Breaking News

Qirg'iziston AQShning immigratsiya bo'yicha qora ro'yxatiga tushdi


Qo'shma Shtatlar qo'shimcha olti mamlakatga nisbatan immigratsiya cheklovlarini joriy etdi. Endilikda Qirg'iziston, Myanma, Eritreya, Nigeriya, Sudan va Tanzaniya fuqarolari muayyan turdagi vizalarni qo'lga kirita olmaydi.

AQSh rasmiylarining tushuntirishicha, ro'yxatga qo'shilgan davlatlar AQSh belgilagan xavfsizlik va ma'lumot almashish bo'yicha talablarga javob bermaydi.

Biroq bu sayohatga mutlaq cheklov emas. Yuqoridagi olti davlat fuqarolari AQShga borish uchun sayyohlik yoki talabalik vizasiga topshirishlari mumkin. Ularga immigratsion vizalar berilmaydi. Prezident Donald Trampning bu haqdagi farmoni 22-fevraldan kuchga kirishi kutilmoqda.

Tramp 2017-yilgi qaroriga ko'ra, hozirda aksar aholisi musulmonlardan iborat yetti davlat fuqarolari uchun AQSh eshiklari yopiq. Bular: Eron, Liviya, Somali, Suriya, Yaman, Venesuela va Shimoliy Koreya. Yana olti davlat qo'shilishi bilan bular soni 13 ga yetdi.

Xususan, Sudan va Tanzaniya fuqarolari endi AQShda yashash va ishlash imkoniyatini beradigan grin karta lotereya o'yinida ham qatnasha olmaydi. Qirg'izistonga nisbatan bunday cheklov yo'q.

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri vazifasini bajaruvchi Chad Vulf so'zlariga ko'ra, ro'yxatga qo'shilgan mamlakatlar bilan xavfsizlik talablarini kuchaytirish borasida ish olib boriladi va ular ro'yxatdan chiqarilishi mumkin.

Kuzgi prezidentlik saylovi oldidan Tramp immigratsiyani cheklashga qaratilgan choralarni kuchaytirayotganini ko'rsatmoqchi. Yaqindan boshlab Amerikaga tug'ish uchun keladigan chet elliklarga viza berish ham taqiqlandi. Trampning ashaddiy tarafdorlariga bunday cheklovlar ma'qul. Tanqidchilar nazarida esa prezident musulmon davlatlarni nishonga olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG