tojikiston janubiy nohiyalariga Rossiya harbiylari tarafidan o’quv mashg’ulotlari uchun qo’shimcha kuchlar kiritilgan-ki, mashg'ulotlar tugagandan so’ng ularning mintaqada qo’lishi taxmin qilinadi.