Breaking News

Tramp tarafdorlari nazarida cheklovlar davr talabi


Los-Anjeles xalqaro aerportida Trampga qarshi namoyishalr
Los-Anjeles xalqaro aerportida Trampga qarshi namoyishalr

69 yoshli Rafael Diaz-Yoserev AQShga 13 yoshida Kubadan kelgan. Shundan beri Florida shtatining Mayami shahrida yashaydi.

"Tramp menga ko'p jihatdan ma'qul emas", - deydi u.

Lekin Rafael prezidentning yetti musulmon mamlakatdan bu davlatga hech kimni kiritmaslik qarorini yoqlaydi. Muhojir bo'lar turib, u qochqinlarga eshik yopish to'g'ri deb hisoblaydi.

Oq uy bu farmonni terrorizmga qarshi kurashning bir qismi, mamlakat xavfsizligini ta'minlash uchun zarur chora, deb izohlasa, qarshi tomon nigohida Amerika aslida bunday cheklovlar bilan o'ziga nisbatan nafratni oshirmoqda, ishonchni yemirmoqda. Cheklov - terroristlar uchun bahona, deydi Trampdan norozi namoyishchilar. Prezident uzoqni o'ylab ish qilmayapti, deydi ular.

"Immigratsiyaga qarshi emasman. O'zim axir immigrantman", - deydi Rafael. "Biroq ayrim xorijliklar bizga tahdid solishi mumkin bo'lsa, ularni kiritmaslik asosli".

U singari fikrlaydiganlar kam emas.

Amerika bo'ylab olib borilgan so'rovlarda respondentlarning yarmi cheklovlar tarafdori ekanini aytgan.

"CBS" telekanaliga ko'ra, AQSh fuqarolarining 45 foizi yetti musulmon mamlakatidan hech kimni kiritmaslikka rozi, 51 foizi esa qarshi.

Los-Anjeles xalqaro aeroportida Tramp tarafdorlari namoyishda
Los-Anjeles xalqaro aeroportida Tramp tarafdorlari namoyishda

"Ipsos" tadqiqot markazi ham boshqa axborot vositalari bilan olib borgan izlanishlarida 49 foiz amerikaliklar Tramp farmonini olqishlashini aniqlagan. 41 foizi esa norozi.

Nebraska shtatidan 52 yoshli Liza Mey xususiy tibbiy xizmat ko'rsatuvchi firma egasi. Uning nazarida davlat o'z sarhadiga kimni qo'yib, kimni qo'ymaslikni belgilashga haqli.

"Immigratsiya qonuniy bo'lishi kerak va bu yerga kelgan odam Amerikaga xos falsafa asosida yashashi kerak", - deydi bu ayol.

Ayrim so'rovlarda respondentlarning 53 foizi musulmon muhojirlar alohida ro'yxatda tursin degan g'oyani ham quvvatlagan. Federal hukumat ularni kuzatishi kerak, degan fikrlarni ham tilga olgan.

Mayami, Florida shtati
Mayami, Florida shtati

Oq uy yaqin kelajakda bu borada qay tomon qadam tashlashi mumkin? Hozirda prezident maslahatchisi Stiv Bennon bir yilcha oldin Amerika musulmonlarga mos jamiyat emas, deya fikr bildirib, tanqidga uchragan edi. Milliy xavfsizlik bo'yicha bosh maslahatchi Mayk Flinn esa "Twitter" sahifasida "Musulmonlardan xavfsirash aqlsizlik emas" deb yozgan.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser deydiki, Tramp har bir masalada o'z qarashlariga ega va atrofidagi odamlar uning fikrlarini aks ettirmaydi. Amaldagi cheklovlar islom va musulmonlarga qarshi emas, deydi Spayser.

Rafael Diaz-Yoserev:

"Bu diniy masala emas. Xavfsizlikni ta'minlash ayrim odamlarni kiritmaslikni taqozo etmoqda. Uzr, lekin bizga tinchlik kerak".

Tramp siyosatiga qarshi chiqayotgan advokatlar muhojirlarga bepul xizmat ko'rsatmoqda
Tramp siyosatiga qarshi chiqayotgan advokatlar muhojirlarga bepul xizmat ko'rsatmoqda

Federal sudya yaqinda Tramp farmoni qonunga zid degan hukm chiqardi. Ichki xavfsizlik vazirligi ham bu mavzuni ko'rib chiqmoqda. Bir necha universitetlar, huquq tashkilotlari va yuridik uyushmalar prezident qarorini qoralab, adolat talab qilmoqda.

Maks Abrams, xalqaro xavfsizlik va siyosat bo'yicha yetakchi mutaxassis:

"Bizning demokratiya oddiy emas, liberal demokratiya. Bu degani qonunlarimiz nafaqat xalq irodasini aks ettiradi balki ozchilikning manfaatlarini ham hisobga oladi".

Bu bilan Abrams musulmonlarning huquqlarini toptash qonunga zid, demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG