Donald Tramp prezidentlikka kirishganiga besh oydan oshdi. Xalq orasida uning ishini qoniqarli deb baholayotganlar 40 foiz atrofida. Yangi prezident uchun bu past raqam. Ammo Trampga ovoz berganlar undan rozi. Yaqinda Ayova shtatida prezident o’z tarafdorlari oldida so’zladi.
Saylov kampaniyasi davrida bo’lgani kabi siyosiy miting. Tramp ashaddiy muxlislari orasida.
“Vashingtondagi botqoqni tark etib, mehnatkashlar bilan, vatanparvar fuqarolar bilan yuzma-yuz ko’rishib turganimdan baxtiyorman”, - dedi u.
Prezident dastlabki besh oy ichida “ajoyib” ishlar qilingani bilan maqtandi. Oq uydagi mojarolar-u tekshiruvlarga qaramasdan uni quvvatlab kelayotgan fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi.
Ayovadagi bu yig’ilishdan bir kun oldin Kongress uchun poygada Jorjiya shtatidan respublikachi Karen Handel demokrat raqibi ustidan g’alaba qozondi.
Donald Trampdan chuqur norozilik natija bera boshlaydi deb umid qilgan Demokratik partiya uchun bu yana bir zarba.
Ammo prezidentlikka sobiq nomzod, demokrat senator Berni Sandersning aytishicha, Tramp olib borayotgan siyosat kelasi yilgi Kongress saylovlarida bosh masala bo’lishi aniq.
“Oq uyda mamlakat tarixidagi eng yomon, eng xavfli rahbar o’tiribdi”, - deydi Sanders.
Yanvardan beri Kongressdagi o’rinlar uchun besh maxsus saylov o’tgan bo’lsa, demokratlar to’rttasini boy berdi, deydi tahlilchi Andra Jillespi.
“Demokrat nomzodlar nega g’alaba qila olmayotgani, saylovchi bilan bog’lana olmayotgani yuzasidan partiya jiddiy o’ylab ko’rishi kerak. Kerak bo’lsa, strategiyani o’zgartirishi kerak”, - deydi u.
Tahlilchi Jon Fortye fikricha, prezidentga Rossiya tergovidan qutulib, o’z dasturiga e’tibor qaratish oson bo’lmaydi.
“Trampga yaqin bo’lgan odamlar Rossiya bilan aloqada bo’lgani haqida xabarlar oqimi tinmayapti. Bunday vaziyatda mavzuni o’zgartirish ham qiyin. Tramp ma’muriyati jamoatchilik oldida ayrim masalalarga oydinlik kiritishi kerak. Tergov jiddiylashib borayapti, hali-beri tugamaydi”, - deydi Fortye.
Hozir Tramp oldidagi bosh masala tibbiy sug’urta tizimini yangilashdir. Senatda ovozlar yetarli emas, lekin prezident buni va’da berib qo’ygan.
Facebook Forum