BMTning qochqinlar bilan ishlovchi agentligi suriyalik qochoqlar AQSh xavfsizligiga hech qanday tahdid emas, deb bayonot chiqardi. BMT va boshqa huquq faollari hamda tashkilotlar Vashingtondan immigratsiya bo'yicha qabul qilingan qarorni qayta ko'rib chiqishga undamoqda.
BMTning qochqinlar agentligi bayonotiga ko'ra, suriyaliklar AQSh xavfsizligiga tahdid soladi va shu bois ularni mamlakatga kiritmaslik kerak, degan da'voda hech qanday asos yo'q.
27-yanvar kuni Prezident Donald Tramp, asosan, musulmonlar yashovchi yetti davlatdan hech kimni 90 kun davomida AQShga kiritmaslik haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, barcha davlatlardan 120 kungacha qochoqlar qabul qilinmasligi belgilab qo'yildi. Shu muddat ichida qochoqlarni qabul qilishga oid yangi tartib ishlab chiqilishi kutilmoqda. 120 kunlik cheklov suriyalik qochoqlarga amal qilmaydi, ya'ni ularni kiritmaslik muddati qachon tugashi ko'rsatilmagan.
BMT rasmiysi Vanina Maestrachi suriyalik qochqinlar terrorchi degan qarashni rad etadi. Unga ko'ra, qochqinlar terrorchilarning qurboni va boshqa davlatlarga ko'chirish uchun tavsiya etilganlar dunyoda yordamga eng muhtoj odamlardir. Ular orasida ayollar, bolalar, nogironlar va kasallar ko'p.
Maestrachining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bunday qochqinlar AQShga qabul qilinishdan oldin qattiq tekshiruvdan o'tadi.
"AQShga keladigan qochoqlar bu o'lkaga kirayotganlar orasida eng ko'p tekshiriladigan shaxslardir, desak adolatdan bo'ladi", - deydi BMT vakili.
Prezident Trampga ko'ra, AQSh so'nggi paytlarda kimligini bilmasdan va tekshirmasdan turib o'n minglab odamlarning kelishiga ruxsat bergan. Shu bois muhojirlarni qattiq tekshirish lozim, deydi u.
Maestrachiga ko'ra esa, BMT AQShga va yana boshqa 30 dan ortiq davlatga jo'natish tavsiya qilingan qochqinlarni batafsil tekshiradi. Qaysi qochqinlarni qabul qilishni AQShning o'zi hal qiladi va bu jarayon 2 yilgacha davom etadi.
"AQSh tizimining o'zida turli bosqichlar bor. Sakkiztacha federal hukumat agentligi jalb qilingan. Xavfsizlik bo'yicha olti manba ma'lumot to'playdi, yana beshta bir-biridan mustaqil tekshiruv o'tkaziladi. Hammasini AQSh qiladi", - deydi BMT rasmiysi.
Qochoqlarni joylashtirish idorasi ma'lumotiga ko'ra, 2012-yildan beri AQSh 14333 suriyalikni qabul qilgan. Boshqa mamlakatlarga qaraganda bu juda kam. Masalan, Turkiyaning bir o'zi uch millionga yaqin suriyalik qochqinga boshpana bergan.