8-fevral kuni Qozog’iston janubida yuz bergan etnik to’qnashuv qurbonlari 10 kishiga yetgan. To’qnashuv qozoqlar va dunganlar o’rtasidagi ijtimoiy janjaldan boshlangani aytiladi.
Ziddiyat keskinlashib qurbonlar soni ortar ekan, minglab dunganlar Qirg’izistonga qochib o’tgan. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Qozog’iston hukumatining xavfsizlikni kafolatlashi ortidan ular yana mamlakatga qayta boshlashgan.
Dunganlar 150 yillar muqaddam Xitoydan mintaqaga ko’chib kelgan musulmonlar hisoblanadi.
Qozog’iston hukumati jinoyatchilar, ziddiyatni uyushtirganlar jazoga tortilishini aytmoqda. Hozirgacha 30 ga yaqin jinoiy ish ochilgan, jumladan, “qotillik” bo’yicha ham.
Hukumatning dastlabki xulosasiga ko’ra, to’qnashuvga ijtimoiy janjal sabab bo’lgan; provokatsiyalar, ijtimoiy tarmoqdagi chaqiriqlar voqeani etnik ziddiyatga aylantirgan.
Vaziyatda hukumatni ayblayotganlar ham ko’pchilik. Ayrim farazlarda, xususan, muxoliflarning bayonotida ziddiyat ortida mamlakatda hokimiyat talashayotgan kuchlar turganiga doir iddaolar ham mavjud.
Muxolafatdagi “Jusan” partiyasi yetakchisi Aydos Sodiq bu haqda shunday deydi:
“Avvaliga ziddiyatga nisbatan hukumatning rasmiy munosabatini qarab chiqaylik. Hukumat yaqingacha to’qnashuvga dunganlar va politsiya o’rtasidagi janjal sabab bo’ldi deb keldi. Endi tasavvur qiling, nahotki aholi politsiya himoyasi uchun bir guruh odamlarni o’ldirishga, uy- joyini yoqishga, ularni Qirg’izistonga haydab chiqarishgacha borishi mumkin. Yo’q, sobiq ittifoq davlatlarida politsiya himoyasi uchun aholining oyoqqa turishi kuzatilmaydigan voqelik. Qozog’iston ham bundan mustasno emas. Biz o’z kanallarimiz orqali hukumatning da’vosi asossizligini, to’qnashuv ortida hokimiyat talashayotgan maxsus xizmatlar, kuch ishlatar idoralar turganini ayta boshlaganimizdan so’ng, hukumat kaltaklangan qozoq choli haqidagi hodisani asosiy sabab sifatida keltirishga o’tdi. Ammo cholning kaltaklanishi 5-fevral kuni yuz bergan. Mayli, shunday bo’lgan taqdirda, unda to’qnashuvlargacha bo’lgan ikki kun davomida politsiya, maxsus xizmatlar nima bilan mashg’ul bo’ldi, nega ziddiyatning oldi olinmadi? Shuning uchun biz bu to’qnashuv ortida hokimiyat talashayotgan kuchlar turganini, ular vaziyatni keskinlashtirishdan manfaatdor ekanligini aytib kelmoqdamiz”.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qozog’istonning Jambil viloyatiga qarashli Masanchi qishlog’ida yuz bergan to’qnashuvda 10 kishi halok bo’lgan, 40 ga yaqin odam turli jarohatlar bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Bu qishloqda zich yashab kelgan dunganlarga tegishli uylar, mol-mulk yoqib yuborilgani ta’kidlanadi.
Facebook Forum