Breaking News

Nyu-Gempshirdagi partiya saylovlari nega muhim?


Nyu-Gempshirda partiya saylovlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:34 0:00

11-fevral kuni Nyu-Gempshir shtatida o’tadigan partiya saylovi Donald Trampga qarshi demokratlardan kim raqib bo’lishini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Bu kichik shtat AQSh prezidentini saylashda nega bunchalik katta rol o’ynaydi?

Nyu-Gempshir prezidentlik saylovi yilida partiyalarning ilk ichki saylovi o’tkaziladigan shtat sifatida mashhur.

Shtat qonuniga ko’ra, birlamchi saylovlar boshqa shtatlarda o’tadigan saylovlardan kamida yetti kun avval bo’lishi kerak.

Shu bois Nyu-Gempshir keyingi prezident taqdirini hal qiladigan shtat sifatida tanilgan.

1952-yil demokrat senator Estis Kifover shtatda yaqqol ustun kelgach, Prezident Garri Trumen qayta saylanishdan voz kechgan.

Xuddi shu yili respublikachilar nomzodi general Duayt Eyzenxauer saylov kampaniyasi olib bormasdan turib shtatdagi partiya saralashida g’olib chiqqan va ikki marta AQSh prezidenti bo’lgan.

1968-yil Vyetnam urushiga qarshi senator Yujin Makkarti Nyu-Gempshirda Prezident Lindon Jonsondan sakkiz foiz ko’proq ovoz olgan. Jonson nomzodini qaytarib olishi uchun bu kifoya qilgan.

“Ikkinchi prezidentlik muddati uchun partiya nomzodini so’ramayman va qabul qilmayman”, - degan u.

Jorjiyaning notanish gubernatori Jimmi Karter 1976-yil Nyu-Gempshirda g’alaba qozongach, partiya nomzodligini qo’lga kiritib, prezidentlikkacha erishgan.

Ronald Reygan esa 1980-yilgi saylov kampaniyasida beshta respublikachi raqibidan deyarli 50 foiz ko’proq ovoz to’plagan.

1992-yil Bill Klinton shtatda 2-o’rinni egallagan bo’sa-da, prezidentlikka saylanib, “o’zini o’nglab olgan nomzod” sifatida nom qozongan.

AQSh shimoli-sharqida joylashgan Nyu-Gempshir shtatlar orasida kattaligi bo’yicha 45, aholi soni bo’yicha esa 41-o’rinda turadi.

Uning o’ziga xos jihati demografik tarkibida: 1,3 million aholisining 93 foizi oqlar.

“Mamlakatda birinchi’ degan maqomlarini qattiq himoya qiluvchi nyu-gempshirliklar saylov yilida barcha nomzodlar bilan yaqindan tanishishga urinadi.

To’g’ri, demokratlarning ilk partiya saralashi fevralda Ayovada o’tdi. Ammo bu yerda saylov emas, kengash bo’ldi. Ya’ni, partiya a’zolari umumiy yig’ilishda kimga ovoz berishini oshkora e’lon qildi.

Nyu-Gempshirda esa nomzodlarga maxfiy ovoz beriladi va saylov kun bo’yi davom etadi. Demokratlar saylovida mustaqil saylovchilar va hatto respublikachilar ham qatnashishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG