Breaking News

Sayramda qozoqlar o'zbeklarni do'pposlagan


Sayramda qozoqlar o'zbeklarni do'pposladi-Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:46 0:00
Yuklab oling

Qozog’iston janubi, Sayram tumanida qurollangan bir guruh qozoqlar mahalliy o’zbeklarni kaltaklagan. Politsiyaning bildirishicha, to’qnashuv etnik ziddiyat emas, voqea yuzasidan surishtiruv boshlangan, bir necha kishi hibsga olingan.

27-avgust kuni asosan o’zbeklar yashaydigan Qoramurt qishlog’iga qozoq yigitlar bostirib kirgan. Bu janjal provokatsiya bo’lishi mumkin degan xavotir kuchli.

12 ming aholiga ega Qoramurt qishlog’iga o’qotar qurol, pichoq va armaturalar ko'tarib, o’nlab qozoq yigitlari bostirib borgan.

Qozog’iston janubidagi “Turkiston tongi” gazetasi bosh muharriri Rahimtoy Begaliyev:

“Kecha Sayram rayonining Qoramurt qishlog'iga 30-40 nafar qozoq yigitlari kirib qishloqdagi zapravkadan boshlab, ko’ringan odamlarni do’pposlab, mashinlarning pachag’ini chiqarib hammayoqni dabdala qilgan. Bu kecha kechqurungi gap. Keyin oblastdan militsiya kelgan, bir necha qozoqlarni qamab qo’ygan, tekshir-tekshir ketayapti. Men o’zbek madaniyat markazi rahbari Xoshimjon Ikromovga ertalab telefon qildim, vakillarini yuboring, kelib o’rganishsin deb. U boya menga xabar berdi, vakillarimiz qatnashayapti deb. O’zim kasalman, chiqolmadim”.

"Turkiston tongi" o’zbek va qozoq tillarida chiqadi.

Qozog’istondan yana bir o’zbek jurnalisti Abdumalik Sarmonov so'zlariga ko’ra, o’zbeklardan to’rt kishi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan, qurbonlar haqida ma’lumot yo’q, politsiya to’qnashuv yuzasidan jiddiy tekshiruv boshlagan.

“Hozircha tergov ketayapti, katta bir guruh bu ish bilan shug'ullanayapti. Menincha, bu provokatsiya, kim tashkil qilgan bir narsa deyolmayman. To’rt kishi yaralangan, jarohatlari qanchalik bilmayman, men voqealar boshida bo’lmadim”, - deydi Sarmonov.

Rahimtoy Begaliyev so'zlariga ko’ra, Qoramurt qishlog’iga bostirib kirgan qozoqlar haqida ma’lumot kam, ayrim xabarlarga ko’ra, ular Sayram tumanining olis bir qishlog’idan olib kelingan.

"Podgorniy degan tog’li joydan kelishgan, to’pponchalari ham bo’lgan. Jarohatlanganlar asosan armaturalarda kaltaklangan, mashinalari sindirilgan, ular bilan gaplashdim, hozir tergovga tushuntirish xati yozib berishayapti”, - deydi u.

Ta'kidlanishicha, o’zbeklar zich yashaydigan Sayramda etnik ziddiyat mavjud, sal avval “Pervomaysk” qishlog’ida ham o’zbeklar va qozoqlar ortasida janjal kuzatilgan.

Qoramurtdagi hodisa yuzasidan dastlab xabar tarqatgan O’zbekiston Xalq Harakati saytida yozilishicha, ikki kun avval “Pervomaysk” qishlog’ida sodir bo’lgan janjalda qurbonlar bo’lgan.

“Bunday janjal “birinchi may” uchastkasida ham bo’lgan, qozoq mahalla, o’zbek mahalla bir-birlariga panshaxalar, lopatkalar bilan tashlanib katta janjal bo’lgan. Janjalning asl sababi yoshlarning to’ydagi kelishmovchilidan kelib chiqqanini ham surishtirdim. O’sha janjaldan keyin tog’li rayondan qozoqlarni boshlab kelishgan degan gap bor. Bo'lgan gap shu, lekin bu milliy masalami yoki mahalliy o’zbeklarni mensimaslikdan kelib chiqqanmi, hozir tekshirilayapti”, - deydi Begaliyev.

Abdumalik Sarmonovning aytishicha, viloyatda etnik to’qnashuv kuchayishiga asoslar yo’q, ammo Ukrainadagi hodisalar ortidan xavotir kuchaygan.

“Viloyatda etnik janjal chiqishiga sabab bo’luvchi biror fundamental asoslar yo'q, biz ming yillardan buyon birga yashab kelayapmiz, lekin provokatsiya orqali janjal chiqarish mumkin. Mana Ukraina voqealari nimalarga aylanib ketdi, biz ham shundan qo’rqib turibmiz. Chunki 60 kishini to’satdan bostirib kirib, yana birdaniga chiqib ketib qolishi mumkin emas, bu to’y bilan bog’liq emas, bu kimga kerak bilmayman”, - deydi Sarmonov.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qozog’iston aholisining uch foizdan oshig’ini o’zbeklar tashkil qiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG