Breaking News

AQShda prezidentlikka da'vogarlarni saralash jarayoni boshlandi, kim oldinda?


Sobiq vitse-prezident, demokrat Jo Bayden Ayova shtatida tarafdorlari bilan, 2-fevral, 2020
Sobiq vitse-prezident, demokrat Jo Bayden Ayova shtatida tarafdorlari bilan, 2-fevral, 2020

Amerikada prezident bo'laman degan odam avvalo dehqonlar va chorvadorlar shtati bo'lmish Ayova ko'ngliga yo'l topishi kerak. Da'vogarni shu shtat birinchi bo'lib elakdan o'tkazadi. Bu yerdagi natija kampaniyangiz taqdirini hal etadi. 3-fevral kuni Ayovada saylovchilar kengashlari demokrat nomzodlarni saraladi. Texnik sabablarga ko'ra, natija to'liq ma'lum emas. Biroq hozirgacha aniq ovozlarga ko'ra, Pit Butijej va Berni Sander oldinda.

Shtat asosan oq tanlilar. Madaniy va etnik jihatdan xilma-xil emas va bugungi Amerikani ko'p jihatdan aks ettirmaydi.

Shtatlar AQShda hokimiyatga nomzodlarni qachon qanday saralash vakolatiga ega. Ayova bu tadbirni saylov yilida fevral oyining birinchi dushanbasida o'tkazadi.

Ayni damda demokratlardan Oq uyga 11 da'vogar bor. Aksariyatining nufuzi juda past va shtatma-shtat tanlovlarda uzoqqa bormasligi mumkin.

Senator Berni Sanders tarafdorlari oldida, Ayova shtati
Senator Berni Sanders tarafdorlari oldida, Ayova shtati

Asosiy kurash Vermont shtatidan senator Berni Sanders, demokrat-sotsialist va sobiq vitse-prezident, demokrat Jo Bayden orasida. Bayden uchinchi bor prezidentlik uchun harakatda. Sanders ham oldingi saylovlarda Oq uyga intilgan.

Uchinchi o'rindagi da'vogar - Massachusetts shtatidan demokrat Elizabet Vorren. U bilan deyarli teppa-teng ketayotgan Pit Buttijej, Indiana shtatida Saus-Bend meri. Minnesota shtatidan demokrat senator Eymi Klobuchar ham bor, hozirda beshinchi o'rinda.

Senator Elizabet Vorren tarafdorlari oldida, Ayova shtati
Senator Elizabet Vorren tarafdorlari oldida, Ayova shtati

Xo'sh, Ayovada saralash qanday kechadi? Faol-saylovchilardan iborat kengashlar maktablar, jamoat markazlari, do'konlar va hatto xonadonlarda yig'ilib, nomzodlarning dasturlarini muhokama qilishadi. Har bir yig'inda saylovchilarning kamida 15 foizi tomonidan quvvatlangan da'vogar o'sha kengashdan o'tgan hisoblanadi.

Istagan nomzodingiz kengashda yetarlicha ovoz ololmasa, o'z ovozingizni boshqa bir nomzodga o'tkazishingiz mumkin. Aks holda, uni yo'qotasiz.

Bir qarashda sodda tizim, deydi siyosatdonlar, boshqa tarafdan esa murakkab. G'olibni aniqlash uchun kuchli tashkiliy tizim kerak. Bu tizim esa Ayovada 19-asrdan beri shakllanib, ishonch qozongan, deydi shtat faollari.

Demokrat nomzod Pit Buttijej Ayova shtatida tarafdorlari orasida
Demokrat nomzod Pit Buttijej Ayova shtatida tarafdorlari orasida

Ayovada yutganlar ko'p hollarda saylov kampaniyasida uzoqqa boradi. Lekin bu shtatda yutqazib ham mamlakat miqyosida g'alaba tomon ketgan da'vogarlar Amerika tarixida anchagina.

Masalan Bill Klinton 1992-yilda Ayovada atigi 3 foiz ovoz olgan lekin o'sha yilning noyabrida Oq uyga saylangan.

2016-yilda Ayovada respublikachilardan Texas senatori Ted Kruz yutgan biroq Oq uyga Donald Tramp saylangan.

Ayovaning sobiq guvernatori Tom Vilsak prezidentlikka da'vogarlarni saralash jarayoniga bosh-qosh. Uning aytishicha, shtat juda muhim vazifani bajaradi - birinchi siyosiy elak.

Ayovadan keyingi tanlov Nyu-Gempshir, Janubiy Karolina va Nevada shtatlarida.

Senator Eymi Klobuchar beshinchi o'rinda bo'lsa-da, hamon poygada
Senator Eymi Klobuchar beshinchi o'rinda bo'lsa-da, hamon poygada

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG