Breaking News

“Islomiy davlat” O’zbekistonda tashviqot olib borayotgani rostmi?


O'zini “Islomiy davlat” deb ataydigan radikal kuchlar hozir nafaqat Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham targ'ibot ishlarini olib bormoqda.

“Islomiy davlat” O’zbekistonda tashviqot olib borayotgani rostmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:09 0:00

Bu guruhga tegishli ekani aytilayotgan bayroq va varaqalar O'zbekistonda ham topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu ehtimol diniy tazyiqlarning yangi to’lqini boshlanishidan dalolat.

Rossiyaning “Regnum.ru” agentligi Yangiyo’ldagi maktabdan “Islomiy davlat”ning qora bayrog’i topilgani haqida 18-may kuni xabar berdi. Hodisadan so’ng bir muddat yopib qo’yilgan maktab qayta ishga tushgan.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov ham Yangiyo’ldagi hodisa haqida eshitgan.

“Yangiyo’ldagi voqeani men ham eshitdim, varaqalar topishganmish, boshqa-boshqa shunga o’xshash xabarlar. Lekin mening nazarimda bu narsalar sun’iy tarzda uyushtirilmoqda, bu bir o’yin. Bilishimcha, tarqatilgan varaqalar arab tilida ekan, lekin kim bizda arabchani tushunadi, kim uchun mo’ljallanayapti bu? Bu voqealar yuzasidan birortasi hibsga olindi degan ma’lumotlar yo’q. Agar shunday voqealar davom etayotgan ekan, hukumat nega jim? Kimdir shunaqa qilayotgan ekan, ularni kimdir moliyalashtirishi kerak, men ishonmayman respublikada buning mumkinligiga”, - deydi Ikromov.

Bir hafta muqaddam “Fergananews.com” nashri Buxorodagi manbalariga tayanib shahardagi simyog’ochga “Islomiy davlat” bayrog’i ilib ketilgani, diniy motivlar bo’yicha hibslar ketayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligining Parkentda o’tgan maxsus amaliyotiga ham tumandagi qishloqlardan birida varaqalar topilgani sabab qilib ko’rsatilgan edi.

“Islomiy davlat” ramzlarining O’zbekistonda paydo bo’lishi o’tgan yili avgust oyida Yunusobod tumanidagi ko’prikdan topilgan qora bayroqdan boshlandi. Voqea tafsilotlari hamon noma’lum, ammo bayroq poytaxtdagi ko’prikka aynan “Islomiy davlat” tarafdorlari tomonidan ilinganiga ishonch kam.

“Qora bayroq topilishini o’shanda O’zbekiston xavfsizlik xizmatidagilar ham ko’proq Rossiyaning po’pisasi bilan izohlashdi. Chunki birdan paydo bo’ldi, kimdir osib ketdi. Mantiqan baribir Suriyadagi voqealar bilan bog’liq emas, buni aloqasini topisha olmadi. Chunki “Islomiy davlat” hozir Suriyada, uning asosiy faoliyati ham o’sha yoqda. Markaziy Osiyo, Afg’oniston ham ular uchun ikkinchi-uchinchi o’rindagi vazifa”, - deydi toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazir.

Surat Ikromovga ko’ra “Islomiy davlat” ramzlarining mavhum bir shaklda topilayotgani, tarqalayotgani mamlakatda diniy ta’qiblarning yangi to’lqiniga tayyorgarlikdan darak bo’lishi mumkin.

“Xabaringiz bor, oldingi paytda “Hizbut Tahrir” varaqalarini tashlab qamashardi, shundan boshlanib ketgan edi. Hozir bu narsa ancha susayib qolgani uchun bular yangi bir narsani o’ylab topishdi. “Islomiy davlat” varaqalarini tarqalishidan kimlarnidir ayblashda foydalanishadi. Buni tajriba ko’rsatgan, 1999-yildagi portlashlardan boshlanib, 2004-yildagi portlashlar bo’yicha o’tgan sudlarni olsangiz ham birorta aniq dalil-isbotlar keltirilmagan. Bunga aloqasi bo’lmagan qancha odamlar qamalib ketdi. Bizda qanaqadir narsalarni tarqatib, osib yuradigan bekorchi odamlar bor deb o’ylamayman. Hamma buning natijasi nima bilan tugashini juda yaxshi biladi”, - deydi Surat Ikromov.

“Islomiy davlat”, bu guruhni qo’llab-quvvatlayotgan O’zbekiston Islomiy harakatining Afg’onistonda paydo bo’lishi mintaqada xavfsizlikka doir xavotirlarni keskin kuchaytirdi.

Turkmaniston, Tojikiston, O’zbekistonda ham chegara qo’shinlari jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilgan. “Islomiy davlat”, jumladan Ozbekiston Islomiy harakati tarkibida yuzlab mintaqa fuqarolari jang qilayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG