Breaking News

Afg'onistondagi IShID kuchlari Markaziy Osiyoga xavf soladimi?


Iroq va Suriyada tor-mor etilgan "Islomiy davlat" terroristik guruhining kelib chiqishi Markaziy Osiyodan bo'lgan ba'zi jangarilari Afg'onistondan panoh topgach, ular region davlatlari tinchligiga jiddiy xatar sifatida ko'rilmoqda.

"Islomiy davlat" safidagi tojik qo'mondon
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:55 0:00

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ekspertlar guruhi tomonidan yaqinda e'lon qilingan "Islomiy davlat" terroristik guruhining qudratiga oid bayonotida aytilishicha, mazkur terroristik guruhning Afg'onistondagi kuchlariga kelib chiqishi tojikistonlik bo'lgan terrorchi Sayvali Shafiyev boshchilik qilmoqda.

Bayonotda keltirilishicha, Afg'onistonning Nangarxor mintaqasida yig'ilgan "Xuroson islomiy davlati" deb atalayotgan bu terroristlar guruhi tarkibida 200 nafar atrofida jangarilar mavjud.

Kuzatuvchilar fikricha, 200 nafar jangari Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta xavf emas. Ammo xavf boshqa yerda - ular qo'poruvchilik harakatlari uyushtirishga urinishlarida. 2018-yilning avgust oyida Tojikiston Oliy sudi tomonidan 14 nafar mahalliy yoshlar terror guruhlarga a'zolik va qo'poruvchilik amaliyoti uyushtirishga urinishda ayblandi. Ular kamida ikki joyda qo'poruvchilik amaliyoti uyushtirishni rejalashtirgani aniqlandi. Ammo rejalari amalga oshmadi.

Fevral oyida guruhning barcha a'zosi Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan qo'lga olinib, ularga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining beshta moddasi bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan edi. Oliy sud guruh yetakchilari Fudriddin Gulov va Mahmudjon A'zamovni 26 yildan,guruh a'zolarini 7 yildan qamoq jazosiga hukm qildi. Tergov paytida guruh yetakchilari Afg'onistonda Abubakr Muavia nomi bilan tanilgan Sayvali Shafiyev qo'lida tayyorgarlik ko'rgani aniqlangan edi.

Ikkinchi xatar, bu guruh o'z safiga yangi-yangi a'zolarni jalb qilishida. BMT bayonotida ham jinoiy guruh boshlig'i Sayvali Shafiyevning o'zi ham "Xuroson islomiy davlati" terroristik guruhining safiga yangi a'zolarni jalb qilish va mablag' to'plash bilan shug'ullanishi, bu yo'lda internet orqali sof tojik tilida murojaatnomalar tarqatayotganligi aytiladi.

31 yoshli Sayvali Shafiyev Tojikistonning Hisor tumani Lolagi qishlog'ida tug'ilgan. Sayvalining otasi Rauf Shafiyevning "Ozodlik" radiosining tojik xizmati jurnalistiga aytishicha, o'g'li 2007-yil 19 yoshida diniy bilim olaman deb Pokistonga ketgan.

"Lekin aynan qayerda o'qiganligini bilolmadik. Ba'zan Pokistondan, ba'zan Erondan qo'ng'iroq qilar edi. Har safar gaplashganimizda, yaqin orada Tojikistonga qaytishga va'da berar edi. Ammo uni vatanga qaytarish uchun qilgan barcha harakatlarim bekor ketdi. Men bilgan hamma narsani davlat xavfsizlik xodimlariga aytganman. O'g'lim bilan oxirgi marta 2015-yilda suhbatlashganmiz. U hozir qayerda ekanligini bilmaymiz", - deydi u.
2015-yilda Sayvali Shafiyev xalqaro qidiruvga berilgan.Unga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining ikkita moddasi - "jinoiy uyushma" va "ekstremistik tashkilot tuzish" bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan.

Sayvali Shafiyev Pokistonga, xorijiy diniy madrasalar va universitetlarda o'qish avj olgan bir paytda borgan edi.

"Lolagi qishlog'idan ko'plab yoshlar diniy ta'lim olish uchun Pokiston va Eronga jo'nadilar. Musulmon mamlakatlarida tahsil olgan odamlar juda hurmatga sazovor edi. Ko'p yurtdoshlarimiz uylariga qaytishdi. Men ularning ba'zilari bilan tanishman - ular tijorat bilan shug'ullanishadi. Ammo Sayvali qaytib kelmadi, yoki u biron bir narsadan qo'rqqan yoki boshqa niyatlari bor edi", - deydi Sayvalining hamqishlog'i Habib Idiyev.

Bundan uch-to'rt yil oldin Tojikiston hukumati ekstremistik va terroristik guruhlarga qo'shilib qolgan fuqarolarni o'z ixtiyori bilan qaytib kelsa va pushaymon bo'lsa, boshqa jinoyatga qo'l urmagan shaxslarni oqlashi haqida e'lon qilgan edi. Yuzlab yoshlar Tojikistonga qaytib kelib, shu imkoniyatdan foydalanishdi va hozirda o'z vatanida tinch hayot kechirmoqda.

2010-yil avgust oyi oxirida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon farzandlari chet el madrasalarida tahsil olayotgan ota-onalarni bolalarini Tojikistonga qaytarishga chaqirdi. Prezident ular xorijda mulla emas, terrorchi va ekstremist bo'lib qolayotganligini ta'kidlagan edi.

Sug'd viloyati Din ishlari bo'yicha boshqarma boshlig'i Suhrob Rustamzodaning aytishicha, shu paytgacha Shimoliy Tojikistondan xorijiy mamlakatlarda norasmiy ta'lim olayotgan yoshlar soni 715 nafarga yetganligi aniqlangan va ularning aksariyati Tojikistonga qaytarilgan.

"Xorijiy davlatlarda davlatning tegishli organi ijozatisiz ta'lim olayotgan 715 nafar fuqarolar aniqlanib, ulardan 693 nafari vatanga qaytarildi. 14 nafari esa qaytmadi. Ular Istaravshan, Isfara, Konibodom, Panjakent, Xo'jand va Asht shahar va tumanlaridan. Qaytib kelganlardan 17 nafari yana xorijga qaytib ketgan. Ular mehnat muhojirligi, tabobat degan bahonalar bilan ketishgan", - deydi Rustamzoda.

Hisorning Lolagi qishlog'ida yashaydigan bir fuqaroning aytishicha, rasmiylar ota-onalarni o'z farzandlarini islom mamlakatlaridan qaytarishga chaqirgandan so'ng mahalliy tadbirkorlar pul yig'ib, Sayvalining otasiga berishgan va o'g'lini Pokistondan qaytarib kelishga ko'ndirishgan. Ammo ota Shimoliy Vaziristondagi o'g'lini qaytib kelishga ko'ndira olmagan.

Diniy va dunyoviy ilmlar bilimdoni Avliyoxon Eshonning aytishicha, terrorizmni islom bilan bog'lash odamlar dinni tushunmasliklaridan. Shuning uchun ham jamiyatda ziyolilar hushyor va xabardor bo'lishi kerak. Yoshlar esa diniy ilmni tanigan, bilgan joyidan o'rganishi lozim.

"Yaqinda bizning masjidga bir kishi keldiyu, amru-ma'ruf qildi. Yig'lab gapirdi, hammani ko'nglini yumshatib yubordi. Tashqariga chiqayotsam, bir yigit uni qarang, juda zo'r ekan, deb qoldi. Men, hali uni ichini bilmaymiz, biz uchun bu nomalum odam, dedim.

Mana O'zbekistonda ham aytishyaptiki, ilm o'rganmoqchi bo'lsang bilgan, tanigan odamingdan o'rgan! Ko'pincha terrorizm, ekstremizmni islomga olib borib taqashlarining sababi islomni tushunmasliklaridan. Mana qanchadan-qancha odamlarni afv qildi. Ko'plarini ko'rsangiz, men bilmagan, tushunmay ibodat qilyapman deb yurgan ekanman, deydi. Shuning uchun ziyolilar xabardor bo'lishimiz kerak. Atrofimizdagilarga, mahallamizdagilarga islom boshqa narsa, ekstremistik tashkilotlar boshqa narsa ekanligini tushuntirishimiz kerak. Islomni mohiyatini anglatish kerak, chunki islom bu tinchlik dini. To'g'rilik, halollik, poklik, shu bilan birga ilmiy din hisoblanadi. Ko'pchiligimiz ilmdan bexabar bo'lganimiz uchun haligi yuqorida aytganimday odamlar ketdik, desa ergashib ketadigan darajadamiz. Shuning uchun biz o'zimiz ogoh bo'lsak, odamlarga nafimiz tegadi. Hozir ey birodar bu yo'ling noto'g'ri, desangiz quloq solmaydi. O'tqazib turib, islomdan-u hayotdan misol keltirib tushuntirish kerak. Hatto payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) islom dini vasatiy, o'rtacha din, unda chuqur ketma, deganlar. Chuqur ketsang g'alayonga, tug'yonga borasan, deya o'rtachalikni targ'ib qilishimiz kerak", - deydi Avliyoxon Eshon.

Tojikiston rasmiylari bergan ma'lumotlarga ko'ra, 2014-yildan beri taxminan 1900 nafar tojikistonlik fuqaro, jumladan ayollar va bolalar Suriya va Iroqqa ketgan. Sayvali Shafiyev - "Islomiy davlat" terroristik guruhining nufuzli jangarisi hisoblangan ikkinchi tojikistonlik. Avvalroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligining maxsus tezkor guruhi sobiq qo'mondoni polkovnik Gulmurod Halimov 2015-yilning aprel oyida "Islomiy davlat" terroristik guruhiga qo'shilgan edi. BMT ekspertlariga ko'ra, u Suriyaning Idlib shahrida 600 nafar jangarilarni boshqarar edi.

Gulmurod Halimov
Gulmurod Halimov

Eslatib o'tamiz, 2015-yilning sentabr oyida Gulmurod Halimovga qarshi AQSh tomonidan sanksiyalar joriy qilingan "Islomiy davlat" ga aloqador 35 kishi va tashkilot qatorida terrorchilar ro'yxatiga kiritilgan. 2016-yilda AQSh ma'murlari "qochoq polkovnik" Halimovning qayerdaligi to'g'risida aniq ma'lumot bergan kishiga 3 million dollar mukofot e'lon qilgan edi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG