Breaking News

Nazarboyev uchun qo'shiq kuylagan yulduz tanqid ostida


Kanye Uest dugonasi Kim Kardashyan bilan Los-Anjelesda. Arxivdan surat.
Kanye Uest dugonasi Kim Kardashyan bilan Los-Anjelesda. Arxivdan surat.
3-sentabr kuni “Human Rights Foundation” (HRF) xalqaro inson huquqlari jamg’armasi amerikalik qo'shiqchi Kanye Uestning Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning nabirasi to’yida qo’shiq aytgani uchun tanqid qilib chiqdi.

Xabarlarga ko’ra, xonanda shanba kunlik chiqishi uchun 3 million dollar ishlagan.

“Qozog’iston inson huquqlari borasida cho’lu-sahro", - deydi HRF prezidenti Tor Halvorssen, - rejim so’z va yig’ilish erkinliklairni cheklaydi. Kanye kabi o’z qarashlarini ifoda etish orqali pul topadiganlar Nazarbayev mamlakatida qamoqqa tashlanadi. Mazkur diktatorning qatiqqo’l harakatlari sirasiga dissidentlar oila a’zolarini o’g’irlash hamda o’z raqiblarini yo’q qilish yo’lida dunyo bo’ylab sud tizimidan o’z manfaatlarida foydalanishlar kiradi”.

Uest Markaziy Osiyo davlatlari rahbari sharafiga uyushtirilgan tadbirda xizmat qilayotgan birinchi yulduz emas. Yaqinda Jennifer Lopez Turkmaniston prezidenti tug’ilgan kunida bu mamlakat sahnasiga chiqqan edi. Uni ham nishonga olgan inson huquqlari tashkilotlari hamda erkin matbuot yulduz yillar davomida diktatorlar deya ishlagan 10 million dollar pulini sahovat yo’lida sarflashi kerak, degan edi. Lopez esa Turkmanistondagi vaziyatdan bexabar bo’lganini aytgan.

“Freedom House” tashkiloti Qozog’istonni siyosiy huquqlar va matbuot erkinligi borasida “erkin bo’lmagan” davlatlar ro’yxatiga kiritgan. Dunyo bo’ylab korrupsiya darajasini belgilab boradigan “Transparency International” tashkiloti reytingida esa Qozog’iston dunyoning 174 davlatidan 133-o’rinni egallagan.

Qozog’iston hukumati o’zining xalqaro sahnadagi imijini yaxshilash maqsadida nufuzli pi-ar firmalarini yollagani aytiladi. Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler Nazarboyevga bergan maslahatlari uchun 20 million dollar ishlagan.

Kanye Uestning Ostonaning eng katta mehmonxonalarining birida qilgan chiqishidan fotosurat va videolar ijtimoiy matboutda tarqaldi. 2011-yilda bu mamlakatga taklif etilgan xonanda Sting Janaozen ishchilari huquqlari toptalayotgani sababli taklifni rad etgan edi.

“Kanye Uestga to’langan millionlar Qozog’iston g’aznasidan o’girlangan pullar. Vaholanki yulduz o’z faoliyati davomida bir necha sahovatli ishlar, xususan xalqaro inson huquqlari borasidagi harakatlarni qo’llagan. Endi esa u beshafqat qotil va uning yaqinlari oldida qo’shiq aytdi”, - deydi HRF raisi Garri Kasparov.

Faollar deydiki, jamoatchilik Jennifer Lopez va Kanye Uestning ishlagan pullarini sahovat maqsadida ishlatishini talab qilishi kerak.

HRF dunyo bo’ylab inson huquqlarini himoya qiladigan nodavlat tashkilot bo’lib, uning Xalqaro Kengashida Garri Kasparovdan tashqari Vladimir Bukovski va Mo’tabar Tojiboyeva va boshqalar bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG