Breaking News

Qirgʻizistonliklar AQSh joriy qilgan viza cheklovlaridan xavotirda


Qirgʻizistonning AQShdagi elchisi Bolot Otunbayev 4-fevral kuni AQSh Milliy Xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maslahatchisi Liza Kurtis bilan qirgʻizistonliklarning Qoʻshma Shtatlarga kirishini cheklash bo'yicha chiqarilgan qaror yuzasidan muloqot o’tkazdi. Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, Liza Kurtis AQShning immigratsion vizalar berish cheklangan davlatlar ro’yxatidan Qirgʻizistonni chiqarish boʻyicha hamkorlikda ish olib borishga tayyor ekanini bildirgan. Qirgʻiziston elchisi va AQSh rasmiysi muammoni hal qilish yoʻllarini muhokama qilgan.

AQSh Qirg'iziston uchun nega vizalarni chekladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:00 0:00

Bundan bir kun avval Qirgʻiziston Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov ham AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan ayni masala yuzasidan gaplashgan.

Viza cheklovlari boʻyicha rasmiy maʼlumot eʼlon qilingach, AQShning Qirgʻizistondagi elchisi Donald Lu videomurojaat bilan chiqqan. U oʻz murojaatida viza berish boʻyicha cheklov kiritilishining sabablariga toʻxtalib, “Qirgʻiziston hukumati bilan bir qancha vaqtdan beri qirgʻiz pasportining himoya darajasini oshirish hamda terrorizm boʻyicha hukumatlararo qoʻshimcha maʼlumot almashish boʻyicha soʻzlashuvlarni olib bormoqdamiz. Viza cheklovlari boʻyicha qaror Qirgʻizistonni mazkur masalalarni tezroq hal qilishga undaydi, deb umid qilamiz. Vashington vaqti-vaqti bilan bu maqsadlarga yetishishdagi rivojlanishlarga nazar solib turadi. Bu cheklovlar tez orada olib tashlanadi deb umid qilaman”, — deb aytgan.

Tramp maʼmuriyatining tushuntirishicha, cheklovlar AQShning xavfsizlik talablariga javob bermagan yoki noqonuniy immigratsiyaning oldini olish borasida AQSh bilan hamkorlik qilmagan mamlakatlarga qarshi qo’llanmoqda.

“Wikipedia” sayti bilan faol hamkorlik qiluvchi qirg’izistonlik Nodir Atayev fikricha, saylovoldi kampaniyasida “noqonuniy” immigratsiyaga qarshi keskin chiqishlari bilan saylovchilar ovoziga ega boʻlgan AQShning joriy prezidenti yangi saylov arafasida yana shu usul bilan tarafdorlari sonini oshirmoqchi.

“Donald Tramp Meksika bilan chegarada devor qurmoqchi edi. Aslida u hozir har-xil qonunlarni kiritish bilan koʻzga koʻrinmas devor qurmoqda. Bu chiqargan uchta farmoni doirasida 13 davlatning AQShga borishi cheklandi. Bu davlatlarga turli cheklovlar qoʻyilgan. AQShda bu ruh oʻsib bormoqda, ayniqsa, respublikachilar orasida”, — deydi u.

Trampning qora roʻyxatiga kirgan besh yangi mamlakat kabi Qirgʻizistonga qoʻyilgan cheklovlar faqat immigratsion vizalarga tegishli. Yangi tartib ish yoki o’qish safarlari, sayohat vizasi uchun amal qilmaydi.

Ammo viza olish boʻyicha cheklovlar haqidagi farmondan Qirgʻizistonda eng koʻp xavotirga tushganlar “grin karta” yutgan fuqarolar boʻlmoqda. Ularning 100 nafarga yaqin vakillari mamlakatning tashqi ishlar vazirligi binosi oldiga yigʻilib, vazirlikni cheklovni bekor qilishga erishish uchun undadi.

“Biz 2019-yilning may oyida “grin karta”ni yutganimiz haqida xabar oldik. Statistika boʻyicha Qirgʻizistondan hay yili 1500 nafarga yaqin kishi bu lotereyadan yutar ekan. Ularning orasidan 400-500 nafar kishi ijtimoiy tarmoqda bir guruhga toʻplanib, shu vaqtgacha birga gaplashib tayyorgarlik koʻrib kelayotgan edik. Orasida oldinroq ketganlar ham bor. Ammo bizning vaqtimiz yaqinlashganda, afsuski, bu farmon chiqib qoldi. Biz tashabbuschi guruh bilan xat tayyorlab Tashqi ishlar vazirligiga topshirdik. Bizning talab yoki iltimosimiz farmon kuchiga kirgunga qadar cheklovlar bekor qilinishiga erishish,” – deydi faollardan biri Marlis Chonorov.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mazkur farmon 21-fevralda kuchga kiradi. Ammo bungacha berilgan immigratsiya vizalari bekor qilinmaydi.

Donald Trampning tanqidchilari, xususan, AQShning demokrat siyosatchilari mazkur cheklovlar, asosan, Afrika davlatlariga yoki xalqining aksariyati musulmon boʻlgan mamlakatlarga nisbatan qoʻllanilayotganini va bu farmonlar oshkora diskriminatsiya hamda rasizm ekanini aytib kelishmoqda.

“Bunday cheklovlar chindan ham diskriminatsiya shaklida boʻlmasligi kerak. Masalan, Qirgʻiziston shunday kamchiliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsa ham, bunday kamchiliklar boshqa davlatlarda ham boʻlishi mumkin. Lekin nimaga, aytaylik, katta mamlakatlarda ham kamchiliklar boʻlishiga qaramay, aynan shu davlatlarga cheklov kirgizildi? Bu qanday mezonlarga asoslangani boʻyicha ham savollar tugʻilishi mumkin. Ammo bu cheklov Qirgʻiziston hukumatining AQSh bilan diplomatik aloqalari darajasining oʻta nochorlashib ketganining indikatori boʻlib sanaladi. Bu Qirgʻizistonning demokratik oʻlka sifatida maqtanib yurgan imijiga ham salbiy taʼsirini koʻrsatadi. Suning uchun qirgʻiz hukumati oʻylanishi kerak. Amerika uchun emas, birinchi galda oʻzimiz uchun zarur boʻlgan biometrik pasportlarni kirgizish masalasini hal qilishi kerak”, — deydi migratsiya masalalari bo’yicha yurist Azizbek Ashurov.

Qoʻshma Shtatlarning Qirgʻizistondagi elchisi Donald Lu “Azattiq” radiosiga bergan intervyusida aytishicha, jamoatchilik Amerika bazasining berkitilishi, mamlakatdagi korrupsiya yoki soʻz erkinligining buzilishini sabab qatori ilgari surmoqda, ammo AQSh qirgʻizistonliklar uchun atigi bitta sabab bilan viza cheklovi joriy qilgan.

“Faqat bitta sabab bor – Qirgʻiziston fuqarolarga elektron biometrik pasport bermayapti”, - deb aytgan elchi.

Qirgʻiziston Respublikasi Davlat Registratsiya xizmati esa avvalroq, Qirgʻiziston fuqarolari 2021-yildan boshlab umumfuqaroviy biometrik pasport bilan taʼminlanishi yuzasidan bayonot bergan edi. Demak, agar AQSh hukumati fikrini oʻzgartirmasa, Qirgʻiziston faqatgina 2021-yilga kelib fuqarolarini qalbakilashtirishga qarshi himoyalangan biometrik pasportlar bilan taʼminlagandagina viza cheklovlari bekor qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG